London 2012: Abbos Atoyev O‘yinlarning bronza medalini oladigan bo‘ldi

Image caption O‘zbekistonlik muxlislar Abbos Atoyevning bosh sovrin olishiga umid qilishayotgandi

O‘yinlarning 14-kunida o‘zbekistonlik olimpiyachilar 5 sport turi bo‘yicha bellashishmoqda.

Bugun 75 kg vazn toifasida dongdor bokschi, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev kamida bronza medali uchun ringga chiqdi.

Abbos Atoyev bugun juma kuni yaponiyalik raqibi Murata Riyotaga qarshi jang o‘tkazdi.

U London Olimpiada O‘yinlarining yarim final bellashuvida yaponiyalik raqibiga 13:12 hisob bilan yutqazib qo‘ydi.

Abbos Atoyev O‘yinlarning bronza medali bilan kafolatlanadigan bo‘ldi.

London 2012: Umid ko‘zlari tikilgan jangdan fotolavha

26 yoshli Abbos Atoyev yarim finalga qadar uchta jangini ketma-ket g‘alaba bilan yakunlagan.

Uning o‘ziga tengdosh raqibi o‘tgan yil Bakuda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining kumush medali sovrindori.

Chorak final bellashuvida jazoyirlik raqibini 21:12 hisobida mag‘lub etgan.

Ammo bugungi jang arafasida taniqli boks mutaxassislari Abbos Atoyevning imkoniyatlari haqida ijobiy fikrdalar.

Jumladan, havaskor va professional boksda yengil vazn toifasida bir necha karra jahon chempioni Artur Grigoryan uning g‘alabasiga ishonishini aytmoqda.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni ja‘mi olti nafar bokschi namoyon etgan bo‘lsa, chorak final bosqichida ulardan 5 nafari bellashuvlardagi ishtiroklariga yakun yasashdi.

Ularning mag‘lubiyati ortidan boks bellashuvlarining yarim finalida faqat 75 kg vaznda Abbos Atoyev ringga tushadigan bo‘ldi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, bugungi jangda mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham, Abbos Atoyev bronza medali sohibiga aylanadi.

O‘zbekistonlik taniqli sport sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning aytishicha esa, ishqibozlar O‘yinlarda shu paytgacha ko‘rsatgan natijasidan kelib chiqib, Abbos Atoyevdan eng oliy natijalarni kutishmoqda.

"Chorak finalda aynan o‘sha asosiy raqibi, hindistonlik Vijender Kumardan ustun chiqib, yarim finalga yo‘l olgandan keyin, o‘zbekistonlik sport muxlislarida juda katta ishonch uyg‘ondi. Ya‘ni ular faqat bronza bilan kifoyalanmay, Abbos Atoyevning bemalol finalga chiqib, finalda bosh sovrin uchun kurashishiga umid bilan qarab o‘tirishibdi", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘yinlar o‘z poyoniga yetib borayotgan bir paytda O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi medallar jadvalida bitta bronza medali bilan 70-o‘rinda bormoqda.

Ammo...

Image caption Artur Taymazov o‘z bellashuvlarini ertaga boshlaydi

Bugun London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida sovrinli o‘rinlar kutilayotgan o‘zbekistonlik erkin kurashchilar ham o‘z bellashuvlarini boshlashadi.

Ularning orasida +120 kg vazn toifasida bir necha karra jahon chempioni, ketma-ket uch Olimpiada O‘yinlarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Artur Taymazov ham bor.

Artur O‘zbekistonning eng ko‘p medal olgan sportchilaridan biri sanaladi.

Artur Taymazov o‘z bellashuvlarini ertaga boshlaydi.

Bugun esa, erkin kurash bo‘yicha 2008 yilgi Pekin Olimpiadasining kumush medali sovrindori Soslan Tigiyev gilamga chiqadi.

Soslan 74 kg vazn toifasida yunonistonlik kurashchiga qarshi nimchorak bellashuvini o‘tkazadi.

Erkin kurash bo‘yicha 55 kg vazn toifasida ikki karra jahon chempioni Dilshod Mansurov esa, shimoliy koreyalik raqibi bilan kuch sinashadi.

O‘yinlarning yunon-rim kurashi bo‘yicha musobaqalarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik ikki kurashchi esa, dastlabki bellashuvlaridayoq mag‘lubiyatga uchrashgandi.

Bugun yana badiiy gimnastika musobaqalarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona gimnastikachi Ulyana Trofimova ham saralash bosqich bellashuvlarini davom etdiradi.

Shuningdek, 1000 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha bellashuvlarini 4-o‘rin bilan yakunlagan Vadim Menьkov bugun 200 metrga o‘z kuchini sinab ko‘radi.

Vadim Menkov yakka va juftlik bellashuvlarida qator jahon va qit‘a birinchiliklarining sovrindori sanaladi.

Yuliya Borzova esa, baydarkada eshkak eshish musobaqalarida 500 metrlik poygada ishtirok etadi.

O‘yinlarning 14-kunida ja‘mi 90 ta medali bilan AQSh yana medallar jadvalida peshqadamlikni qo‘lga olgan.