"Tog‘li Badaxshonda jangarilar to‘planganligi harbiy amaliyotlarga sabab bo‘lgan"

"Tog‘li Badaxshonning poytaxti Xorug‘da olib borilgan harbiy amaliyotlar Afg‘oniston bilan chegarada bosqinchilar yig‘ilgani bois o‘tkazilgan".

Bu haqda Tojikiston prezidenti qoshidagi Strategik islohotlar o‘tkazish markazi xabar qilgan.

Afg‘oniston xavfsizlik xizmatlari ma‘lumotlariga ko‘ra, afg‘on Badaxshonida 400 dan 1000gacha to‘plangan jangarilarning maqsadi tojik Badaxshonidagi vaziyatni izdan chiqarish bo‘lgan.

Murojaatda aytilishicha, aynan qo‘shni Afg‘oniston bilan bog‘liq, butun mintaqadagi vaziyat Tojikiston hukumatini Xorug‘da xavfsizlik choralarini kuchaytirishga va hududdagi qurolli kuchlar sonini oshirishiga olib kelgan.

Kuzatuvchilar chegara qo‘shinlarining podpolkovniki Tolib Ayyombekovning unga qarshi amaliyotlar boshlanadigan bo‘lsa,"afg‘on jangarilariga murojaat qilishi" haqidagi gaplarini rasmiylar ancha jiddiy qabul qilganligini aytishgan.

Hukumat aynan Ayyombekovni xavfsizlik xizmati generali Abdullo Nazarovning o‘limida aloqadorlikda ayblagan.

24 iyulda 2mingdan uch minggacha askarlar Tog‘li Badaxshon viloyatiga maxsus amaliyot o‘tkazish uchun jalb qilingan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, kuchishlatar tizimlarning 12 xodimi, 30 jangari va bir tinch fuqaro halok bo‘lgan.

Norasmiy manbalarga binoan o‘ldirilganlarning soni ikki yuzdan oshgan, ularning yarmi tinch fuqarolar bo‘lganligi aytiladi.

Xorug‘da o‘zaro otashkesim e‘lon qilingandan so‘ng hukumatning asosiy qo‘shinlari olib chiqilgan bo‘lsada, Tog‘li Badaxshonda 500 kishidan iborat tuzilmani qoldirishga qaror qilingan.

Maxsus amaliyot davomida janglarda faol ishtirok etgan Afg‘onistonning sakkiz fuqarosi qo‘lga olingani xabar qilingan.

Tojikiston matbuoti xabarlariga qaraganda, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida ahvol yaxshilangan.

Hududda barcha davlat idoralari, bozor va do‘konlar ishga tushgani, aloqa yaxshilangani aytilmoqda.

Biroq mustaqil jurnalistlar xabar berishlaricha, mamlakatda hanuz mahalliy va xorijiy internet nashrlariga kirishning iloji yo‘q.

Muxbirimizga ko‘ra, hozirgi paytda BBC, RIA Novosti, Lenta.ru, Vesti.ru, Ferghananews.com, Centrasia.ru, Aziya-Plyus va YouTube saytlariga to‘siq qo‘yilgan.