BBC navigation

Avstraliya boshpana izlovchilarni yana qo‘shni orol-mamlakatlarga "haydaydi"

Сўнгги янгиланиш 15 август 2012 - 13:21 GMT

Yangi tartib hayotini xavf ostiga qo‘yib Avstraliyaga kemada yetib olishga urinayotgan insonlarni qaytaradi, deb umid qilinmoqda.

Avstraliya parlamentining quyi palatasi kemalarda yashirincha yo‘llar bilan Avstraliyaga kirib olmoqchi bo‘lgan boshpana izlovchilarni Tinch ummonidagi orol mamlakatlar - Nauru va Papua-Yangi Gvineyaga o‘tkazish haqidagi shartnoma matnini ma‘qullab ovoz bergan.

Ushbu shartnoma ustidan Avstraliya partiyalari a‘zolari o‘rtasida qattiq bahslar kechdi va nihoyat o‘zaro kelishuvga erishganlar.

O‘zi hozir qudratdagi Leyboristlar partiyasi Naurudagi muhojirlarni tutib turish markazini 2008 yilda yopgan edi.

Hozir Leyboristlar rahbari Avstraliya Bosh vaziri Juliya Gillard xonim Nauru va Papua-Yangi Gvineya rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazganini va ular Avstraliyaga yo‘l olgan insonlarni tutib turish markazlarini qayta ochishga rozilik bildirganlarini aytdi.

Yaqin bir oy ichida bu markazlar ish boshlashiga umid bildirgan Avstraliya Bosh vaziri Gillard xonim.

Ayni paytda Avstraliya sohillariga qayiqda yetib borishga uringan 67 boshpana izlovchi qidirilmoqda, bir necha kundan buyon ular topilgani yo‘q.

Kema Indoneziya sohilidan Avstraliyaga qarab yo‘lga chiqqan, shundan keyin bedarak ketgan.

Kemadagi hamma odam halok bo‘lgan bo‘lishlari mumkin, degan xavotirlar bildirilayapti.

Avstraliya matbuoti xabar qilishicha, 2009 yil oktyabridan buyon dengizda qayiqda bu mamlakat qirg‘oqlariga yetib borishga uringan 600 dan ortiq inson cho‘kib ketgan.

Avstraliyada aksar Osiyo mamlakatlariga nisbatan yashash darajasi balandligi ko‘p insonlarni bu mamlakatga qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham kirib olishga undaydi, bundan kemalarda odam kontrabandasi bilan shug‘ullanadigan mo‘may daromad olishadi.

Avvalambor, bular Avstraliyaning qo‘shnilari - Indoneziya, Shri-Lankadan bo‘lgan kishilar ko‘p uchraydi.

Oxirgi yillarda ko‘plab afg‘onistonlik, iroqlik muhojirlar o‘tirgan qayiqlar dengizda halokatga uchragani haqidagi xabarlar ham ko‘paygan.

Avstraliya hukumati esa noqonuniy muhojirlar oqimini imkon qadar kamaytirishga urinib keladi.

Shu maqsadda ilk bor 2001 yilda Avstraliyaga qo‘shni Nauru va Papua Yangi Gvineyaning Manus orolida muhojirlarni ushlab turish markazlari ochilgandi. Buning evaziga bu mamlakatlar Avstraliya hukumatidan yordam mablag‘lari oldilar.

Bu markazlar 2008 yilgacha hokimiyatga Leyboristlar kelib, ularni yopguncha faoliyat yuritdi, Avstraliya sohilida kemalarni ko‘rgan harbiy dengiz chegara qo‘shinlari boshpana izlovchilarni ana o‘sha orollarga haydashdi.

Odamlar bir necha oy, ba‘zan esa bir nechani yil qattiq qo‘riqlanadigan markazlarda o‘tkazishdi, u yerdagi yashash sharoitlari hamda ko‘p vaqt ushlab turilganlariga qarshi ochlik e‘lon qilish amaliyotlari uyushtirishdi.

Aksar avtraliyaliklar bunday markazlarni tashkil qilish siyosatini qo‘llab-quvvatlaganlar, biroq inson haqlari tashkilotlari Avstraliyani o‘z zimmasiga olgan qochqinlarga oid konventsiyalar majburiyatlarini bajarmayotganlikda ayblashdi.

Ayni paytda Avstraliyaga borayotgan boshpana izlovchilar soni ham ko‘payib boraverdi. Dengizda halok bo‘layotganlar soni ham ortmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2012 yilning 7 oyi davomida Avstraliya qirg‘oqlariga noqonuniy kirib kelgan kemalar soni 7100 tadan oshgan.

Bosimlar ostida o‘zlari qochqinlar markazlarini yopganlariga qaramasdan, qudratdagi Leyboristlar partiyasi muammoni hal etish yo‘lini izlashga majbur bo‘ldi, Bosh vazir Juliya Gillard buyrug‘iga binoan, ushbu muammo yechimini topish maqsadidagi maxsus hay‘at 2 oy oldin tashkil etildi.

Vaziyatni obdon o‘rgangan mustaqil hay‘at Avstraliya hukumatiga tavsiyalar ishlab chiqqan, bu tavsiyalardan biri qo‘shni mamlakatlarda boshpana izlovchilarni ushlab turish markazlarini "imkon qadar tezroq" qayta ochish maslahati bo‘ldi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.