Terrorchi tashkilot tuzishda ayblanganlar qamaldi

Image copyright Reuters

Qozog‘iston g‘arbidagi tumanlararo mahkama terrorchi tashkilot tuzishda ayblangan sakkiz sudlanuvchini olti yildan to‘qqiz yilgacha qamoq jazolariga hukm etgan.

Mahkama matbuot xizmati tarqatgan xabarlarga qaralsa, ayblanuvchi Ahatovga eng ko‘p - to‘qqiz yillik qamoq jazosiga berilgan.

Ahatov, "Terrorchi tashkilot tuzish, unga boshchilik qilish va faoliyatida ishtirok etish"da aybdor, deb topilgan.

Sudlanuvchilardan uch nafariga yetti yil, yana ikkitasiga olti yillik qamoq jazolari berilgan.

Mahkama hujjatlaridan ayon bo‘lishicha, 28 yoshli Ahatov Qozog‘iston g‘arbida 2009-11 yillarda terrorchi guruh tuzgan.

Guruh a‘zolari esa, atiraulik terrorchilar va "Jund al-Xalifat" ekstremistik tashkiloti a‘zolari bilan aloqada bo‘lishgan, deyiladi hujjatda.

Aytilishicha, ular qo‘lbola mahsulotlar va uylaridagi dori-darmonlardan portlovchi uskunalar yasashgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, guruhning maqsadi - shar‘iy qonun-qoidalarni o‘rnatish va terrorchilikni targ‘ib etish bo‘lgan.

Ular ustidan mahkama jarayonining iyun oyida boshlangani va yopiq eshiklar ortida o‘tgani aytiladi.