Eron Suriya masalasida uchrashuv o‘tkazishga chaqirgan

Image copyright BBC World Service

Faollarga ko‘ra, Aleppo(Halab)shahrida Salohiddin tumani uchun janglar yanada kuchaygan.

Bu Eron hukumatining Suriya masalasi bo‘yicha "aniq mavqe‘da" turgan davlatlarni Tehron uchrashuviga chorlagan paytiga to‘g‘ri kelgan.

Uchrashuvda aynan qaysi davlatlar ishtirok etishi hozircha ochiqlanmagan.

Faollarning aytishicha, hukumat kuchlari shahardagi jangarilar joylashgan manzillarni tikucharlardan o‘qqa tutmoqda.

Isyonchilar Salohiddin tumanida nazoratni saqlab turganlarini aytishgan, armiya kuchlari esa bu xabarni rad qilgan.

Tor ko‘chalardan tashkil topgan Salohiddin mavzesi hukumat kuchlarini janub bilan bog‘laydigan muhim nuqta hisoblangani bois ikkala tomon ham nazoratni qo‘ldan bermaslikka intilmoqda.

Chorshanba kuni hukumat armiyasi bundan uch hafta oldin jangarilar tomonidan ishg‘ol qilingan Aleppo(Halab)uchun keng miqyosdagi amaliyotlarni boshlagan.

Suriya davlat telekanali yuzlab "yollanma jangarilar"ni qo‘lga olinayotgani yoki o‘ldirilganini bildirgan.

"Suriya Ozodlik armiyasi" o‘z navbatida hukumat kuchlariga jiddiy zarba berganini, bir qancha tanklar va bronotexnika mashinalari yakson etilganini aytmoqda.

Suriya observatoriyasining xabariga ko‘ra, shahar bo‘ylab 26 kishi, butun mamlakat bo‘yicha 130 kishi o‘ldirilgan.

Kelayotgan xabarlarga qaraganda, Turkiya-Suriya chegara hududlarida jihodiy guruhlar faollashgan.

Jumladan, xalqaro jihodiy guruhlarga taaluqli bo‘lgan o‘zbek jangchilari hukumat armiyasiga qarshi kurashayotgan isyonchilarga qo‘shilish uchun Suriya hududlariga o‘tganlari haqida xabarlar tarqalgan.