O‘zbekistonlik qochqin Xayrullo Tursunovning hibs muddati uzaytirilgan

Image caption O‘zbekistonga berib yuborilgan 29 qochqinni ortga qaytarish haqidagi chaqiriqlar ushbu uzaytirishga ta‘sir qilgan bo‘lishi mumkin

Shu yilning aprel oyida Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik qochqin Xayrullo Tursunovning ekstraditsiya qilish uchun hibs muddati bir oyga uzaytirilgan.

Kuzatuvchilar BMTning Qochqinlar bilan ishlash qo‘mitasi O‘zbekistonga berib yuborilgan 29 qochqinni ortga qaytarishni Qozog‘istondan so‘rashi ushbu uzaytirishga ta‘sir qilganini aytishmoqda. Xayrullo Tursunov muqaddam Qarshi shahrida 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va shartli ravishda ozodlikka chiqqan. Rossiyada mehnat muhojirligi bilan shug‘ullanib yurgan kezlarda Qarshida qolgan oilasiga bosim va qiynoqlar bo‘lganidan keyin Qozog‘istonga kelib qochqinlik maqomini so‘ragan.

Qozog‘iston inson huquqlari xalqaro byurosidan Denis Jivaga hibs muddatining cho‘zilishiga BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi tomonidan Qozog‘istonni ayblab chiqargan qarori sabab ekanligini aytmoqda.

"BMTning qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi 29 o‘zbekistonlik qochqinni berib yuborilishini noqonuniy deb tan olishi ortidan hibs muddatining uzaytirilishi ijobiy holdir. Endi Qozog‘iston hukumati darrov berib yuborishdan qo‘rqadi. Mahkama ekstraditsiya hibs muddatini uzaytirganda hatoki prokuratura, "biz buning tagiga yetishimiz kerak, Qozog‘iston noqonuniy berib yuborgani uchun bir marta ta‘zirini yedi, ushbu bir oy davomida o‘rganib chiqamiz", deyishdi. Shuning uchun ham hammasi yaxshi tugashi mumkin", - deydi Denis Jivaga.

Qarshi shahrilik Xayrullo Tursunov shu yilning aprel oyida Aqto‘ba orqali Rossiyaga chiqib ketayotganda huquq tartibot idoralari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanib hibsga olingan edi.

Keyinchalik politsiya unga nisbatan O‘zbekiston tomonidan ekstraditsiya qilish borasida so‘rovi borligini aniqlagan.

Tursunov shu vaqtgacha Aqto‘be shahridagi vaqtinchalik tergov izolyatorida saqlanib kelinmoqda.

37 yoshli Xayrullo Tursunov muqaddam O‘zbekistonda 159 chi modda bo‘yicha sudlangan va 12 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Olma ota shahrida Tursunov bilan yaqin aloqada bo‘lgan qochqinlardan Murod akaning aytishicha, bir yildan so‘ng u ozodlikka chiqqan.

"12 yillik muddatga qamalgan bo‘lgan. Qashqadaryoning muftiysi qamoqxonadagi maxbuslar bilan uchrashishga borganda bu bola uchrashib rosa muftiyni maqtagan. Men kitoblaringizni o‘qiganman, hurmat qilaman, izdoshingizman, deb maqtab qo‘yganiga muftiy o‘rtaga tushib muddatini shartli jazoga o‘zgartirib bergan. Qamoqda bir yildan sal oshiqroq o‘tirgan. Keyin Rossiyaga chiqib ketgan. Undan keyin oilasiga bosim bo‘lgan", deydi ismi o‘zgartirilgan Murod aka.

Tursunovning ayoli Nodira Bo‘riyeva ham huquq tartibot organi tomonidan qidiruvga berilgani aytiladi.

Bo‘riyeva Qarshi shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2009 yili qo‘lga olingan va unga uyida noqonuniy ravishda Qur‘ondan saboq bergansan deya ayb qo‘yishmoqchi bo‘lgan.

Tergov davomida Bo‘riyevaga nisbatan noinsoniy qiynoq usullari qo‘llanilgani aytiladi.

"Qanday qiynashganini eshitganman, ammo buni sizga aytolmayman. Bu narsani erining o‘zi ham bizga aytolmagan, ayollar orqali eshitganmiz. Aql bovar qilmaydigan darajada nihoyatda qattiq qiynashgan", - deydi Murod aka.

2009 yili Xayrullo Tursunov o‘zi va oilasi bilan Qozog‘istonga kelib BMTning Qochqinlar bilan ishlash agentligidan qochqinlik maqomini so‘ragan.

Ayni damda Nodira Bo‘riyevaning uch farzandi bilan uchinchi bir davlatga xavfsiz joyga chiqib ketgani ma‘lum.