Pokiston: zinoda gumonlangan ayol va erkak sazoyi qilingan

Image copyright BBC World Service
Image caption Gambat politsiyachilari zinoda gumon qilingan ayol va erkakni yalang‘och holida sazoyi qilgan

Pokistonda zinoda gumon qilingan ayol va erkakni yalang‘och holida sazoyi qilgani uchun bir necha nafar politsiya xodimi ishdan chetlatilgan.

Pokistonning Gambat shahridagi shohidlarga ko‘ra, zino qilishga intilgan juftlikni qo‘lga olgan politsiya xodimlari ularni yalang‘och holda ko‘chadan olib o‘tib, politsiya idorasiga olib borishgan.

Qo‘l telefoniga tushirilgan videotasvirda politsiya yalang‘och bir erkakni urayotgani va yonidagi kiyimsiz ayol ulardan "ustimga biron narsa tashlab olishimga ruxsat beringlar", deya o‘tinayotgani akslanadi.

Ammo huquq posbonlari ularni kiyinishga qo‘ymaydi va onadan tug‘ilgandek holatida majburan uydan olib chiqib ketishadi.

Hozir bu ish boshida turgan politsiyachilar ustidan tekshiruv boshlanib, ular vaqtinchalik vazifasidan chetlatildi.

Politsiya xodimlari bu ikkovlon muqaddas Ramazon oyida zino qilib, qo‘shnilari kafiyatini buzgan va mast-alast ziyofatlar uyushtirib, fahshga botgan, deya ularni shunday jazoga mustahiq ko‘rgan.

Pokistonda sazoyi qilish an‘anasi tez-tez uchraydi.

Ammo bu safar ilk bora politsiya xodimlari zinoda gumon qilingan odamlarni sazoyi qilmoqda va ayni amalni yana qo‘l telefoniga yozib olishgan.

O‘tgan yili boshqa mintaqada bir nechta erkak o‘z oilasidagi ayol bilan zinoda ayblangan yigitning o‘rta yashar onasini uyidan sudrab chiqib, yalang‘och holatida ko‘chadan olib o‘tishgandi.

"O‘shandan beri qishlog‘imga qayta olmayman" – degan edi BBC bilan suhbatda Shahnoz Bibi ismli bu ayol. – "Na qo‘shnilarim, na o‘z aka-singillarim ko‘ziga qaray olmayman. Ilgari kambag‘al bo‘lsam ham baxtli edim, chunki nomus va sha‘nim bor edi. Ammo meni kiyimsiz ko‘chaga olib chiqib, sha‘nimni toptashdi”.

Chuqur jarohat

Pokistondagi BBC muxbiriga ko‘ra, so‘nggi sazoyidagi erkak - Mumtoz Mirbahorni bilgan qo‘shnilari va mahalal-ko‘y uni zinokor, deb ayblashgan.

Lekin odamlar "yalang‘och sazoyi" jazosini ham istashmaydi.

Sazoyi qilingan Mumtoz Mirbahor BBC bilan suhbatda bu voqea o‘z hayotida chuqur jarohat qoldirgani aytadi.

Mahalliy politsiyaga ko‘ra esa Ramazon oyi "uyida aroqxo‘rlik qilib, mast-alast ziyofatlar tashkil etgan va fahshga berilgan Mumtoz Mirbahor" ustidan qo‘shnilari shikoyat qilishgan.

Qo‘shnilar bu da‘voni tasdiqlashadi, ammo politsiya ham bunaqa sazoyi qilishga haqsiz edi, deb aytishmoqda.