MTS O‘zbekistonda amal qiladigan barcha litsenziyalaridan ayrilgan

Image caption MTS rasmiylariga ko‘ra, olib borilayotgan barcha amallar biznesni tortib olish maqsadida qilinmoqda

O‘zbekiston xo‘jalik mahkamalaridan birida Rossiyaning yirik mobil aloqa ta‘minotchisi bo‘lmish MTSning O‘zbekistonda ish yuritish uchun berilgan litsenziyasini butunlay bekor qilish ishi bugun ko‘rib chiqilgan.

Hukm tafsilotlari hozircha ma‘lum emas, o‘zbekiston mobil aloqa bozorida eng yirik shirkat bo‘lgan MTS litsenziyasi yo‘l qo‘yilgan noqonuniy harkatlari tufayli deya, iyul oyida dastlab 10 kunga keyinchalik 3 oyga to‘xtatilgandi.

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasi "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagan.

Davlat aloqa inspektsiyasi qonunbuzarliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, shirkat faoliyatini to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini bildirgan.

Bungacha MTSning O‘zbekistondagi rahbari Behzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabar chiqqan edi.

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasi tekshiruvlar natijasida "O‘zdunrobita" shirkati respublika bo‘ylab 48 ta stantsiyani noqonuniy ravishda ishlatib kelganini aniqlagan.

Xabarlarga ko‘ra, litsenziya talablarini bajarmagani uchun "MTS-O‘zbekiston" 210 million AQSh dollari to‘lashi lozim.

Bundan tashqari abonentlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarda uyali aloqa kompaniyasining ayrim joylarda sifatsiz xizmat ko‘rsatgani ko‘rsatilgan. Davlat aloqa inspektsiyasi, yuqorida zikr etilgan qonunbuzarliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, kompaniyaga berilgan litsenziya olib qo‘yilishi mumkinligini aytgan.

Xo‘sh, MTSning shu vaqtgacha bu ayblov va harakatlarga munosabati qanday bo‘lib kelgan?

O‘zbekistondagi monopoliyaga qarshi hududiy idoralar hujjatlari bilan tanishgan Rossiyaning MTS shirkati so‘nggi bayonotiga ko‘ra, bu buyurtma hujjatlar oldindan tayyorlanib tarqatilgan va oxirgi paytda bo‘layotgan hodisalar O‘zbekistondagi ta‘sirli strukturalarning biznesni tortib olish istagida ekanliklaridan dalolat beradi.

BBC bilan suhbatda "Mobilnye TeleSistemy" shirkati matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenkoning avvalroq aytishicha, MTS O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshiruvlari ortidan chiqarilayotgan aksilmonopol idoralarning qarorlarini, "Uzdunrobita" aktivlarining muzlatib qo‘yilishini hamda shirkat xodimlarining hibsga olinishini O‘zbekistondagi muayyan ta‘sirli strukturalarning biznesni tortib olish niyatidagi amallari deb ko‘radi.

MTSga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi shirkat faoliyati tekshirishlarini mamlakat qonunlarini buzgan holda amalga oshirayotgani, hali mahkamaning qarori chiqmasdan turib "Uzdunrobita" hisoblari muzlatilgani, shirkatga o‘z texnologik uskunalaridan foydalanishga izn berilmagani va shirkat xodimlarining hibsga olinishidan kimdir "Uzdunrobita"ning biznesini tortib olmoqchi bo‘layapti, degan xulosaga undagan.

MTS bu ish yuzasidan xalqaro mahkamaga ham murojaat qilishi mumkinligi bildirgan.