Tojik hukumati Tog‘li Badaxshonda oddiy aholi o‘lganini tan oldimi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Tog‘li Badaxshonda qurol topshirganlar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va‘da qilingan.

Tojikistonning Tog‘li Badaxon viloyatidan kelayotgan oxirgi xabarlarga ko‘ra, mahalliy jangari guruhlar qurollarini topshirishni boshlagan.

Shuningdek, Prezident Imomali Rahmon avgust oyi oxirida viloyat markazi Xorug‘ shahrining 80 yilligini nishonlash marosimlarimda qatnashish uchun u yerga borishi aytiladi.

O‘tgan hafta Badaxshonda xavfsizlik xizmati generali Abdullo Nazarovning o‘limida aybdorlarni topish uchun keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkazilgan va, rasmiy raqamlarga ko‘ra, o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.

Boshqa xabarlarga ko‘ra, Tojikiston Mudofaa Vaziri Sherali Hayrulloyev tinch aholi orasida berilgan qurbonlar uchun taassuf bildirgan.

Kuzatuvchilar fikrida, bu rasmiylar tomonidan oddiy aholi orasida talafotlar yuz berganini tan olishni anglatadi.

BBCning fors xizmati prodyuseri Saymuddin Oymamatovga ko‘ra, tinch aholi orasida qurbonlar 20 kishi ekani haqida rasmiy xabarlar bor edi va Tojikiston mudofaa vazirining so‘zlari bu xabarlarni tasdiqlagandek. Lekin, janob Hayrulloyevning o‘zi qurbonlarning aniq soni haqida biron narsa aytmadi.

Tojikiston Ichki Ishlar Vazirligining vebsahifasida chop etilgan bayonotda Tog‘li Badaxshonda o‘nlab qurollar hukumatga topshirilgani aytiladi.

Rasmiylarga ko‘ra, qo‘liga qurol olib "adashib" jinoiiy guruhlar tomonida kurashganlarga amnistiya e‘lon qilinadi.

Ggeneral Nazarovning o‘limiga mas‘ul bo‘lganlar qo‘lga olinishi va javobgarlikka tortilishi haqida hanuz gapirilmoqda.

Biroq, BBC muxbiriga ko‘ra, "ichki ishlar vazirligi bayonoti ohangi "qurollarini topshirganlar kechiriladi" degan ma‘nodadir".

Ayni damda Tog‘li Badaxshon viloyatining Ishkashim tumani chegara bo‘limi qo‘mondonining sobiq muovini Tolib Ayyombekov yashagan Horug‘dagi mavzega harbiy amaliyotlar chog‘ida katta zarar yetkazilgani xabar qilinadi.

Janob Ayyombekovning hozirda qayerda ekani noma‘lum. Ba‘zi xabarlarda u Afg‘oniston tomoniga qochib o‘tgani aytilgandi.

Afg‘oniston rasmiylari tojik chegarasiga yaqin Guliston tumanida Tojikistondagi voqealarga aloqadaor bo‘lgan mahalliy qo‘mondonlardan biri qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdilar. U Tojikistonga jangarilarning o‘tishiga go‘yoki yordam bergan.

Lekin, afg‘on rasmiylari, Ayyombekov Afg‘onistonda ekanini tasdiqlamadilar.

Saymuddin Oymamatovga ko‘ra, Prezident Rahmonning avgust oyi oxirida Xorug‘ga safar qilishi muhim yangilik.

"Bu mojaro boshlanishi bilan ba‘zi tahlilchilar Tojikiston yana fuqaro urushi girdobiga tushishi mumkin degan ogohlantirish bilan chiqa boshlagandilar. Lekin, boshqalar hozirda mamlakat 90-yillardagidek ahvolda emasligi, odamlar urush emas, barqarorlik bilan tinchlikni xohlayotganlari va muayyan guruhlar ortidan borib, beqarorlikni keltirib chiqarishni istamasliklarini aytmoqdalar. Menimcha, Prezident Rahmon atrofidagilar ana shu vaziyatni tushunib yetib, Badaxshon aholisni tinchitib, yaqinroq aloqalar o‘rnatish kerakligini anglamoqdalar. Bularning hammasi esa kelgusi yil mamlakatda kutilayotgan saylovlardan avval bo‘lib o‘tayotganligini ham nazardan qochirmaslik kerak", - deydi u.