BBC navigation

Taniqli navoiyshunos olim, akademik Azizxon Qayumovga savol bering

Сўнгги янгиланиш 20 август 2012 - 14:02 GMT

Aziz Qayumov 1926 yil yanvar oyida Qo‘qonda tug‘ilgan.

U o‘zining ota-bobolari kitobga, adabiyotga cheksiz mehr qo‘ygan kishilar bo‘lganini aytadi.

Katta bobosi Abdurahim Mirzo Qo‘qon xoni saroyida mirzaboshi bo‘lib ishlagan.

Bobosi Abduqayum Mirzo Qo‘qonning usta hattotlaridan sanalgan.

U kishi ko‘chirgan kitoblar hozir ham Toshkentdagi Sharqshunoslik institutining nodir qo‘lyozmalaridan hisoblanib keladi.

Aziz Qayumov otasi Po‘lat Qayumovning muallim, onasi Adolatxon aya ham xat-savodli ayol bo‘lganlarini hikoya qiladi.

"Dadam Navoiy, Fuzuliy, Mashrab g‘azallarini xuddi Qur‘on tilovat qilgandek chiroyli ohang bilan o‘qirdilar. G‘azal ohanglari hozir ham qulog‘im ostida jaranglaydi. Oiladagi ana shu muhit meni bolalikdan kitobga oshno qilgan, butun hayot yo‘limni belgilab bergan" - deydi domla.

Aziz Qayumov 1949 yil O‘rta Osiyo Davlat Universitetini bitirgan.

Turli yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida direktor, Toshkent madaniyat instituti rektori va Hamid Sulaymonov nomidagi qo‘lyozmalar institutida rahbar bo‘lib ishlagan.

Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida faoliyat yuritib keladi.

Akademik Aziz Qayumov Bobur, Huvaydo, Maxmur, Ogahiy, shuningdek, o‘zbek saroy shoirlarining hayoti va ijodini, Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek, Ibn Sino kabi olimlarning faoliyatlarini o‘rgangan, adabiyotning eng nodir durdonalari "O‘rxun Enasoy bitiklari", "Devoni Lug‘otit- turk", "Tib qonunlari" asarlarini nashr etilishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Aziz Qayumov ilmiy faoliyatida navoiyshunoslik asosiy yo‘nalish kasb etadi.

Domla hazrat Navoiy ijodini ilmiy o‘rganishni universitetni tugatganidan keyin boshlagan.

2008 yildan boshlab "Mumtoz so‘z" nashriyotida olimning 10 tomlik asarlar to‘plamini nashr qilish boshlangan. To‘plamning dastlabki to‘rt tomi Alisher Navoiyning ijodiy merosiga bag‘ishlangan.

U, shuningdek, Navoiy ijodini o‘rganishga bel bog‘lagan ko‘plab olimlarga ustozlik qilgan.

86 yoshli olim bugun ham ijoddan, ilmiy izlanishlardan tinmagan.

U kishi Qo‘qon adabiy muhiti haqidagi yangi kitobi ustida ishlayotganini aytadi.

Shuningdek, o‘z shaxsiy xotiralari asosida yozilgan "O‘zbekiston akademiklari" kitobining rus tilidagi nusxasini Akademiya tashkil topganining 70 yilligiga bag‘ishlab chiqarishni niyat qilib qo‘ygan.

Domlaning rafiqasi Inessa Qayumova ham sharqshunos.

Akademik Aziz Qayumovga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk
elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.