London 2012: O‘zbekistonlik beshinchi bokschi ham g‘olib

Image copyright AFP
Image caption Elshod Rasulov London Olimpiada O‘yinlarida o‘z jangini g‘alaba bilan boshlagan besh bokschining so‘nggisi bo‘ldi

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining yettinchi kunida ringga chiqqan O‘ktamjon Rahmonov va jahon chempionatining kumush medali sovrindori Elshod Rasulov ham jangini g‘alaba bilan yakunladi.

Ularning g‘alabasi ortidan, O‘yinlarda o‘z ishtirokini davom etdirayotgan o‘zbekistonlik bokschilarning soni beshtaga yetdi.

Ikkovlondan avval ringga chiqqan uch o‘zbekistonlik bokschi barcha janglarini muvaffaqiyatli yakunlab, O‘yinlarning chorak finaliga yo‘llanma olishgan.

Ular ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev (75 kg), Fazliddin G‘oyipnazarov (+60 kg) va Jasurbek Latipovlar (52 kg) dir.

O‘ktamjon Rahmonovning navbatdagi g‘alabasi ortidan, chorak finalda bellashuvchi o‘zbekistonlik bokschilarning soni yana bittaga ortdi.

Elshod Rasulov esa, chorak finalda bellashish huquqini qo‘lga kiritgan beshinchi bokschi bo‘ldi.

Ikkovlon navbatdagi janglarini 8 avgust kuni o‘tkazishadi: Elshod Rasulov rossiyalik, O‘ktamjon Ahmedov kubalik bokschiga qarshi ringga chiqadi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni ja‘mi olti nafar bokschi namoyon etayotgandi.

Ulardan faqat 56 kg vaznda Orzubek Shoimovgina bellashuvlardagi ishtirokiga yakun yasadi.

O‘zbekistonlik bokschilar 2008 yilgi Pekin Olimpiadasidan farqli tarzda, o‘z janglarini ketma-ket g‘alaba bilan boshlashdi.

Boks mutaxassislari o‘zbekistonlik bokschilarning imkoniyatlari yaxshi ekani, ularning sovrinli o‘rinlarga da‘vogarlik qilishlari mumkinligini aytishmoqda.

Image copyright ozbekistonovozi.uz
Image caption Muhammadqodir Abdullayev Olimpiada O‘yinlarining oltin medalini olgan yagona o‘zbekistonlik bokschi bo‘lib turibdi

Havaskor boksda ham jahon chempioni bo‘lgan Muhammadqodir Abdullayev esa, hozircha mustaqil O‘zbekiston tarixida Olimpiada O‘yinlarining oltin medalini olgan yagona bokschi bo‘lib turibdi.

Muhammadqodir Abdullayev yengil vazn toifasi(+60 kg)da 2000 yilgi Sidney Olimpiada O‘yinlarining g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘yinlarning hadisini yaxshigina olgan dongdor bokschining aytishicha, ko‘plab jahon chempionatlari g‘oliblari bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschilar bugun Olimpiada chempionlari bo‘lishga ham tayyor.

Muhammadqodir Abdullayev ularga ham o‘z yo‘li nasib etishini va bo‘lajak janglarida omad tilab qolishini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Jang tafsilotlari

Avvaliga 64 kg vaznda ringga chiqqan o‘zbekistonlik bokschi O‘ktamjon Rahmonov turkiyalik raqibini 16:8 hisobida mag‘lub etdi.

O‘zbekistonlik yana bir bokschi, jahon chempionatining kumush medali sovrindori Elshod Rasulov bugun ilk jangini o‘tkazdi.

Elshod Rasulov 81 kg vaznda tunislik raqibi Yaxyo Elmekachariga qarshi ringga chiqdi.

Mojaristonlik raqibiga qarshi dastlabki jangini g‘alaba bilan boshlagan O‘ktamjon Rahmonov esa, 64 kg vaznda turkiyalik bokschi Sener Yakup bilan ringga chiqqandi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi shu paytgacha faqat dzyudo musobaqalarida bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

28 iyul kuni -60 kg vaznda tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik dongdor dzyudochi, ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov ushbu yutuqqa muvaffaq bo‘lgandi.

Bugun yana merganlar bahsida Sokina Mamedova 22-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Trampolindan sakrash musobaqalarida o‘zbekistonlik faxriy sportchi Yekaterina Xilko final bosqichiga chiqa olmadi.

O‘zbekiston hozircha 53 sportchisi bilan medallar jadvalida 46-o‘rinni egallab turibdi.

MDH davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich hanuz Qozog‘istonda.

Qozog‘iston kecha oltin medallari sonini to‘rttaga yetqazib, hatto, 10-o‘rinda borayotgan Rossiyadan bir pog‘ona yuqorilab olgan.

Medallar jadvalida ilg‘orlikni amerikalik olimpiyachilar egallab olishdi.

Ular ja‘mi 43 medal qo‘lga kiritib, Xitoyni bir medal farqi bilan ortda qoldirishmoqda.