BBC navigation

Afg‘on hukumati so‘nggi 40 yillik tarixni nega o‘chirmoqda?

Сўнгги янгиланиш 20 август 2012 - 11:42 GMT

Yangi tarix darsliklari Afg‘onistondagi so‘nggi 40 yillik voqealarni eslatmaydi...

Afg‘oniston hukumatiga ko‘ra, o‘tgan 40 yildagi tarixiy voqealarni darsliklardan chiqarib tashlash yordamida turli millat va siyosiy kuchlar orasida parchalanib yotgan mamlakatni birlashtirish niyat qilinmoqda.

Ammo tanqidchilarga ko‘ra, Tolibon bilan muzokaralarga intilayotgan hukumat toliblar va qudratdagi yirik kuchlarga xush yoqishni istamoqda.

Kelasi ikki yil ichida NATOning jangovor kuchlari chiqib ketgach, Afg‘oniston qanday ahvolga tushishi noma‘lum. Ko‘pchilik, xuddi Sovetlar chiqib ketganidan keyingi urushlar kabi notinchliklar boshlanadi, degan xavotirda.

O‘tgan 40 yillik tarixni eslamaslik esa, ana shundayin fuqarolar urushini to‘xtatishga xizmat qiladi, deb aytilmoqda.

Biroq xuddi ana shu davr Afg‘oniston tarixidagi urush hamda tarixiy o‘zgarishlarga boydir. Xususan, 1979-yillardagi qonli davlat to‘ntarishlari, Sovet ishg‘oli, Mujohidlar urushi, Tolibonning qudratga kelishi va nihoyat, AQSh boshchiligidagi bosqin - hammasi aynan o‘tgan 40 yil ichida ro‘y bergan.

Ayni damda, hozirgi hukumat tarkibidagi ko‘plab muhim shaxslar mazkur urushlarda qatnashgan qo‘mondonlar va yo guruh vakillaridir.

Xususan, 90-yillari Kobulning katta qismini vayron qilgan mujohid guruhlari rahbarlari bugun mamlakat boshqaruvida ishtirok etmoqdalar.

"Joriy hukumatda o‘tirganlar ana shu urushlar boshida turgan va jinoyat qilgan shaxslardir" - deydi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda Kobuldan tahlilchi Olim Kohkan - "Tabiiy, ular o‘zlari amalga oshirgan xunrezliklarni yashirishga intilishadi".

Tanqidchilarga ko‘ra, tarixni o‘zgartirishga intilish umri qisqa bo‘lishi mumkin va kelajakdagi hukumat kimlardan iborat bo‘lishiga qarab, mamlakat tarixi yana qayta yozilmaydi, degan kafolatlar yo‘q.

"Afg‘onistonda bu yangilik emas" - davom etadi Olim Ko‘hkan - "Masalan, ilgari ham Boburiylar va yoki Shayboniylar davrlari kitoblardan atayin olib tashlangan va o‘qitilmagan".

Boburiylardan farqli tarzda, oxirgi 40 yil voqealari hamon insonlar xotirasida va bu yillardagi urushlarda hayoti barbod bo‘lgan millionlab insonlar hamon tirik. Ko‘pchilik o‘tgan urushlarda oddiy insonlarga jabr yetkazgan shaxslarning hukumatdagi yuqori lavozimlarda ishlashidan norozi va ularni odil mahkamaga tortishni talab qilishadi.

Ayni damda, Afg‘oniston to‘rt yirik millat - pashtun, tojik, hazora va o‘zbeklar yashovchi mintaqalar bo‘yicha ham anchayin bo‘lingan. Bu mintaqalarda aholi o‘zi tan olgan qo‘mondon rahbar va yetakchilarga ega.

Shuningdek, Jouzjon yo Faryob kabi o‘zbek viloyatlari o‘z paytida Sovetlarni qo‘llashgan deyilsa, Qunduz, Badaxshon, Panjshir va Taxor har vaqt mujohidlarning tayanch nuqtasi bo‘lgan.

Qandahor va Helmand kabi janubiy viloyatlar esa Tolibon tarafdorlari yashovchi mintaqalar sanaladi.

Aftidan, hukumat o‘tgan 40 yillik voqealarni eslatmaydigan yangicha tarix kitoblari orqali ana shu farqlarni yo‘qotmoqchi. Biroq Afg‘oniston xalqi kuni-kecha guvoh bo‘lgan yaqin tarixni inkor etish kelajakda butunlay teskari oqibatlarga yetaklashi ehtimollarini ham nazardan soqit qilish qiyin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.