BBC navigation

Dunyo kelajagi halol ko‘rinadi...

Сўнгги янгиланиш 20 август 2012 - 13:54 GMT

Halol atir-upa kabi pardoz-andoz sanoati allaqachon ko‘p millionli xaridorga ega

"Yaqinda tong saharda Malayziyalik do‘stim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ramazon tugashi bilan Londonga bormoqchiman. U yerda biron halol mehmonxona bormi, deb so‘rab qoldi" - yozadi jurnalist Naved Axtar - "Londondagi do‘stlarimdan so‘rab-surishtirdim, internetni izladim, ammo biron halol mehmonxona topa olmadim".

Naved keyin go‘shtsiz ovqat tayyorlanadigan yovg‘onxo‘r mehmonxona topadi. Biroq uning taqvodor do‘sti Islom shartlarini hurmat qiladigan - halol taom pishiriladigan, alkolgol sotilmaydigan va muslimalar o‘zlarini bemalol his qilishlari uchun barcha sharoit yaratilgan mehmonxona izlardi.

"Mening bu do‘stim dunyoda tobora soni oshib borayotgan musulmonlardan biri" - davom etadi Naved Axtar - "U katta shaharda yashaydi, oliy ma‘lumotli, dunyo kezgan va ko‘plab mamlakatlarda qarindoshlari bor. Biroq barchalari Islom dini ahkomlari va shartlarini hurmat qiladigan joylarga borishni istashadi".

Bu hali xamir uchidan patir... Dunyo bo‘ylab musulmonlar soni hozir qariyb 2 milliardga yaqinlashib qoldi. 2025 yilga borib esa dunyodagi har uchinchi inson musulmon bo‘ladi.

Ko‘plab musulmon o‘lkalarida o‘rta tabaqa va puldorlar soni oshishi bilan ular sayohat hamda xarid uchun sarflayotgan pul miqdori ham ko‘paymoqda.

Yosh musulmonlar orasida Islomiy to‘y qilish ko‘payarkan, to‘yxonalar bu talabni qondirishga majbur

AQShdagi Dinar Standard shirkati olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2011 yil davomida dunyo bo‘ylab sayohat qilgan musulmonlar kamida 125 milliard AQSh dollari sarflashgan. Bu raqam esa vaqt sayin o‘sib boraveradi.

Halol atir va chinnilar

Aksar musulmonlar hamon Misr, Turkiya va Malayziya kabi Islomiy mamlakatlarga sayohat qilishni afzal bilishmoqda. Sababi - bu yerlarda musulmonlar talab-ehtiyoji inobatga olinadi. Biroq Avstraliya kabi noislomiy mamlakatlar ham o‘zgarayotgan voqelikni ilg‘ab, o‘z tijoratlarini musulmonlar ehtiyojlariga moslay boshlashgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, musulmonlar odatda katta oila bo‘lib sayohat qilishadi va borgan joylarida uzoq muddat qolishadi. Xullas, hechbir tijorat bundayin foydali sayyohlar ehtiyojini nazardan qochira olmaydi.

So‘nggi paytlari nafaqat halol taomlar, balki boshqa halol mahsulotlar ishlab chiqarish ham ko‘paymoqda. Masalan, alkogolsiz atirlar va tish pastalari, halol chinnilar va yoki kir yuvish kukunlari shular jumlasidan.

Malayziya va Turkiya kabi yetakchi musulmon o‘lkalarida alalqachon besh yulduzli, Hilol shakli tushirilgan maxsus kurort mehmonxonalar ochilgan. Mazkur oromgohlarda butunlay musulmonlar ehtiyojlariga mos dam olish tashkillashtirilgan.

Hali 10 yil oldin deyarli halol oshxona bo‘lmagan Moskvada bugun har qadamda halol taom topish mumkin

Ko‘m-ko‘k dengizga qaragan va so‘lim bog‘lar ichidagi oromgohlarda muslimalar ham, oilalari ham o‘zlarini bemalol his qilishlari uchun sharoit muhayyo. Har xonada Qur‘oni Karim, binolarda Makkayu Mukarramani ko‘rsatuvchi belgilar, yemakxonalarda faqat halol taom tortiladi va umuman alkogol ichilmaydi.

Oilalar qoluvchi villalar esa o‘z cho‘milish havzasiga ega. Unga nomahramning ko‘zi tushmaydi. Oromgohda masjidlar bor va ko‘ngilochar dasturlarda ochiq-sochiq yo shahvoniy filmlar namoyish etilmaydi.

Ramazon oyi davomida ertalab og‘iz yopiladigan vaqtda ham, kechki iftorlik mahalida ham maxsus bufetlar ochiladi.

Kelajakda esa dunyo bo‘ylab musulmonlar ehtiyojiga mos tijoratlar faqat ko‘payishi kutiladi. Chunki tadqiqotlarga ko‘ra, har o‘ntadan to‘qqizta musulmon biron narsa xarid qilganida, albatta, Islom qoidalariga qarab ish tutarkan.

Halol mahsulotlar bozori esa hozir yiliga 2 trillion dollarga yetgan. Bu raqam esa jadal o‘smoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.