BBC navigation

Qozog‘istonlik dehqonlar Olmoniyaga qovun eksport qilmoqda

Сўнгги янгиланиш 16 август 2012 - 15:20 GMT

Asosan mirzacho‘l hududida yetishtiriluvchi "mirzacho‘l qovuni" yoki "torpeda" nomlari bilan mashhur qovun Ovro‘pada katta ishtiyoq bilan sotib olinayotgani aytiladi.

Sho‘rolar davrida ushbu qovunlar asosan O‘zbekistoning Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi cho‘l hududlariga ekilgan va butun ittifoqda mashhur bo‘lgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligida olib borgan tushunarsiz siyosati tufayli ushbu qovunlarni hattoki qo‘shni Qozog‘istonga ham eksport qilish keskin kamaydi.

Poliz ekiniga ehtiyoj ortidan O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarda ushbu qovunni yetishtirish texnologiyasini o‘zlashtirib olgan qozog‘istonlik dehqonlar mamlakat ichini ta‘minlab endi Ovro‘paga yo‘l olgan.

Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Maqtaaral tumanida fermerchilik qiluvchi Ortiq Aqturiyev 4 yildan beri Olmoniyaga qovun eksporti bilan shug‘ullanadi. Ilk marotaba yuk mashinalarga qovunni ortib o‘zi ketganini eslaydi.

"Boshida o‘zim olib bordim. Bir o‘rtog‘im ikkalamiz. Boshida hech o‘tmadi. Odamlarni "olmasangiz ham bir marta yeb ko‘ring", deb zo‘rladik. Yeb ko‘rgandan keyin shirinligini bilib rang ro‘ylari o‘zgarib ketdi. Shundan boshlab sekin sekin olishni boshladi.

Mirzacho‘l qovunidan, uzun uzun kattasidan olib borgandik. Uch kunga qolmay sotib yubordik. U yoqqa asal bo‘lib boradi. Bizning qovunni ko‘rgandan keyin Ispaniyaning qovunini ushlamaydi ham", deydi Ortiq Aqturiyev.

Ortiq og‘a bu yil 400 tonna qovun yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan, ayni damda shuning 40 foizi yetkazilgan. Yo‘ldagi muammolar tufayli qolganini yetkazolmay turibdi. Qozoq qovunlari Rossiya, Belarus va Polsha orqali Olmoniyaga kirib boradi.

Ayni vaqtda ularning Hollandiyaga ham o‘tayotgani ma‘lum.

Boshlanishida qovunlar rus do‘konlarida sotilib boshlangan, hozir yetkazuvchilardan ulgurji narxda oluvchi olmoniyalik tadbirkorlar qovunlarni supermarketlarga tarqatishadi. Qovunlarning asosan Honnover va Frankfurt shaharlarda sotilayotgani ma‘lum.

Ortiq og‘aning 680 gektar yeri bor va shuning 400 gektariga qovun ekkan. Oldin paxta yetishtirishga ixtisoslashgan fermer yildan yilga paxta maydonlarini qisqartirmoqda.

Bir gektar yerdan Olmoniya bozori bop qovundan 10 tonna hosil olishi mumkin. Qovunning bir kilosini Olmoniyada 1 yevrodan ulgurji sotadi. Qozog‘istonlik fermer 400 gektar joyidan 4 million yevro savdo qilishi mumkin.

Sobiq Ittifoq o‘lkalarida "torpeda" nomi bilan mashhur bo‘lgan mirzacho‘l qovuni sho‘rolar parchalanishidan oldin asosan O‘zbekistonning Sirdaryo va Jizzax viyalotlarida joylashgan Mirzacho‘lda ekilgan va ittifoqni ta‘minlagan.

Biroq O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligi sohasida olib borgan tushunarsiz siyosati tufayli ushbu qovun ekiladigan maydonlarga to‘lig‘i bilan paxta va bug‘doy ekiladigan bo‘ldi.

