Ro‘za tutish umrni uzaytiradimi?

Image copyright Reuetrs
Image caption Ro‘za tutish umrni nega uzaytiradi?

Olimlarga ko‘ra, agar yo‘l-yo‘riqlariga to‘liq rioya etilsa, hatto, qisqa muddatga ro‘za tutishning insonlar salomatligi uchun foydasi ozmuncha emas.

Bu kabi xulosaga har doim ro‘za tutish yoqimsiz bo‘lsa kerak, deb yurgan olim Maykl Mosley kelgan.

"Shuning uchun ham, o‘zing ro‘za tutib, shu asosda hujjatli film qilgin, deyishganida, "qanday bo‘larkin", deb avvaliga rosa ikkilanganman", deydi u.

Biroq, uning aytishicha, Horizon muharriri o‘zini buning aksiga ishontirgan.

U menga, "Ro‘za tutib ko‘r, butkul yangi narsalarni kashf etasan, badaningda dramatik o‘zgarishlar yuz beradi", dedi. Buni eshitib, men ham, "Xo‘p", dedim", deydi janob Mosley.

Olimning aytishicha, uzoq muddatga och yurishga irodasi yetmasa-da, nima uchun kamroq ovqatlanish inson umrini uzaytirishi mumkinligi sababining tagiga yetmoqchi bo‘lgan.

Chunki necha yil umr ko‘rishingiz asosan genlar tomonidan belgilangan bo‘ladi. Bu masalada insonning qo‘lidan ko‘p narsa kelmaydi, deydi olim.

Kaloriyada cheklash, oz, ammo soz yeyish, hozircha hayvonlarda bo‘lsa ham, umrni biroz uzaytirishi ma‘lum.

Buning sichqon va maymunlarda o‘z isbotini topganiga deyarli bir asrcha bo‘lib qolgan.

Maxsus gormon

Umri 40 foizga uzaytirilgan yangicha turdagi sichqon bu masalada rekord qo‘ygan.

Irsiy muhandislik natijasida yaratilgan sichqonning tanasi qarilik va keksalik bilan bog‘liq xastaliklarni keltirib chiqaruvchi IGF-1 gormonini juda kam miqdorda ishlab chiqaradi.

Juda kam miqdorda ishlab chiqarilgan IGF-1 geni esa, asrovchi vazifasini bajaradi.

Professor Longo esa, insonlarda ana shu gormon taqchilligini o‘rganishga harakat qilgan.

IGF-1 gormoni taqchilligi tabiiy holatda Laron sindromiga chalingan insonlarda uchrarkan.

Ammo butun dunyo bo‘ylab bu kabi bemorlarning soni 350 nafarga ham yetmas ekan.

Kam miqdordagi IGF-1 gormoni esa, odamni saraton va qand xastaligi kabi kasalliklardan asrarkan.

IGF-1 gormoni hujayralarni parchalanishga undab, paydo bo‘lgan yangilari hisobiga tanani o‘stiradi.

Bu organizm yosh bo‘lgan paytda yaxshi bo‘lsa-da, qarilikda foydasi kam bo‘ladi.

O‘tkazilgan yangi tadqiqotlar esa, yeyayotgan ovqatingizga qarab, ushbu gormon miqdorini kamaytirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Kam ovqat yeyish foyda bersa-da, bu ham yetarlicha bo‘lmas ekan.

Chunki kaloriya miqdorini kamaytirish bilan birga, protein darajasini ham kamaytirishingiz taqozo etiladi.

Shuning uchun ham, bu tajriba ish berishi uchun tavsiya etiluvchi yo‘l-yo‘riqlarga qat‘iy rioya etishingiz lozim bo‘ladi.

Ammo ko‘pchilik buning uddasidan chiqolmaydi.

Ayon bo‘lishicha, agar ovqatga imkonli bo‘lmasa, inson tanasi "o‘sish holati"dan "qayta tiklash" holatiga o‘tadi.

Agar IGF-1 gormoni miqdori kamayib ketsa, hujayralarni qayta tiklovchi genlar ishga tushib ketarkan.

Muqobil ro‘za

Olimlar o‘ziga xos tajriba o‘tkazib, kunosha ro‘zani sinab ko‘rishibdi.

Ya‘ni, bir kun o‘zingiz istagan narsani yeb (nima yeyishingizning ahamiyati yo‘q), ertasi kuni juda kam miqdorda (600 kaloriyadan kam) taom iste‘mol qilasiz.

Illinoys Universiteti professori dr. Krista Varadi sakkiz haftalik ushbu tajribani vazni og‘ir bemorlarning ikki guruhida sinab ko‘ribdi.

"Agar siz ovqat yemaydigan kunlaringizga qat‘iy amal qilsangiz, yurak, qon-tomir xastaliklarida og‘zingiz ochiq bo‘lgan kunlarda qanday ovqat yeyishingizning farqi yo‘q ekan", deydi u.

Profesorga ko‘ra, juda noqulay ekani bois, bu kabi tajribani davom etdirishdan bosh tortgan.

O‘rniga 5 kun to‘yib, qolgan ikki kun ayol bo‘lsangiz - 500 kaloriya, erkak bo‘lsangiz - 600 kaloriyaga teng taom yeyish yo‘lini tutgan.

Insonlarda bor-yo‘g‘i sanoqli tajriba o‘tkazilgan bois, qat‘iy yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish ham shart, deb ko‘rilmagan.

"O‘zimning tajribamdan kelib chiqib aytsam, yengilgina nonushta, kun davomida ko‘p miqdorda suv va dorivor giyohlardan tayyorlangan choy ichib, yengilgina kechki ovqat tanavvul etsam, ro‘za tutgan kunlarimda hech ham qiynalmas ekanman", deydi professor.

Uning aytishicha, och yurmasligi taqozo etilgan kunlarda ko‘ngli tusagan narsani yeyavergan.

Professorga ko‘ra, besh haftalik diyeta ortidan, besh kilocha ozgan, qon, glyukoza va o‘sish gormoni ko‘rsatkichlari yaxshilangan. Xolesterol miqdori kamaygan.

Agar o‘z diyetamni davom etdiradigan bo‘lsam, so‘zsiz, saraton va qand xastaligiga chalinish imkoniyatlarim kamayadi, deydi u.

Och yurishning foydalari tibbiyotda hali butkul o‘z tasdig‘ini topmagan.

Haliyam odamning kuniga 2.000 kaloriyacha ovqat yegani ma‘qul, degan qarash kuchli.

Agar ro‘za tutishni nihoyatda istasangiz, buni barcha yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan holda qilgan ma‘qul.

Chunki och yurish homilador ayollar va qand xastaligiga chalingan bemorlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Maykl Mosleyning "Eat, Fast and Live Longer" dasturi bugun (6 avgust) BBCning Ikkinchi kanali orqali mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da namoyish etiladi.