Malik Boboyev: "Sportchilarimiz o‘z harakatlarini ikki baravarga oshirishlari kerak"

Image caption Malik Boboyev O‘zbekistonda olimpiyachilarni tayyorlash bo‘yicha yaxshi dastur ishlab chiqilgani, biroq unga o‘zgartirishlar kiritilishini aytadi

London Olimpiadasi yakuniga uch kun qolar ekan, o‘zbek jamoasi bitta bronza medal bilan 66-o‘rinda ketmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasining Prezidenti Malik Boboyev BBC bilan suhbatda sportchilar umidlarni oqlamaganini tan olib, ularning chiqishlariga ta‘sir qilgan ehtimoliy omillar haqida gapirdi.

BBC: Avvalambor, Londonga hush kelibsiz deymiz, biroz kech bo‘lsa ham. Ilk taassurotlaringiz qanday?

Boboyev: Katta rahmat. Ha, Olimpiadaning yarmi o‘tib, u nihoyasiga yetay deb qoldi. Ochig‘i, taassurotlar juda boy, turli-tuman. Olimpiadaning ochilish marosimi va uning qanday tashkillashtirilgani menda juda yorqin taassurotlar qoldirdi. Lekin, ijobiylari bilan bir qatorda, salbiylari ham bor, va bu salbiy taassurotlar bizning bu yerdagi ishtirokimizga ta‘sir qilayapti.

BBC: Nima sizda salbiy taassurot qoldirdi?

Boboyev: Bu, albatta, mening sub‘ektiv fikrim. Lekin, men bu borada hamkasblarim bilan ham gaplashdim. Olimpiya qo‘mitasi, albatta, tayyorlanish ishlari borasida o‘ta yirik ishlarni amalga oshirgan, lekin ayni damda kadrlar masalasiga kelsak, qo‘mita yetarli ish qilmagan ko‘rinadi. Chunki juda ko‘p ko‘ngilli xodimlar o‘z vazifalarini umuman bilishmaydi. Balki ularni yaxshiroq tayyorgarlikdan o‘tkazish kerak edi. Oddiy misol, haydovchilar London shahrini yaxshi bilishmas ekan. Tashkiliy qo‘mita Olimpiada uchun yo‘llarda maxsus yo‘laklarni yaratib berganiga qaramay, haydovchilar yo‘lni bilishmaydi va Olimpiada inshootlarini topgunlaricha, juda ko‘p vaqtimiz sarflanayapti. Ko‘p haydovchilar Londondan tashqarida yashaydilar va bizga tongda mashina kerak bo‘lib qolsa, bu muammo tug‘diradi. Shunday nuqsonlar bor. Lekin, Olimpiadaning o‘zi bu bir gigant sport bayrami va u butun dunyoni Londonga yiqqan.

BBC: Biz darhaqiqat bir o‘zbek ko‘ngilli xodim bilan suhbatlashdik, va u ham yetarli o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lmaganini aytdi. Siz uchun, masalan, bu nimalarda aks etdi?

Boboyev: Ular sport inshootlarida barcha kirish va chiqish yo‘llarini bilishlari kerak. Ularning vazifasi tomoshabinlar, sportchilar va rasmiylarning o‘z joylarini to‘g‘ri topib berish va hokazo... Lekin, bu borada tayyorgarlik yaxshi emasdi. Bu mayda muammolar, shuning uchun, uni umumiylashtirib, boridan katta qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Umuman aytsam, ajoyib ishlar ham qilingan va bizga yoqayapti Londonda bo‘lish.

BBC: Siz o‘z kasbiy faoliyatingiz doirasida ko‘plab Olimpiadalarda ishtirok etgansiz. Bunisi avvalgilaridan nimasi bilan ajralib turadi?

Boboyev: Avvalambor, bir yaxshi narsani tan olish kerakki, londonliklar o‘z an‘analarini saqlab qolishgan va boshqalarning tajribasidan nusxa ko‘chirishga urinmaganlar. Masalan, bizga ochilish marosimi asosida sof ingliz madaniyati bo‘lgani juda ham yoqdi. Yana bir yaxshi tarafi shuki, bizning o‘zbekistonlik sportchilarimiz faqat ayrim sport turlarida qatnashayotganiga qaramay, biz deyarli bir vaqtning o‘zida boshqa sport musobaqalarini borib ko‘rishga ham imkon topdik va bu menimcha yaxshi tashkiliy ish bo‘lgan.

