Rossiya prezidenti biznes-ombudsmani: MTSga repressiv choralar qo‘llanmoqda

Image caption O‘zbek rasmiylari "MTS-Uzdunrobita"ga qo‘yayotgan moliyaviy zarar miqdori ham bir necha yuz millionlab dollarga o‘sib bormoqda.

O‘zbekistonning Aloqa va informatsiya agentligi Xo‘jalik Sudiga "Uzdunrobita" shirkatini barcha litsenziyalaridan mahrum qilishni so‘rab murojaat qilgan.

Ayni paytda Rossiyadagi Menedjerlar Assotsiatsiyasi O‘zbekistonda muammoga duch kelgan yoki kelayotgan rossiyalik shirkatlar rahbarlarini o‘z biznes va xodimlarini O‘zbekiston "hukumatining o‘zboshimchaliklaridan muhofaza qilish uchun birlashish"ga chaqiriq bilan chiqqan.

Rossiya prezidentining Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakili Boris Titov "MTS-Uzdunrobita" atrofida yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritishga va‘da bergan.

Rossiya prezidentining tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha vakili Boris Titov esa "MTS-O‘zbekiston" atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritishga va‘da qilgan. Uning aytishicha, O‘zbekiston rasmiylarining mamlakatdagi eng yirik mobil shirkatiga nisbatan qo‘llagan choralari talay savollarni tug‘dirgan.

Rossiyaning MTS shirkati ismi oshkor etilmagan O‘zbekistondagi ta‘sirli strukturalarni shirkat biznesini tortib olishga urinayotganlikda ayblagan.

Biz Rossiya Prezidenti Vladimir Putin huzuridagi biznes ombudsmani Boris Titovdan vaziyat qanchalik jiddiy ko‘rinadi, deb so‘radik.

Boris Titov: Biz o‘z tekshiruvlarimizni oxirgacha yetkazganimiz yo‘q, shuning uchun xulosa chiqarish hali erta, deb o‘ylayman. Lekin yuridik jihatdan gapirsak, vaziyat MTS shirkati uchun juda jiddiy ko‘rinadi. Uning faoliyatiga mutlaq chek qo‘yilgan, barcha litsenziyalari olib qo‘yilgan va shirkat umuman ishlamaydi. O‘zbekiston rasmiylarining harakatlari tufayli mobil aloqalar sohasidagi mamlakatdagi yirik shirkatlardan biri yo‘q bo‘lib ketishi xavfi ostida, deb aytsak bo‘ladi. Bundan tashqari, hibsda ushlanib turgan shirkat xodimlari uchun ham vaziyat jiddiy. Mazkur shaxslar shirkat menedjerlari, egalari emas, lekin bunga qaramay, ular hozirda qamoqqa olinganlar.

BBC: O‘z bayonotingizda siz O‘zbekiston mulozimlari tomonidan "Uzdunrobita"ga nisbatan ko‘rilgan choralar bir necha savollarni tug‘dirayotganini aytib o‘tdingiz. Bu qanday savollar?

Boris Titov: Men choralarni me‘yoridan ortiq, deb ta‘riflagan bo‘lardim va shu bois talaygina savollarga sabab bo‘lmoqda. Agar haqiqatan ham O‘zbekiston qonunlarini buzgan bo‘lishsa, xususan soliqlar sohasida, ayblov qo‘yilishi kerak, lekin bu kabi sondagi menedjerlarni hibsga olish, ulardan ba‘zilari boshqa davlat fuqarolari ekanliklarini inobatga olmaslik, litsenziyalarni olib qo‘yish va mamlakat bo‘ylab mobil aloqasini uzib qo‘yish - bu repressiv chora-tadbirlarni anglatadi. Birinchi navbatda bu repressiyalar biznes-muhiti yaxshi bo‘lgan va qonunlar hurmat qilinadigan davlat siymosiga mos kelmaydi. Ikkinchi tomondan, bu choralar faqat soliqlarni to‘lamaganlikka borib taqalayotgani shubhalarni tug‘dirmoqda.

BBC: Siz chiqargan bayonotingiz O‘zbekiston iqtisodiga sarmoya yotqizishni ko‘zda tutgan Rossiya sarmoyadorlari uchun qandaydir ogohdek bo‘lishi mumkinmi?

Boris Titov: Ha, lekin nafaqat rossiyalik tadbirkorlarga, bu O‘zbekiston hokimiyati uchun ham ogoh bo‘lishi mumkin. Chunki ular o‘z obro‘lariga bunday harakatlar bilan putur yetkazmoqdalar. Bu kabi choralar bilan sarmoyadorlarni jalb etolmaysiz. Va albattaki, Rossiyadagi tadbirkorlar O‘zbekistonda nima bo‘layotganidan xabardor bo‘lib, o‘z sarmoyalarini ikki emas, balki o‘n marta o‘ylab, yotqizishadi, deb o‘ylayman. Lekin nazarimda bu nafaqat Rossiya, boshqa mamlakatlar va jumladan G‘arb sarmoyadorlariga ham taalluqlidir.

BBC: Sizning nazaringizda MTS bilan davom etayotgan mojaro ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta‘sir qilishi mumkin?

Boris Titov: Men faqat biznes va iqtisodiyot sohasi uchun ma‘sulman. Ikki mamlakat orasidagi siyosiy yoki diplomatik munosabatlar bilan shug‘ullanmayman. Shuning uchun bu hodisa ikki mamakat aloqalariga qanday ta‘sir qilishi mumkin yoki bundan buyon qanday rivojlanishi mumkin, degan savolga javob berishga qiynalaman. Bu ikki tomon o‘rtasidagi biznes munosabatlariga ijobiy ta‘sir ko‘rsatmasligi aniq.

BBC: Bu mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin, deb o‘ylaysizmi, ya‘ni xalqaro mahkamalarga murojaat qilmasdan?

Boris Titov: Agar O‘zbekiston hokimiyati MTS xodimlarini qamoqdan ozod etishga qaror qilsa, tsivilizatsion tarzda shirkat bilan normal muzokara olib borsa va agar soliq to‘lamaganlikka oid bahslarni ham ochiqlasa, barcha ayblovlarni jinoiy emas, fuqarolar qonunlari ostida ko‘rib chiqishsa, o‘ylaymanki, tinch yo‘l bilan mojaroga yechim topsak bo‘ladi. Bunday mojarolar normal muloqot yo‘lida hal etilishi kerak.