​Artur Taymazov: "Men o‘z g‘alabamni butun O‘zbek xalqiga baxshida etaman..."

Image caption Afsonaviy Artur Taymazov birorta bellashuvda bir ochko ham yo‘qotmagan yagona sportchi bo‘ldi

London Yozgi Olimpiada O‘yinlari o‘z poyoniga yetarkan, o‘zbekistonlik dongdor kurashchi Artur Taymazov erishgan yutuqlari bilan tarixda qoladigan bo‘ldi.

Artur erkin kurash bo‘yicha 120 kg vazn toifasida O‘yinlarning oltin medalini qo‘lga kiritib, ketma-ket uch bor Olimpiada chempioniga aylandi.

Ustiga ustak, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi so‘nggi ikki Yozgi Olimpiada O‘yinlarida qo‘lga kiritgan oltin medallar ham faqat Artur Taymazovga tegishli bo‘ldi.

BBC so‘nggi olamshumul yutug‘i ortidan dongdor kurashchi Artur Taymazov bilan bog‘lanib, uning ko‘nglidan kechayotgan his-tuyg‘ular bilan qiziqdi.

Artur Taymazov: O‘zimni a‘lo darajada his etayapman. Haliyam erishgan yutug‘imning butun gashtini to‘liq his eta olganim yo‘q. Chunki menga ishqibozlik qilgan, mening g‘alabamni orziqib kutgan muxlislarim, mamlakatim, yoru birodarlarimning yuzini yerga qaratmadim. Ularning orzusi amalga oshdi. Men o‘zimga ishqibozlik qilgan hamma-hammaga tashakkurlarimni izhor etib qolaman.

BBC: Siz erishgan bu kabi yutuqqa dunyodagi sanoqli kurashchilargina muvaffaq bo‘lishgan, xolos. Sizning kurashchi sifatidagi siringiz, o‘ziga xosligingiz nimada?

Artur Taymazov: Menimcha, kuchim – sabr-toqatli ekanimda bo‘lsa kerak. Men bu g‘alabani bardosh bilan kutdim. Bunday bo‘lmagan taqdirda, hozirgi yutuqlarimga erisholmagan bo‘lardim, balki. Chunki dunyoda kuchli odamlar ko‘p, ammo ularda ana shu sabr-toqat yo‘q. Men esa, bularning barchasiga muvaffaq bo‘ldim. Buyog‘iga, nazarimda, Xudoyim ham qo‘llab yubordi.

BBC: Artur, so‘nggi g‘alabangizni kimga bag‘ishlagan bo‘lardingiz?

Artur Taymazov: London Olimpiada O‘yinlarida erishgan g‘alabamni menga ishqibozlik qilgan butun O‘zbek xalqi, prezidenti, men bilan ana shu uzoq yo‘lni birga bosib o‘tgan murabbiyimga baxshida etaman. Chunki, avvalroq ham aytib o‘tganimdek, ular mening ana shu g‘alabamni orziqib kutishdi. Menga ishqibozlik qilishdi va ularning istaklari amalga oshib, men g‘alaba qozondim.

BBC: Artur, agar sir bo‘lmasa, bundan keyingi rejalaringiz qanday? Braziliyada bo‘lib o‘tajak 2016 yilgi Olimpiada O‘yinlarida ham ishtirok etasizmi?

Artur Taymazov: Hozircha bu xususda aniq bir narsa aytolmayman. Eng avvalo biroz dam olmoqchiman. Keyin bu haqda o‘ylab ko‘raman. Agar sog‘lig‘im imkon bersa, navbatdagi Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham ishtirok etaman. Chunki yoshim ham o‘ttizdan oshib qoldi. Hayotni ham sal boshqacharoq yo‘nalishda davom etdirishning payti yetgan bo‘lishi mumkin.

BBC: London Olimpiada O‘yinlarida qo‘lga kiritgan oltin medalingiz uchun olajak 150.000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot pulini nimalarga sarflamoqchisiz, agar sir bo‘lmasa?

Artur Taymazov: Bilasizmi, hali bu haqda o‘ylab ko‘rganim yo‘q.

BBC: London Olimpiada O‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar orasidan faqat siz oltin medali oldingiz. Nega qolgan sportchilarga bu kabi omad kulib boqmadi?

Artur Taymazov: Bilmasam, kimdir O‘yinlarga ruhan tayyor bo‘lmagandir. Bu masalada aniq bir narsa deyishim qiyin. Men faqat o‘zim uchun javob bera olaman. O‘zbekistonlik qolgan sportchilar ham Olimpiada chempioni bo‘lishni nihoyatda istashgandi. Kelajakda, albatta, bizda bitta emas, ko‘plab oltin medallar bo‘ladi. Men o‘zbekistonlik barcha sportchilarga omad va sobitqadamlik tilab qolaman.