Suriya: garovga olingan eronliklar orasida harbiylar ham bo‘lgan

Image copyright AFP
Image caption Eron rasmiylari garovga olinganlar orasida sobiq harbiylar borligini tan olishgan

Eron Suriya isyonchilari garovga olgan 48 kishining orasida Eron Inqilobiy gvardiyasining sobiq jangchilari ham borligini tan olgan.

Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiyning aytishicha, qo‘lga olinganlar Damashq va Halabga ziyorat uchun borganlar.

"Ular ortiq harbiy vazifalarni ado etishmaydi", - degan janob Solihiy.

Isyonchilar esa garovdagilar ziyoratchilar emasligini, Suriya hukumati uchun josuslik o‘tkazganlarini iddao qilishgan.

Rasmiy Tehron bu xabarni rad qilgan.

Eron hukumati BMTdan masalani hal qilishda aralashishni so‘ragan.

Eron Tashqi Ishlar vaziri Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun bugun Turkiyaga borgan.

Rasmiy Anqara va Tehronning Suriyaga munosabati keskin farq qilsada, Eron isyonchilar tarafida bo‘lgan Turkiyaga garovdagilarni ozod qilinishida yordam so‘rab murojaat qilgan.

Lekin shunisi ham borki, aniq bir yetakchisi bo‘lmagan isyonchilarga Turkiyaning qanchalik ta‘sir qila olishi noaniqdir.

Bugun olingan xabarlarga qaraganda, garovga olinganlarning 3 tasi halok bo‘lgan.

Isyonchilarning aytishicha, hukumat kuchlarining hujumi natijasida eronliklar joylashgan binoning devori qulagan.

Qolgan 45 kishining tirikligi aytilgan. Biroq hukumatparast kuchlar yaqin soatlarda jangni to‘xtatishmasa, garovdagilarning qolgani ham o‘ldirilishi bilan tahdid qilingan.

Shuningdek, "Suriya ozodlik armiyasi" "Al-Arabiya" telekanaliga go‘yoki Suriya mudofaa vazirining maslahatchisi bo‘lgan rossiyalik Vladimir Petrovich Kodjiyev degan general o‘ldirilganini ma‘lum qilgan.

Buning isboti sifatida rossiyalikka tegishli guvohnomani ko‘rsatgan.

O‘z navbatida Rossiya Mudofaa vazirligi bu xabarni "qip-qizil yolg‘on" ligini va bunday yolg‘on xabarlarni tarqatish rossiyalik harbiylarga nisbatan g‘alamislik maqsadlari uchun qilinayotganligini ta‘kidlagan.

Vazirlik ma‘lumotlari bo‘yicha, o‘xshash ismi shariflik Kujeyev Vladimir Petrovich degan general iste‘foda ekanligi, lekin uning ayni paytda Moskavadaligi bildirilgan.

Suriyaning Aleppo(Halab) shahrida janglar kuchaygani xabar qilinmoqda.

Oldinroq Amnesty International xalqaro tashkiloti Aleppo (Halab)dagi tinch fuqarolar xavfsizligi borasida xavotirlarini bildirgan.

Amnesty Internationalning hisobotiga ko‘ra, sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar shaharda og‘ir artilleriya qurollaridan keng foydalanilganini ko‘rsatgan.

Tasvirlarda hujumlar oqibatida paydo bo‘lgan 600 dan ortiq chuqurlar aks etgan. Xalqaro tashkilot aholi turar joylariga qilingan har qanday hujum uchun ikkala tomonning ham mas‘uliyatli ekanini ta‘kidlagan.

Faollarga ko‘ra, seshanba kuni qirqdan ortiq odam halok bo‘lgan.