BBC navigation

Ramazonda ro‘zadorlarni nishonga olgan xudkushlik hujumlari qoralanmoqda

Сўнгги янгиланиш 15 август 2012 - 11:25 GMT

Ramazon oyi yakunida Qunduz va Nimro‘z viloyatlaridagi gavjum bozorlarni nishonga olgan xudkushlik hujumlari keskin qoralanmoqda.

Afg‘on rasmiylari portlashlar 48 insonning umriga zomin bo‘lgani, 130 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar berganlar.

14 avgust, ko‘plab musulmonlar "Laylatul-qadr" kechasi arafasi deb bilgan kuni kechga yaqin xudkush hujumchilar bozorlarni nishonga olganlar.

Muxbirlarga ko‘ra, bu paytda musulmonlar iftorlik yoki yaqinlashib kelayotgan Ramazon Hayiti uchun bozorlik xaridi bilan band bo‘lganlar.

Halok bo‘lganlarning aksari bolalar va meva-sabzavot bilan savdo qiluvchilar bo‘lganlar.

Dastlabki xudkush hujumchi o‘zini Afg‘onistonning Eron chegarasiga yaqin Zaranj tumanidagi bozorda portlatgan.

Zaranjda 36 inson halok bo‘lgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Qunduz viloyati politsiyasi portlash 12 insonning umriga zomin bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Qunduz viloyatining Dashti Archi tumani hokimi BBCga aytishicha, bomba o‘rnatilgan mototsikl asosiy xiyobonga tashlab ketilgan.

Qurbonlarning aksari tinch fuqarolar, jumladan bolalar

Ikki hodisada ham hujumchilar odamlar gavjum joylarni tanlaganlar.

Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay hujumlarni keskin qoralagan, bu hujumlar ularni tashkil qilganlarning Islom dini dushmani ekanini ko‘rsatadi, degan.

"Afg‘onistonning dushmanlari muqaddas Ramazon oyi haqida o‘ylamaydilar", degan Prezident Karzay.

Zaranj tumanidagi istihborot xizmati mulozimining BBCga aytishicha, hududga o‘zini portlatish maqsadi bilan 14 tacha xudkush hujumchi kiritilgan.

Ulardan ayrimlari dushanba va seshanba kunlari hibsga olinganlar.

Boshqa bir afg‘on mulozimining aytishicha, hujumlar boshlangan paytda politsiya gavjum bozorda xudkush hujumchilarni izlayotgan bo‘lgan.

Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari qo‘mondoni general Jon Allen ushbu hujumlarni qoralagan, bu hujumlarni "qasddan ommaviy qotillik", deb atagan.

General Jon Allen nomidan tarqatilgan bayonotda Tolibon rahbari Mullo Umarga murojaat qilingan, "qotillarini jilovlab olish"ga chaqirilgan.

Biroq hujumlarning ertasi kuni kechga qadar ham Tolibon ushbu hujumlarga munosabat bildirmagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.