"Afg‘oniston parlamentiga hujum to‘xtatib qolingan"

Image copyright AFP
Image caption Afg‘oniston rasmiylari yirik hujumni to‘xtatib qoldik, deyishmoqda

Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Idorasi bayonotiga ko‘ra, isyonkorlar mamlakat parlamentiga va Vitse-prezident Muhammad Karim Xaliliyning uyiga hujum uyushtirishni rejalaganlar.

Biroq josuslik ma‘lumotlari asosida ishlagan xavfsizlik xizmati shanba oqshomi tungi tezkor amaliyot o‘tkazishgan va bu hujumni amalga oshirishga hozirlangan 5 kishini qo‘lga olishgan.

Ular orasida bir Pokiston vatandoshi ham bor, deyiladi. Shuningdek, katta miqdorda qurol-aslaha, xudkush hujumchilar kiyadigan nimchalar va nishonga olingan binolar belgilab qo‘yilgan xaritalar ham qo‘lga kiritilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hujumchilar o‘tgan 10 kun davomida Kobuldagi bir uyda hujumni rejalashgan.

Ammo qanday qilib bu qadar katta miqdordagi qurol-aslaha oddiy odamlar yashovchi mahallaga olib kirilgani noma‘lum qolmoqda.

Shunga qaramay, hujum rejasi fosh qilingani haqidagi xabar Afg‘oniston xavfsizlik xizmatlari samarali ishlay boshlamoqda, degan fikrga yetaklaydi.

Biroq bu "fosh etish" bayonoti haqida munosabat bildirgan Tolibon harakati Afg‘oniston hukumati o‘z xavfsizlik xizmatlari obro‘sini ko‘tarish va odamlarning ishonchini uyg‘otish uchun "yirik hujumni to‘xtatib qoldik" degan xabarni tarqatishmoqda, deb aytib chiqdi.