BBC navigation

Julian Assanj murojaat bilan chiqqan

Сўнгги янгиланиш 20 август 2012 - 11:26 GMT

Hibsga olishga tayyor politsiyachilar bois, Wikileaks sayti asoschisi elchixona ayvonidan turib murojaat qilishni ma‘qul ko‘rgan.

Yakshanba kuni Wikileaks sayti asoschisi Julian Assanj Ekvador elchixonasining ayvonidan turib matbuot uchun murojaatini o‘qib bergan.

Julian Assanj Ekvador elchixonasida iyun oyidan buyon Shvetsiyaga ekstraditsiya etilishidan qochib, yashirinib o‘tiribdi.

Assanj avvalo Ekvador hukumati va xalqiga o‘ziga boshpana bergani va insonparvarlik qadriyatlariga sodiqligi uchun minnatdorchilik bildirgan.

41 yoshli avstraliyalik shuningdek Argentina, Braziliya, Chili kabi Lotin Amerikasi mamlakatlari rasmiylari masalani muhokama qilish uchun Vashingtonga borayotganlarini alohida ta‘kidlagan.

So‘z erkinligi va fuqarolik nuqtai nazari uchun odamlarni ta‘qib qilayotgan davlatlar sifatida Rossiyani, ikki kun oldin ozodlikdan mahrum etilgan Pussy Riot guruhini ham eslab o‘tgan.

Julian Assanj Amerika prezidenti Barak Obamaga murojaat qilib, Wikileaksni va shaxsan o‘zini "jodugarni qo‘lga olish" kabi ta‘qib qilishni to‘xtatishni talab qilgan.

"Amerika hukumati oldida ikki yo‘lni tanlash turibdi: mamlakat dastlab qurilgan paytidagi inqilobiy qadriyatlarga qaytadimi yoki jurnalistlar va oddiy odamlarni qurquvda saqlovchi repressiya va ta‘qiblar chohiga botib ketadimi?",- deb aytgan Julian Assanj.

Assanj murojaat bilan chiqishini payshanba kun Twitterda e‘lon qilgan.

Ekvador elchixonasi oldida Assanjni hibsga olishga tayyor politsiyachilar turganligi sababli, Wikileaks sayti asoschisi elchixona ayvonidan turib murojaat qilishni ma‘qul ko‘rgan.

Biroq Assanjga yaqin manbalarning Sunday Times ro‘znomasiga xabar berishicha, Shvetsiya o‘zini Amerikaga berib yubormasligiga va‘da bergan taqdirda u Ekvador elchixonasini tark qilishi mumkin.

Shvetsiya hukumati Julian Assanjni o‘tgan yili Stokxolm shahrida bir ayolni zo‘rlaganlik va boshqasiga jinsiy tajovuz qilganlikda ayblagan va uning ekstraditsiya etilishini so‘ragan.

40 yoshli avstraliyalik ayblanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi, ular siyosiy sabablarga asoslanganini aytib keladi.

Julian Assanj o‘zi asos solgan Wikileaks saytida e‘lon qilgan ma‘lumotlar ko‘p davlatlar va xalqaro tashkilotlarning jig‘iga tekkan.

Ularning ichida Amerikaga taluqli maxfiy hujjatlar ham bo‘lgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.