O‘zbekistonlik gimnastikachi Olimpiya qishloqchasidan chiqarilgan

Image copyright AFP
Image caption Ko‘pchilik Luiza Galiulinaning London Olimpiada O‘yinlarida yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilayotgandi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidan xabar berishlaricha, vaqtincha musobaqalardan chetlatilgan o‘zbekistonlik gimnastikachi Luiza Galiulinaning ikkinchi tekshiruvi natijasi ham dopingga ijobiy chiqqan, shundan so‘ng uni London Olimpiada qishloqchasidan chiqarishga qaror qilingan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi so‘zchisi Mark Adamsning aytishicha, Luiza Galiulinaning ikkinchi tekshiruvida ham taqiqlangan furotsemid moddasi aniqlangan.

Shundan keyin o‘zbekistonlik gimnastikachini rasman Olimpiada qishloqchasidan chiqarib yuborishga qaror qilingan.

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona sport gimnastikachisi edi.

U sport gimnastikasi bo‘yicha qator musobaqalarning sovrindori bo‘lgan.

Jumladan, 2005 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati, 2010 yilgi Xitoy Osiyo O‘yinlarining bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

2011 yilda sport gimnastikasi bo‘yicha Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham sovrinli uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgandi.

Murabbiylari Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilishayotgandi.

Dastlabki tekshiruvda furotsemid topilgani haqidagi xabardan 'Luiza Galiulina ham, murabbiylari ham shok' holatga tushganlari haqida O‘zbekiston olimpiadachilari hay‘ati rahbari Jasur Akramov aytgandi.

Furotsemid doping hisoblanmaydi.

Furotsemiddan, xususan, qon bosimini pasaytirish va peshob kelishini yaxshilash maqsadida foydalaniladi.

Ammo sport tibbiyotida badandagi ba‘zi taqiqlangan moddalarni yashirish uchun furotsemid qo‘llanilgani ma‘lum.

Shu bois Umumjahon Dopingga qarshi Agentligi ushbu moddani taqiqlagan.

O‘zbekistonlik sportchi 25 iyulda - musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin doping sinovidan o‘tgandi.

28 iyul kuni tunda Luiza Galiulinaning ishi ko‘rib chiqilgan va u vaqtinchalik o‘yinlarda ishtirok etishdan chetlatilgandi.

Luiza Galiulina London olimpiadasida taqiqlangan modda sababli musobaqalardan rasman chetlatilgan ikkinchi sportchi bo‘ldi.

23 iyul kuni qonida taqiqlangan steroid stenozolol moddasi topilgani uchun albaniyalik shtangachi Husen Pulaku musobaqalardan chetlatilgan edi.