Jin haydash chog‘i "jin chalgan" bolakay nobud bo‘lgan

Image copyright 1

Ichiga yovuz ruh kirib olgan, degan gumonda jin haydash amalini olib borgan qarindoshlar amali natijasida uch yashar qizaloq olamdan o‘tgan.

Malayziya politsiyasiga ko‘ra, 3 yashar qizaloqning ichiga jin kirib olgan, degan gumonda yetti nafar qarindoshi va bir xizmatkori bolakayning ustiga chiqib olib, jinni chiqarishga intilarkan, qizaloq jon taslim qilgan.

Yakshanba kuni Bukrit Mertajam mintaqasida o‘tkazilgan bu jin haydash amalida marhum qizaloqning ota-onasi ham qatnashgan.

Mahalliy gazetalar ular 20 soat davomida jinni haydashga intilgan, deya yozmoqda.

Voqea borasida xabar olgan politsiya uyga bostirib kiradi va qizaloq ustiga 8 kishi chiqib olganiga shohid bo‘ladi.

Qizaloqning ota-onasi, buvisi amakisi, xolasi va ikki nafar amakivachchasi qorong‘i xonada qizaloqning ustiga chiqvolib, ko‘rpaga o‘rrab tashlangan qizaloqningg ichidan jinni haydashga intilayotgan payti qo‘lga olinadi.

"Ular tinmay duo o‘qishardi", – deydi politsiya rahbari Azman Abdulla. – "Biz bu odamlar yovuz jinlarni haydashga intilayotganini angladik".

Ilk xulosalarga ko‘ra, qizaloq nafasi bo‘g‘ilib, havo yetmasligi bois nobud bo‘lgan.

Jaholatdan Islomgacha tirik odat

Ildizlari ilk ibtidoiy e‘tiqodlar davriga borib taqaladigan jin chalish ishonchi va uni haydash amallari nasroniylik va islom davrida ham saqlanib qolmoqda.

An‘anaviy nasroniy jamoalarida ham jin haydash hamon qo‘llanib kelinadi.

So‘nggi yillari ayrim musulmon jamoalarida ham jin haydash qayta ko‘rinayotgani ma‘lum.

Chechenistonda hatto maxsus shifoxona ham ochilgan.

Grozniyda olingan tasvirlarda ham jin haydash amali payti "jin chalgan" odam ko‘rpaga o‘rab qo‘yiladi va duolar bilan birga jismoniy unga bosimlar o‘tkaziladi, ba‘zan kaltaklanadi.

Lekin olimlarga ko‘ra, bu yerga keltiriladigan ko‘plab "jin chalgan" bemorlar aslida qaqshatqich urushlarda ruhiy zarba olgan yoshlardir.

Markaziy Osiyoda mavjud an‘anaviy jin haydash amallarida "jin chalgan" odam ochiq o‘tiradi va mulla duo o‘qib, bemorning yelkasiga yo boshiga qo‘li bilan yengil qoqib qo‘yadi.