Muhammadqodir Abdullayev o‘zbek bokschilari mag‘lubiyati haqida nima deydi?

Image caption O‘yinlarda ishtirok etgan olti bokschidan faqat 75 kg vazn toifasida Abbos Atoyevgina yarim finalda bellashadigan bo‘ldi

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni ja‘mi olti nafar bokschi namoyon etgan bo‘lsa, ulardan 5 nafari bellashuvlardagi ishtiroklariga yakun yasashdi.

Kecha bo‘lib o‘tgan chorak final bellashuvlarida O‘ktamjon Rahmonov va Elshod Rasulovlar ham hal qiluvchi uchrashuvlarini yutqazib qo‘yishdi.

Ulardan avval 60 kg vaznda Fazliddin G‘oyipnazarov kecha va 52 kg vaznda Jasurbek Latipovlar bugun yarim finalga chiqish imkoniyatini boy berib qo‘yishgandi.

Agar bu bokschilar chorak final janglarida g‘alaba qozonishsa, o‘zlariga O‘yinlarning bronza medalini kafolatlagan bo‘lishardi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sardori Elshod Rasulov esa, O‘yinlarning chorak finalida ishtirok etgan o‘zbekistonlik so‘nggi bokschi edi.

Uning mag‘lubiyati ortidan London Yozgi Olimpiada O‘yinlari boks bellashuvlarining yarim finalida faqat 75 kg vaznda Abbos Atoyev ringga tushadigan bo‘ldi.

Dushanba kuni 75 kg vazn toifasida hindistonlik raqibini mag‘lub etgan Abbos Atoyev o‘zi uchun O‘yinlarning kamida bronza medalini kafolatlagan.

Abbos Atoyev ertaga juma kuni yaponiyalik raqibi Murata Riyotaga qarshi jang o‘tkazadi. Jang britan vaqti bilan soat 15:15 ga rejalangan.

Ammo so‘nggi Pekin Olimpiada O‘yinlaridan farqli tarzda, o‘zbekistonlik bokschilardan aksariyati dastlabki janglarini ketma-ket g‘alaba bilan boshlab, O‘yinlarning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘yinlar poyoniga yetib borarkan, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobida hozircha bitta bronza medali bor.

28 iyul kuni tatamiga chiqqan taniqli dzyudochi Rishod Sobirov o‘z jamoasiga ilk va hozircha yagona medalni keltirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Men mustaqil O‘zbekiston tarixida Olimpiada O‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan yagona bokschi bo‘lmish Muhammadqodir Abdullayev bilan bog‘lanib, O‘zbek bokschilarining chiqishlariga munosabatini so‘radim:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘yinlarning o‘n uchinchi kuni

Bugun o‘zbekistonlik olimpiyachilar sport bellashuvlarining to‘rt turi bo‘yicha kurash olib borishadi.

O‘nkurash bahslarini davom etdirayotgan Rifat Ortiqov 110 metrga to‘siqlarosha yugurish bahslarida marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

Bugun yana balandlikka sakrash musobaqalarida Nadya Dusanova va Svetlana Radzivillar ham saralash bosqich bellashuvlarini boshlashdi.

Svetlana 1.96 metrlik natija bilan O‘yinlarning final bosqichiga yo‘l oldi.

1.85 metrlik natija bilan Nadya Dusanova keyingi bosqichga chiqa olmadi.

Final musobaqasi 11 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Dmitriy Kim esa, taekvondo bo‘yicha 68 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik jamoadoshlari orasidan birinchi bo‘lib o‘z kuchini sinab ko‘rdi.

U dastlabki bellashuvidayoq mag‘lubiyatga uchradi.

Ushbu vazn toifasida chorak finalga yo‘llanma Dmitriy Kimning raqibi braziliyalik Diogo Silvaga nasib etdi.

Bugun o‘zbekistonlik badiiy gimnastikachi Ulьyana Trofimova ham dastlabki bellashuvlariga kirishadi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni ja‘mi 53 nafar sportchi namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hozircha bitta bronza medali bilan medallar jadvalida 66-o‘rinni egallab turibdi.

Mintaqa davlatlari orasidan eng yaxshi ko‘rsatkich hozircha Qozog‘istonda.

Qozog‘iston Olimpiya terma jamoasi 6 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan 11-o‘rinda bormoqda.

Qolgan mintaqa davlatlari orasidan kecha tojikistonlik sportchilar ham ilk bronza medalini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.

60 kg vazn toifasida ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha yarim final bellashuvlarida ishtirok etib, irlandiyalik raqibiga yutqazib qo‘ygan Mavzuna Choriyeva sovrinli uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Qirg‘iziston va Turkmaniston hisobida shu paytgacha biror bir medal yo‘q.

Medallar jadvalida ja‘mi 77 ta medali bilan Xitoy ilg‘orlik qilmoqda.