Mars sayyorasiga parvoz muvaffaqiyatli amalga oshgan

Image copyright Reuters
Image caption Mirrixning yuza qismi aks etgan oq-qora tasvirdagi surat Yerga yuborilgan

O‘tgan yili noyabrida Yerdan parvoz qilgan "Kyuriositi" marsoxodi Mars planetasiga muvaffaqiyatli borib qo‘ngan.

Bir tonna og‘irlikdagi apparat Mirrix ekvatori yaqinidagi Geyla krateriga qo‘ndirilgan.

Geylada ayni paytda qish tugab, bahor boshlangani aytilmoqda.

Kosmik apparat NASA mutaxassislarining aralashuvisiz, avtomatik tarzda qo‘nuvni amalga oshirgan.

Qo‘nish amalga oshirilgani haqidagi signal marsian orbitasida joylashgan "Odissey" sun‘iy yo‘ldosh apparati orqali Yerga uzatilgan.

Qizil planeta tomonga parvoz qilgan "Kyuriositi" marsoxodi 560 million kilometr masofani bosib o‘tib, Mirrixga qo‘ngan va planetaning birinchi suratlarini Yerga jo‘natgan.

NASA olimlari Mirrixning yuza qismi aks etgan oq-qora tasvirdagi suratni olishganini e‘lon qilishgan.

Kamera oynasidan himoya qalpog‘i olinmaganligi suratning sifatiga ta‘sir qilgan bo‘lsa-da, u tarixiy surat bo‘lgan.

Image copyright nasa
Image caption NASA xodimlari marsoxodning muvaffaqiyatli qo‘nganini hayajonlar bilan kutib olishgan.

Qizil planetaning rangli suratini olishga ruxsat Parvozlarni boshqarish markaziga yaqin kunlarda berilishi ma‘lum qilingan.

Kosmik apparat Mirrixda kamida ikki yil davomida bo‘lishi va Qizil planetada qachonlardir, ibtidoiy shaklda bo‘lsa ham hayot bo‘lganmi-yo‘qligi haqida aniqlashi lozim.

Mirrix sayyorasiga parvoz ustida 10 yil davomida tadqiqotlar olib borgan olim va injenerlar, NASA xodimlari marsoxodning muvaffaqiyatli qo‘nganini hayajonlar bilan kutib olishgan.

Loyihaga 2 yarim milliard dollar sarflangan.

Kosmik apparat ikki yil davomida ishlashi ko‘zda tutilmoqda.

Plutoniy asosida yaratilgan izotopli elektrgeneratorlar marsoxodni 14 yil davomida quvvat bilan ta‘minlash qudratiga ega.

NASAning ma‘lum qilishicha, 570 million kilometrni bosib o‘tgan qurilma bir qancha xavfli shartlarni avtomatik tarzda bajarishiga to‘g‘ri kelgan.

Soatiga 20 ming kilometr tezlikdan qo‘nish tezligiga o‘tish va Mirrix zaminiga g‘ildiraklarni ohista tegishini amalga oshirish kerak edi.

Image copyright Nasa
Image caption Mirrixga omadli qo‘nish haqidagi signalni nafasni ichga yutib kutishga to‘g‘ri kelgan

Mirrixga omadli qo‘nish haqidagi signalni "Odissey" Yerga yetkazgunicha 13 daqiqa o‘tgan.

Parvoz rahbari Charlz Boldek bu daqiqalarni nafasni ichga yutib kutishga to‘g‘ri kelganini aytgan.

"Biz yana Marsdamiz" deb xitob qilgan u to‘planganlarga uzoq kutilgan signaldan so‘ng.

"Kyuriositi" NASA dan uchirilgan to‘rtinchi marsoxod bo‘lib, o‘zining sig‘imi va imkoniyatlari bo‘yicha oldingilaridan ko‘p marotaba ustunlikka ega.

Yangi kosmik apparatning maqsadi Mirrixning Geyla krateriga ko‘tarilish, uning zaminidan namuna olish va qachonlardir hayot bo‘lganligini isbotlovchi dalillarni topib Yerga jo‘natishdir.

Olimlar shu tariqani Mirrixni o‘rganish mumkinligini, biroq tez natijalarga umid qilmayotganliklarini aytishgan.

NASA mutaxassislariga ko‘ra, oldingi "Opportyuniti" va "Spirit" loyihalari hisobida 30 mirrix kuni bo‘lgani uchun, tadqiqotlarda shoshilishga to‘g‘ri kelgan.

"Kyuriositi"ning pluton batareyalari Mirrixda kamida ikki yil, balki undan ham uzoqroq- 10 yilgacha muddat davomida qolishga imkon berishi umid qilinmoqda.