Iste‘dodli shoir va tarixchi Xurshid Davronga savol bering

Image caption Xurshid Davron turfa janrlarda samarali ijod qilib kelmoqda

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvar kuni Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tugatgach, 1969 yili Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan.

1971-73 yillarda harbiy xizmatni o‘taydi, qaytib tahsilini davom ettiradi.

1976 yili she‘rlari O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning "oq yo‘li" bilan "Guliston" jurnalida chop etiladi.

Dastlabki ikki kitobi - "Qadrdon quyosh" va "Shahardagi olma daraxti" 1979 yilda nashrdan chiqadi.

Xurshid Davron uzoq yillar turli nashriyotlarda faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Milliy Teleradio kompaniyasining "O‘zbekiston" kanali direktori lavozimida ishlagan.

Shoirning "Tungi bog‘lar", "Uchib boraman qushlar bilan", "To‘marisning ko‘zlari", "Bolalikning ovozi", "Qaqnus", "Samarqand xayoli", "Bahordan bir kun oldin" kitoblari nashr etilgan.

Xurshid Davron nasriy janrlarda ham samarali ijod qilgan.

Xurshid Davron ona tomondan Naqshbandiya tariqatining atoqli vakili Mahdumi A‘zam avlodidan ekanini aytadi.

Uning so‘fiylik, Samarqand va Turkiston tarixiga qiziqishi shu bilan bog‘liq.

O‘tmishda yashagan tarixiy siymolar hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi "Samarqand xayoli" qissalar to‘plami, "Sohibqiron nabirasi"(1995), "Shahidlar shohi yoki Shayx Kubro tushlari" (1997) kabi tarixiy qissalari, "Mirzo Ulug‘bek", "Bobur shoh", "Avrangzeb" kabi tarixiy mavzudagi dramalarini yaratgan.

U bir qancha videofilmlar stsenariylari muallifi.

Xurshid Davron Sharq va G‘arb shoirlarining asarlaridan iborat "Qirq bir oshiq" va yapon shoirlari she‘rlaridan tarkib topgan "Dengiz yaproqlari" to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Xurshid Davron zamonaviy o‘zbek ijodkorlari orasida Internet imkoniyatlaridan keng foydalanayotgan adiblardandir.

BBC mehmoni Xurshid Davronga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

SMS raqamimiz:

+447786201124

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.