BBC navigation

MTSning O‘zbekistondagi 9 milliondan ortiq mijozi ne kuyga tushdi

Сўнгги янгиланиш 14 август 2012 - 11:27 GMT

Toshkent xo‘jalik mahkamasi MTSning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun berilgan litsenziyasini mutlaqo bekor qildi.

O‘zbekiston mobil aloqa bozoridagi eng yirik ta‘minotchi MTS litsenziyasining mutlaqo bekor qilinishi 9 milliondan ortiq mijozning umidlarini chipakka chiqardi.

Iyul oyida MTSning o‘z faoliyatida yo‘l qo‘ygan qonunbuzarliklari, deya litsenziyasi dastlab vaqtincha 10 kunga to‘xtatilgan paytda aksar mijozlar boshqa mobil aloqa shirkatlarining xizmatidan foydalanish yo‘llarini izlay boshlagandilar.

Ba‘zi mijozlarga ko‘ra, MTS faoliyatining to‘xtatilishi tufayli boshqa shirkat xizmatiga ko‘chishga majbur bo‘lish asosiy muammo bo‘lmagan.

Yillar mobaynida bir telefon raqamidan foydalanib, undan to‘satdan mosuvo bo‘lish, shuningdek yig‘ilgan biznes va do‘st-u yaqinlar kontakt raqamlarini yo‘qotish eng katta muammoni tug‘dirmoqda.

MTSning sobiq mijozi huquq faoli Surat Ikromovning aytishicha, hozirda o‘zini qorong‘u bir o‘rmonga tushib qolgandek his qilmoqda.

"Men MTS telefon raqamidan oxirgi 12 yilda foydalanib kelgandim. Bir qorong‘u o‘rmonga kirib qolib, qayerdan chiqib ketishni bilmay qolgan odamga o‘xshab qoldim. Men qanchalar odamni qidiryapman, meni qanchalar odam qidiryapti!", deydi huquq faoli.

Surat Ikromovga ko‘ra, mamlakat aholisining uchdan biri xizmatidan foydalanib kelgan shirkatni bu qadar to‘satdan faoliyatini to‘xtatish davlatning o‘z fuqarolariga nisbatan qilgan jinoyat bilan barobardir.

Uning aytishicha, hozirgi kunda mobil aloqa xizmati kundalik hayot va ish yuritishning muhim tamal toshlaridan biriga aylangan.

MTSning 9 milliondan ortiq mijozi hozirda boshqa raqib shirkatlar xizmatidan foydalanish yo‘llarini izlamoqda.

Haqiqatan ham, butun boshli bizneslari mobil telefonlar orqali mijozlar bilan bog‘lanish va ish yuritishga asoslangan shirkatlarni topish hozirda qiyin emas.

Toshkentdagi shaxsiy sartaroshxonalardan biri sohibasiga ko‘ra, MTS faoliyati to‘xtatilgan dastlabki kunlarda mijozlarining deyarli hammasini yo‘qotgan.

Sartaroshxona bir necha kun davomida xizmat ko‘rsatish vaqtini belgilash va rejalash bo‘yicha falaj holatga kelgan.

13 avgust kuni Toshkent shahar xo‘jalik mahkamasi O‘zbekiston Aloqa va Axboratlashtirish Agentligi arizasi bo‘yicha MTSning mamlakatda faoliyat yuritishi uchun berilgan litsenziyasini butunlay bekor qilish hukmini chiqardi.

MTS matbuot xizmati rahbari Valeriya Kuzmenkoning BBC bilan suhbatda aytishicha, hozirda shirkat qonun bo‘yicha belgilangan 10 kun mobaynida mahkama hukmiga qarshi ariza berish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlamoqda.

Shirkat matbuot kotibi O‘zbekiston rasmiy idoralari harkatlarini MTS biznesini "bosib olish" urinishi, deya baholadi.

"O‘zbekiston rasmiy idorlari tomonidan bizning shirkatimizga qarshi amalga oshirilayotgan harakatlar, 2012 yil fevral oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari hech qanday qonunbuzarliklarni oshkor qilmganligiga qaramay oxirgi ikki oy mobaynida qayta-qayta tekshiruvlar o‘tkazilib, bizga qarshi asossiz va mantiqsiz ayblovlarning ilgari surilishi va xodimlarimizning hibsga olinishini bizning biznesimizga O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tazyiq va biznesimizni bosib olish urinishi sifatida baholaymiz", dedi Valeriya Kuzmenko.

O‘zbekiston rasmiylari MTS shirkatini soliqlarni to‘lamaslik va berilgan litsenziya shartlarini buzish kabi amallarda ayblamoqdalar.

MTS O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foiziga xizmat ko‘rsatar edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.