BBC navigation

"Protivogaz bilan qiynoq usullari O‘zbekistonda keng tarqalgan"

Сўнгги янгиланиш 15 август 2012 - 17:14 GMT

Protivogaz bilan qiynoq usuliga "kichkina fil" deb nom berishgan.

O‘zbekistondagi nasroniy diniy oqimining a‘zosi Xorazm viloyati Xazorasp tumani militsiyasi xodimlari o‘zini protivogaz bilan qiynoqqa solganlari haqida turli idora va tashkilotlarga shikoyat qilgan.

"Svideteli Iyegovy" oqimi a‘zosi Gulchehra Abdullayeva O‘zbekiston Prezidenti devoni, O‘zbekiston parlamentining inson huquqlari bo‘yicha vakili Ombudsman idorasi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va BMTga murojaat qilgan.

Gulchehra Abdullayevaning da‘vo qilishicha, Xazorasp tumani ichki ishlar xodimlari uning boshiga gaz niqobini kiygizganlar va issiq havoda suvsiz 4 soat davomida devorga tik qarab turishga majburlaganlar.

Jahonda diniy huquq va erkinliklar ta‘minlanishini kuzatib boradigan "Forum 18" xalqaro tashkilotidan Feliks Korli aytishicha, Gulchehra Abdullayevaning ushbu da‘vosi ishonchli.

"Forum 18" tashkiloti O‘zbek militsiyasi qo‘l urayotgan noinsoniy muomala haqidagi axborotni olganidan so‘ng Xorazm viloyatidagi davlat organlariga murojaat qilgan.

Tashkilot vakili Feliks Korliga ko‘ra, Gulchehra Abdullayevani jarimaga tortgan hakam, Xazorasp Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan telefon orqali bog‘langanlar, biroq bu mansabdorlar "Forum 18" tashkiloti vakillari bilan suhbatlashishdan bosh tortganlar.

"Biz hakam va militsiya rahbari bilan suhbatlashdik va ular bu masalani mubohasa etishni istashmadi. Biz Abdullayeva xonim gaz niqobi bilan qiynoqqa tutilgan, deymiz. Chunki bundayin usul O‘zbekistonda keng qo‘llanadi. Bir toshkentlik faolga ko‘ra, gaz niqobi kiydirilgan odam, juda kuchli bo‘lsa ham, ko‘pi bilan yarim daqiqa bardosh bera oladi", dedi BBC bilan suhbatda Feliks Korli.

54 yoshli Gulchehra Abdullayeva bolalar shifokori bo‘lib ishlagan, xalqaro tashkilotga ko‘ra, u Qozog‘istonga borib qaytganidan keyin Xazorasp militsiyasi uning uyida biror bir ordersiz tintuv o‘tkazgan, "Qozog‘istondan olib kelib yashirgan "Svideteli Iyegovy" oqimi kitoblarini topishni" talab qilganlar.

Shundan so‘ng 4 militsiya xodimi Gulchehra Abdullayevani militsiya bo‘limiga olib borganlar, boshiga protivogaz kiygizib, gaz niqobining havo kiradigan joyini bekitib qiynoqqa solganlar.

"Forum 18" xalqaro tashkiloti O‘zbekiston militsionerlarining bu qiynoq usuli "kichkina fil" degan nom bilan taniqli ekanini ma‘lum qiladi.

Gulchehra Abdullayevani mahkama beruxsat diniy ta‘lim berish bandida aybdor deb topib, 314600 ming O‘zbek so‘miga jarimaga tortgan.

"O‘zbekistonda barcha dindorlar ta‘qib qilinadi - musulmonlar ham, nasroniylar ham, Xari Krishnachilar ham, "Svideteli Iyegovy" oqimi a‘zolari va ba‘zan Bahoiylar ham ta‘qib ostida. Chunki hukumat barchani o‘z nazoratida ushlashni istaydi. Mustaqil dindorlar, kasaba uyushmalari va yoki siyosiy partiyalar - hamma-hamma hukumat chizgan chiziqdan chiqmasligi kerak", deydi "Forum 18" vakili Feliks Korli.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.