Muxolif qarashdagi Qozoq jurnalisti Ularbek Baytaylaq kaltaklangan

Image copyright AFP
Image caption Jurnalist poytaxt Ostonaga yaqin uyi yonida kaltaklangan.

Ostona shahri yaqinidagi uyi oldida qozog‘istonlik jurnalist kaltaklangan.

Bir necha mustaqil gazetalar bilan hamkorlik qilgan Ularbek Baytaylaq kaltak natijasida qattiq jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan.

Jamoat tashkilotlari jurnalistga bo‘lgan hujum uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanligini taxmin qilmoqdalar.

Qozog‘istonda qalam sohiblariga hujumlar ilk marotaba uchrayotgani yo‘q.

Asosan qozoq tilida ijod qiluvchi jurnalist Ularbek Baytaylaq 8 avgust kuni tunda uyi yaqinida qattiq kaltaklangan. Jurnalistning yonidagi qo‘l telefoni, hujjatlar solingan papkasi, 50 ming tanga (330 dollar) puli va kostyumi olib ketilgan.

Jurnalist hushini yo‘qotgan holda ko‘chaga tashlab ketilgan. Ularbek Baytaylaq ayni damda shifoxonada yotibdi. Shifokorlar uning labi yirtilib, tishlari singan va miyasi yopiq holda chayqalib, ko‘krak qafasi ezilgan, deya tashxis qo‘yishgan. Jurnalistning bir oy davomida davolanishi kerakligi aytilmoqda.

Ularbek Baytaylaq Milliy arxivda ishlashi bilan birga jurnalistik faoliyat ham yuritgan.

U "Dat", "To‘rtinchi hokimiyat" gazetalari va "Oltin tomir" jurnalida o‘zining muxolif chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan.

Qozog‘istonda joylashgan "Odil so‘z" so‘z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro jamg‘armasi prezidenti Tamara Kaleyevaning BBCga bildirishicha, Baytaylaqqa hujum uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

"Chunki kostyum va 50 ming tanga uchun bu darajada urishmaydi. Maqsad o‘ldirish bo‘lgan. Ularbekning aytishicha, ularning o‘ldirmoqchimiz, degan gapini eshitgan. Odatda talonchilar qo‘lga tushgan taqdirda og‘ir ayblar qo‘yilmasligi uchun ishni bu darajada og‘ir ko‘rinishga olib bormaydi. Bundan tashqari u muxolifat nashrlari bilan hamkorlik qilib, muxolif qarashlarda bo‘lgan", deydi Tamara Kaleyeva.

Kaleyeva xonim bu faqat taxmin ekanligini va huquq-tartibot organi xodimlari ushbu jinoyatning asl sababini ochishlariga umid qilajagini bildirdi.

Avtoritar davlat hisoblanmish Qozog‘istonda o‘z nuqtai nazarini bildirgani uchun jurnalistlarga hujum ilk marotaba bo‘layotgani yo‘q. "Odil so‘z" jamg‘armasi o‘tgan yili 13 ta mana shunaqa holatni aniqlagan bo‘lsa, shu yilning avgust oyigacha ham jurnalistlarga 13 marotaba hujum bo‘lgan.

Biroq rasmiy doiralarda jurnalistga kasbiy faoliyati tufayli hujum uyushtirilgani borasida statistika yuritilmaydi. Aybdorlar deyarli jazolanmaydi.

Bizning jurnalistlarimiz hech qachon kasbiy faoliyati sabab hujumga uchramaydi. Butun dunyoda uchraydi, lekin Qozog‘iston bundan mustasno. Chunki huquq-tartibot organlarimiz ushbu versiyani hech qachon ko‘rib chiqishmaydi. Bir qancha jurnalistlar o‘zining huquqini himoya qilishga harakat qilib prokuratura, politsiyaga ariza yozishgan. Biroq jinoyat ishi ochilmaydi. Aybdorlar deyarli hech qachon jazolanmaydi, - deydi Tamara Kaleyeva.