BBC navigation

Artur Taymazov "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlanadi

Сўнгги янгиланиш 14 август 2012 - 15:51 GMT

Dongdor kurashchi London Olimpiada O‘yinlarida erishgan olamshumul yutug‘i uchun 150.000 AQSh dollari bilan birga "El-yurt hurmati" ordeni ham oladigan bo‘ldi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov London Olimpiada O‘yinlarida erishgan yutug‘i uchun dongdor kurashchi Artur Taymazovni "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlashga qaror qildi.

Artur Taymazov O‘yinlarda O‘zbekiston hisobidagi yagona oltin medalni qo‘lga kiritgan va ketma-ket uch Olimpiada O‘yinlarining chempioniga aylangandi.

O‘yinlarning qolgan uch bronza medali sovrindorlari ham faxriy unvonlar oladigan bo‘lishdi.

Bugun chop etilgan farmondan ayon bo‘lishicha, to‘rttovlon London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida erishgan yuksak natijalari va xalqaro sahnada O‘zbekiston obro‘sini yuksaltirishga qo‘shgan katta hissalari uchun bu kabi sharafga noyil deb topilishgan.

Artur Taymazov O‘zbekistonning eng oliy mukofotlaridan biriga loyiq deb ko‘rilgan paytda, taniqli dzyudochi Rishod Sobirov va erkin kurashchisi Soslan Tigiyevlar "O‘zbekiston iftixori" nishoni bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

London Olimpiada O‘yinlarining yana bir bronza medali sohibi Abbos Atoyevga "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" maqomi beriladi.

Abbos O‘yinlarning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan besh o‘zbekistonlik bokschi orasidan yakka o‘zi yarim finalga yo‘llanma olgan va hal qiluvchi jangida yaponiyalik raqibiga boy berib qo‘ygandi.

Ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev bundan avval katta sportda erishgan yutuqlari uchun "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.

Abbos Atoyev O‘zbekistonda "Yilning sportchisi", deb ham tan olingan.

O‘yinlarda ellikdan ortiq sportchisi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi London Olimpiadasini bir oltin va uch bronza medali bilan yakunlagandi.

O‘zbekiston so‘nggi Pekin Olimpiada O‘yinlarida bundan yaxshi natija ko‘rsatgan va qo‘shimcha ikkita kumush medali ham olgandi.

O‘zbekistonlik sportchilar London Olimpiadasida dzyudo va boks bellashuvlarida sovrinli o‘rinlarga umid qilishgandi.

Bunga ularning saflarida bir necha karra jahon va qit‘a chempionlari bo‘lgani ham jiddiy asos bergandi.

Ammo har ikki sport turida Rishod Sobirov va Abbos Atoyevdan tashqari aksariyat sportchilar O‘yinlarni to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlar bilan yakunlashdi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, London Olimpiadasida ikki yuzdan ortiq davlatdan o‘n mingdan ziyod sportchi besh mingga yaqin medal uchun kurash olib borishgandi.

Ammo O‘zbekiston O‘yinlarda qo‘lga kiritgan natijalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Agar Qozog‘iston nazarda tutilmasa, Tojikiston bitta bronza medali bilan kifoyalandi.

Qirg‘iziston va neftu gazga boy Turkmaniston esa, umuman sovrinsiz London Olimpiadasidagi ishtiroklariga yakun yasashdi.

O‘zbekiston Prezidenti O‘yinlarning oltin medali sohibiga 150.000, kumush medali sovrindoriga 75.000 va bronza medali egasiga 50.000 AQSh dollari miqdorida mukofot puli va‘da qilgan.

O‘zbekistonlik olimpiyachilarning ertaga Toshkentga yetib borishlari kutilmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.