BBC navigation

Ramazon oyi tijoratni o‘ldiradimi yo kuldiradi?

Сўнгги янгиланиш 17 август 2012 - 15:12 GMT

Ramazon oyi musulmon o‘lkalarida oziq-ovqat narxlari oshadi

Islomiy taqvimda yilning to‘qqizinchi oyi sanaluvchi Ramazon bu yil 20 iyulda kirgan va u musulmonlar uchun eng muqaddas oy sanaladi.

Ramazon oyida musulmonlarning sahardan shomgacha yeyish-ichishlari, chekishlari va hatto, saqich chaynashlari ham mumkin emas.

Bemor, keksa insonlar va homilador ayollar bundan mustasno, ammo Islom dinida ro‘za tutish jismoniy qurbi yetgan har bir musulmon uchun farz sanaladi.

Saharligu iftorlik soatlariga amal qilisharkan, bu – ro‘zadorlarning uyqulariga ta‘sir etmay qolmaydi. Buning oqibatida, kechga borib, ular ancha holdan toyib qolishadi.

"Ramazon oyida qisqaroq ish soatlari va odamlar kayfiyatidagi o‘zgarishlar sabab, ishchilarning mehnat samaradorligi 35-50 foizga kamayib ketadi", deydi iordaniyalik iqtisodchi Samir Sunnuqrot.

Uning aytishicha, shu bois ham, ayniqsa, davlat idoralarida har qanday majlislar yoki qarorlar Ramazon oyidan keyinga surib turiladi.

"Bu holat esa, ishlab chiqarish sur‘atining pasayishi va biznes odamlarining moliyaviy yo‘qotishlariga sabab bo‘lishishi mumkin", deydi u.

Ammo talab-chi?

Iftor paytlari bozorlar juda gavjumlashadi

Ramazon oyida amal qiluvchi tartib-qoidalar davlatiga qarab, biroz farqlanadi. Lekin aksariyat musulmonlar ro‘za talablariga butkul rioya etishadi.

Deylik, Saudiya Arabistonida yuqori martabali xodimlarning qisqartirilgan ish soatlarida ishlashlariga iz berilmaydi.

Ya‘ni o‘z zimmalariga yuklangan vazifani to‘liq bajarmaguncha, ularning ishlashlari ko‘zda tutiladi.

Ammo Jazoirda xodimlari aynan kun davomida uyda o‘tirib, ro‘za tutishning o‘rniga, faoliyat yuritishni afzal bilgan bir yarim mingdan ortiq biznes maskanlari yopib qo‘yilgan.

Ayrim mamlakatlarda esa, hatto, restoranlar ham kun bo‘yi ochiq bo‘ladi. Faqat peshtoqida musulmon bo‘lmagan xo‘randalarga xizmat ko‘rsatilishi bitilgan yozuv bo‘ladi.

Ammo odamlarning ro‘zador ekanliklari oziq-ovqat mollariga bo‘lgan talabning kamayganini anglatmaydi.

Iordaniyalik iqtisodchi janob Sunnuqrotning aytishicha, aksiga, odamlar o‘zlariga keragidan ortiq miqdorda mahsulot sotib olishga moyil bo‘lishadi.

"Ramazon oyining tijoratchilar uchun ijobiy jihatlaridan biri shundaki, bu paytda oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga bo‘lgan talab kuchayadi. Chunki odamlar odatdagidan ko‘ra ko‘proq narsa iste‘mol qilishadi", deydi u.

Iqtisodchiga ko‘ra, buning natijasida narx-navo ko‘tariladi. Tujjorlar, do‘kon, restoran va qahvaxona sohiblari ham mo‘may daromad qilishadi.

Ramazonda xurmo va nisholda ko‘p iste‘mol qilingani uchun sotuvchilar ancha oldin tayyorgarlik boshlashadi

Deylik, Bangladesh hukumati ichki iste‘molni ta‘minlash va narx-navo sakrab ketishining oldini olish uchun Ramazon oyida baliq eksportini taqiqlab qo‘ygan.

Chiqarilajak xulosa shundaki, talabning kuchayishi, qisqa muddatga bo‘lsa ham, iqtisodning yuksalishiga olib keladi.

Qahvaxona madaniyati

Musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi yakunida esa, uch kunlik Hayit bayrami nishonlanadi, odamlar yaqinlarini ziyorat qilishadi, bir-birlariga sovg‘a-salomlar ulashishadi.

Bu yana oziq-ovqat mahsulotlari bo‘ladimi yoki kiyim-bosh, narx-navoning ko‘tarilishiga olib keladi.

Ramazon oyida, ayniqsa, qahvaxonalarning faoliyati gullab-yashnaydi.

Ayrim musulmon davlatlarida iftordan keyin, qahvaxonaga borib, televizor ko‘rib yoki chilim chekib, do‘stu birodarlari bilan chaqchaqlashish odat tusini olgan.

Bu yilgi Ramazon oyining yoz mavsumiga to‘g‘ri kelishi esa, qahvaxona sohiblariga yanada qo‘l kelgan.

Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi qahvaxona sohiblaridan birining aytishicha, Ramazon oyida mijozlarining soni 100 foizga ortib ketgan.

Ro‘za kunlari to‘yimli va odamni tetik tutuvchi quruq meva va dukkakli o‘simliklar bozori ham chaqqon bo‘ladi

Ayon bo‘lishicha, katta sondagi odamlar, ayniqsa, yoshlarni qahvaxonalarga jalb etayotgan omil faqat chilim emas, balki sun‘iy yo‘ldosh vositasida olib uzatilayotgan turli xil Ramazon barnomalari ham ekan.

Boshqa bir qahvaxona sohibining ham aytishicha, Ramazon paytida yilning hech bir oyida kuzatilmaganidek yaxshi daromad qilishadi.

Jamg‘armalarni aytmaysizmi...

Masjidlarga tushayotgan xayriyalar miqdori ham oshib-toshib ketar ekan, turli xayriya jamg‘armalari ham Ramazon oyida ancha mablag‘li bo‘lib qolishadi.

"Bu – biz uchun yilning eng tig‘iz payti bo‘ladi", deydi Londondagi Islomiy Ko‘mak tashkiloti xodimasi Safiya Baharuniy.

Ramazon oyi shamsiy taqvimga asoslangani uchun har yili ikki hafta ilgari keladi.

Kun qisqa bo‘lgani bo‘lgani sababli, Ramazon oyi qish mavsumiga to‘g‘ri kelgan paytda, biznes faoliyatlariga unchalik ham ta‘sir qilmaydi.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.