Shveytsariya prokuraturasi: hibslar bir necha yil oldingi jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan

Image copyright RIA Novosti

Shveytsariya Bosh prokuraturasi ikki O‘zbekiston fuqarosi Jeneva shahrida hibsga olinganini tasdiqladi.

Prokuratura e‘lon qilgan bayonotda aytilishicha, ikki o‘zbekistonlik Bosh prokuror bir necha yil oldin boshlagan jinoiy tergov bo‘yicha hibsga olingan.

Shveytsariya prokuraturasi, shuningdek, hozirda hammasi bo‘lib 4 nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan pullarni noqonuniy o‘zlashtirish ayblovi bilan jinoiy ish ochilganini ma‘lum qilgan.

BBC Bern shahridagi Bosh prokuror idorasi bilan bog‘langanida matbuot kotibi Janet Balmer, biz tarqatilgan bayonotdan tashqari boshqa hech qanday ma‘lumot bermaymiz, deb aytdi.

Lekin Shveytsariya Bosh prokuraturasi e‘lon qilgan bayonotda ikki shaxs hibsda ushlab turilgani tasdiqlangan.

Turli xabarlarda aytilishicha, Shveytsariya politsiyasi hibsga olgan shaxslar Shohrux Sobirov va Alisher Ergashevlar bo‘lishi mumikn.

Bir necha yil oldin ochilgan jinoyat ishi "pul yuvish" yoki noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘ni qonuniylashtirishga bog‘liq va bu jinoyat ishining boshqa tafsiloti va undagi yana ikki o‘zbekistonlik haqidagi ma‘lumotlar aniq emas.

Internetda tarqalgan xabarlarda ular O‘zbekistondagi "Koka-kola" shirkatining xodimlari ekani aytilmoqda.

Biroq Shveytsariya mulozimlari davom etayotgan tergovga zarar yetkazmaslik maqsadida boshqa ma‘lumotlarni berishdan bosh tortdilar.

Xabarlarga ko‘ra, ikki o‘zbekistonlik Jenevadagi Lombard Odiyer bankida hibsga olinganlar.

Biroq Lombard Odiyer vakillari bank binosi ichkarisida hibsga olish amaliyoti bo‘lgani xabarini rad etganlar.

Lombard Odiyer 1796 yilda asos solingan bank, uning jahonning turli mamlakatlarida, jumladan Moskvada ham o‘z filiallari bor.

4 avgust kuni Toshkentdagi Shveytsariya elchixonasining oldida norozilik piketi uyushtirilgan.

Bu namoyish Shveytsariyada ikki O‘zbekiston fuqarosining hibsga olinganiga qarshi norozilik sifatida uyushtirilgan.