BBC: Siz sportchilarimiz bilan har kun uchrashib tursangiz kerak. Ular nima deyishayapti? Ularga London yoqdimi?

Boboyev: Sportchilarimizda hamma taassurotlar a‘lo darajada. Olimpiya qishloqchasi juda ham yaxshi. Umuman olganda, sharoitlar yomon emas. Oziq-ovqatlari ham ancha yaxshi. Olimpiya qishloqchasi London markazidan biroz uzoqda joylashgan ekan, shunga qaramay, uning joylashishi yomon emas. Sportchilarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan, ular trenirovkalar va musobaqalarga o‘z vaqtida yetib kelishlari uchun haydovchilar bilan ta‘minlangan. Unutmaslik kerak, sportchilarimizning ko‘pchiligi Olimpiadadek dabdabali va yirik o‘yinlarda birinchi marta ishtirok etishayapti, shuning uchun taassurotlari yaxshi.

BBC: Bu safar o‘zbek jamoamizdan ko‘proq medallar kutilgandi. Lekin, jamoa hozirgacha atigi bir bronza medalini olishga muvaffaq bo‘ldi. Nima uchun yaxshiroq natijalarga erishilmadi deb o‘ylaysiz?

Boboyev: Bilasizmi, qandaydir bir sabab haqida aniq aytmagan bo‘lardim bu bosqichda. Avvalambor, Olimpiya o‘yinlari bu chempionat emas, bu to‘rt yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan musobaqa. Shuning o‘zi sportchiga ruhiy bosim o‘tkazmasdan qolmaydi. Balki kimdir o‘zining asablarini boshqara olmadi, kimdir o‘zining ichki ruhiy ahvolini nazorat qila olmagandir. Buni hali muhokama qilamiz. Balki kimdir o‘yinlarga yetarlicha yaxshi tayyorlana olmagandir. Biz juda katta umidlar tikkan ba‘zi sportchilarimiz, afsuski, umidlarimizni oqlashmadi. O‘zimiz uchun chiqarib olishimiz mumkin bo‘lgan yagona bir xulosa shuki, sportchilarimiz, trener va sport mutaxassilarimiz yaxshiroq natijalarga erishish uchun o‘z harakatlarini va urinishlarini ikka baravarga oshirishlari kerak.

BBC: London Olimpiada erishilgan natijalar Olimpiya jamoamizning kelgusi chiqishlariga qanday ta‘sir qiladi? Yangicha yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqariladimi yoki ularga ko‘proq sharoitlar yaratib beriladimi?

Boboyev: Yangicha ko‘rsatmalar har qanday Olimpiadadan so‘ng, hatto yaxshi yutuqlarga erishilgan bo‘lsada, ishlab chiqiladi. Maqsad - bitta joyda to‘xtab qolmasdan, ilgari harakat qilish. Men siz bilan o‘tgan suhbatimda ham aytganman, O‘zbekistonda hukumat dastagi bilan ajoyib dastur ishlab chiqilgan. Umid qilamizki, bu dasturning ijobiy tajribasi davom etadi. Tabiiyki, unga endi o‘zgartirishlar kiritiladi va yo‘l qo‘yilgan xatolar hisobga olinadi. Ammo, Olimpiya o‘yinlari hali tugaganicha yo‘q va biz hali endi ishtiroki kutilayotgan sportchilarimiz muvaffaqiyatli chiqish qilishlariga juda umid qilayapmiz.

BBC: O‘zbek bokschisi Abbos Atoyev ertaga (10 avgust soat 15:15da) yaponiyalik raqibi Murata Riyotaga qarshi ringga chiqadi. Uning hech bo‘lmasa bronza medalini olishi ta‘minlangan. U bilan bugun yo ertaga uchrashasizmi?

Boboyev: Bilasizmi, hozir uning uchun o‘ta muhim davr. Biz albatta gaplashib turibmiz. Lekin, sportchilarga keragidan ko‘p bosim o‘tkazishda mantiq yo‘q. Bu sportchilar startdan oldin o‘z vazifalari nima ekanini o‘zlari juda yaxshi bilishadi. Biz qila oladigan yagona narsa ularga muvaffaqiyat tilash. Abbos uchun eng yaqin odam bu uning murabbiysi. Shuning uchun, biz faqat unga omad tilab, g‘olib chiqishiga umid qilib qolamiz.