Afg‘on politsiyachilari Tolibon safiga qochib o‘tmoqda

Image copyright AFP
Image caption Politsiya xodimlarining Tolibon safiga qo‘shilishi chekka hududlarda o‘z nazoratini o‘rnatishga qiynalayotgan hukumat uchun og‘ir zarbadir

Helmand viloyatida 11 nafar Afg‘on politsiyachisi Tolibon safiga qochib o‘tgan.

Dushanba kuni Tolibon safiga qo‘shilgan politsiya xodimlari o‘zlari bilan birga qurollari va uchta mototsiklni ham olib ketishgan.

Hali bir necha kun oldin ham g‘arbdagi Farah viloyatida 13 nafar politsiya xodimi Tolibon safiga qo‘shilgan edi. Ular orasida hatto bir politsiya qo‘mondoni ham bor.

Afg‘onistondagi BBC muxbiriga ko‘ra, politsiya xodimlarining isyonkorlar safiga qo‘shilayotgani Tolibon olib borayotgan targ‘ibot ishlari samara berayotganini ko‘rsatadi.

Helmand va Farah kabi chekka viloyatlarda politsiya xodimlari xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlash uchun muhim o‘ta muhimdir. Chunki katta shaharlardan tashqarida hukumat hamon zaif va ko‘p hollarda rasmiylar mahalliy politsiya qo‘mondonlariga suyanadilar.

Ammo politsiya xodimlarining isyonkorlar safiga qo‘shilishi hukumat uchun yirik zarbadir. Chunki bu holat mahalliy odamlar orasida Tolibon qo‘li baland kelmoqda, degan fikrlarga yetaklashi ehtimoli katta.

Mahalliy oqsoqollar bu o‘rinda hukumatni ayblashmoqda. Ularga ko‘ra, politsiya xodimlari vaqtida maoshlarini olishmagan va shu bois isyonkorlar tarafga qochib o‘tishgan.

"Bolalaringga non topib berolmasang, qanday qilib Tolibonga qarshi urishasan?" - degan BBC bilan suhbatda helmandlik oqsoqollardan biri - "Boyoqish poiltsiyachilar qo‘llaridagi qurollar ham hatto tuzuk ishlamaydi".

So‘nggi paytlari afg‘on armiyasi va politsiya kuchlarida ishlovchi zobitlar tarafidan xorijlik hamkasblari otib o‘ldirilgan holatlar ham uchramoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu voqealar nafaqat Tolibon tashviqoti va Afg‘oniston hukumati zaifligi dalolati, balki Tolibon istig‘borati yaxshi ishlay boshlayotgani dalili hamdir.