Hattoki qo‘shni Qozog‘iston ham O‘zbekiston qovunlarini import qilishda muammolarga uchray boshladi.

Shundan so‘ng Qozog‘istonlik dehqonlar iqlimi deyarli bir hil bo‘lgan Maqtaaral va Chordara tumanlariga dovrug‘i doston qovunni ommaviy ravishda yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

Janubiy qozog‘istonlik fermerlarga o‘zbekistonlik dehqon mutaxassislar yaqindan yordam berib, shu yerdan pul ishlamoqda.

Maqtaral tumanidan fermer Alaydar Arapov o‘zbekistonlik ishchilarning ko‘p ekanini aytadi.

"Ko‘pchilik fermerlarga ekishda maslahat beruvchilarning hammasi O‘zbekistondan kelgan. Husan degan yigit yozda kelib shu yerda ishlab ketadi. Gulistonda uy ham solayapti, to‘y ham o‘tkazayapti. O‘tgan yili 15-17 ming dollar ishlab ketdi", - deydi Alaydar Arapov

Paxta Qozog‘istonning asosan janubiy viloyatida ekiladi. So‘nggi 5 yilning ichida paxta maydonlari 30 foizga qisqarib ketgan.

Janubiy Qozog‘iston viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbar o‘rinbosari Po‘latbek Tastanovning BBCga aytishicha, fermer xo‘jaliklari foyda ko‘proq keltiruvchi poliz va bog‘dorchilik maxsulotlarini yetkazishga o‘tib ketishmoqda.

"Boshqa tur ekinlarini ekuvchi dehqonlarning soni ko‘paymoqda. Sababi ular maxsulotni xorij valyutasiga kilosini qanchadir yevroda sotmoqda. Paxta yetishtirishga esa bizning yerlar charchab qoldi. Ancha yildan beri paxta ekiladi, yer charchab qolgan. Kutilgan hosilni bermaydi", - deydi Po‘latbek Tastanov.

Qozog‘istonda yerga nima ekib hosil olishni fermerlarning o‘zlari hal qiladi. Olmoniyaga qovun eksport qilayotgan Ortiq Aqturiyev poliz ekinlaridan ko‘ra bog‘dorchilikdan ko‘proq foyda qolishini aytadi.

"Men Italiyadan olma ko‘chati olib kelib intensiv bog‘ qilganman. Bir gektar yerga 2850 dona olma ekkanman. Bahorda ekkan bo‘lsam, halitdan 5 tonna hosil oldim. To‘liq hosilga kirsa bir gektardan 50 tonna olma olaman. Olmaning kilosi bozorda 1,5 dollardan. Agar bir dollardan sotganingizda ham gektaridan 50 ming dollar olasiz", deydi Ortiq Aqturiyev.

Fermer savdo sohasida o‘ziga xos to‘siqlar ham borligini aytadi. Ayni damda olmoniyalik tadbirkorlar bilan kelishilgan 20 ta yuk moshin maxsulotning faqat 9 tasi yetkazilgan. Haydovchilarning viza va boshqa hujjatlar muammosi tufayli aytilgan tovarni o‘z vaqtida yetkazish qiyin bo‘lmoqda.

Fermer Ovro‘pada qozog‘istonlik tadbirkorlar yetkazilgan mahsulotni sotish bo‘yicha ish boshlasa ko‘proq daromad kelishi mumkinligini aytadi.

- Biz fermermiz, daladan chiqib ketishga vaqtimiz oz. Qani edi, bizning tadbirkorlar Ovro‘paga borib ishlasa, o‘zimizning savdo nuqtalarimizni ochsa. Qancha qimmatga sotardik. Olmoniyada bir kilosi 1,76 yevrodan kam sotilmaydi. Qovun u yergacha 70-80 tsent bilan yetib boradi. Daromadimiz qanday katta bo‘lardi, - deydi Ortiq Aqturiyev.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.