"Denis va Federer uchrashuvini rosa hayajonlanib tomosha qildik"

Image copyright Getty Images

Londondagi o‘zbekistonlik sport ishqibozlaridan birining aytishicha, O‘zbekiston va Jahonning birinchi raketkalari o‘rtasidagi o‘yinni kecha rosa hayajonlanib tomosha qilishgan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Rojer Federerga yutqazib qo‘yganiga qaramay, Denis Istomin kechagi uchrashuvda raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilgan.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlaridagi dastlabki ikki uchrashuvini g‘alaba bilan boshlagan Denis Uembldonda bo‘lib o‘tgan uchinchi bosqich bellashuvini boy berib qo‘ydi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ob-havo yomon ekaniga qaramay, kortda yakka o‘zlari emas, 50-60 chog‘liq o‘zbekistonlik ishqiboz Denisni qo‘llab turishgan.

"O‘yin bizda juda yaxshi taasurot qoldirdi. Biz g‘urur bilan tomosha qildik. Denis Istomonning shu bosqichgacha kelgani - sharaf. Chunki bu kabi musobaqalarda ishtirok etishning o‘zi juda katta gap".

Suhbatdoshimiz Denisning mag‘lubiyati o‘zlariga rosa alam qilgan bo‘lsa ham, jahonning 1-raqamli raketkachisi bo‘lgan raqibiga juda zo‘r qarshilik ko‘rsatganini aytadi.

Unga ko‘ra, kechagi uchrashuv o‘zi uchun esdan chiqmaydiganlaridan biri bo‘lgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Suhbatdoshimiz London restoranlaridan biridagi ishida qanchalik band ekaniga qaramay, o‘zbekistonlik sportchilar ishtirokidagi barcha musobaqalarni kuzatib borishga harakat qilayotganini ham aytadi.

"Telefondan, uydan televizor orqali, keyin hamma joyga monitor qo‘yilgan, London ko‘chalarida, parklarda bemalol monitorlar orqali ko‘rishingiz mumkin", deydi u.

Suhbatdoshimiz London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida o‘z bellashuvlarini boshlayotgan o‘zbekistonlik sportchilarga omad tilab qolishi, hech bo‘lmasa bitta oltin yo kumush medal olishsa, ularga ham, o‘zlariga ham esdalik bo‘lib qolgan bo‘lishini aytadi.

O‘yinlarda O‘zbekistonni 53 nafar sportchi namoyon etayotgan bo‘lsa, hozircha ularning hisobida bitta bronza medali bor.

Rasmiy ochilish marosimining ertasiga - 28 iyul kuni tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik dongdor dzyudochi Rishod Sobirov o‘z terma jamoasiga ilk va hozircha yagona medalni keltirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Bugun o‘zbekistonlik sportchilar dzyudo va boks bo‘yicha o‘z bellashuvlarini davom etdirishadi.