BBC navigation

"Assanjni tutish uchun elchilikka kirish – siyosiy xudkushlik"

Сўнгги янгиланиш 21 август 2012 - 11:56 GMT

Assanjning "fosh etishlari" AQShni ham, boshqa siyosatdonlarni ham o‘ta o‘ng‘aysiz ahvolga solgan.

Ekvador prezidenti Rafael Korrea mamlakatining Londondagi elchixonasida yashiringan Wikileaks asoschisini ushlashga intilish siyosiy xudkushlik bo‘ladi, deb ogohlantirgan.

Ekvador televideniyesi orqali gapirgan Prezident Korrea agar Julian Assanjni hibsga olish uchun Britaniya kuchlari ularning Londondagi elchixonasiga kirishsa, bu jiddiy xalqaro mojaroga aylanadi va biz BMTga murojaat etamiz, deb aytgan.

Oldinroq esa, Britaniya rasmiylari Julian Assanjni ushlashga qat‘iy ahd qilishganini bildirib, kerak bo‘lsa, Ekvador elchiligining diplomatik daxlsizligini ham bekor qilish haqida ogohlantirishgandi.

Bu tahdid ortidan hozir ko‘plab Janubiy Amerika davlatlari "AQSh va Britaniya agressiyasiga qarshi" norozilik bildirib, Ekvadorga xayrixohlik qilishmoqda.

Julian Assanj o‘tgan iyun oyida Ekvador elchixonasiga kirib yashiringan va boshpana so‘ragandi.

O‘tgan hafta Ekvador unga siyosiy boshpana berdi. Ammo Britaniya hukumati Julian Assanjning Ekvador elchiligidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz, deb aytmoqda.

London uni Shvetsiyaga topshirishi mumkin. Shvetsiyada esa Wikileaks asoschisi jinsiy tajovuz ayblariga yuz tutadi.

Biroq uning o‘zi bu ayblovlarni uydirma, deb ataydi va barcha ayblar AQShning jig‘iga tekkani va dunyodagi eng qudratli mamlakat sirlarini dunyoga fosh qilgani tufayli ro‘y bermoqda, deb aytadi.

Janob Assanjning ishonishicha, Shvetsiyaga borsa, uni ushlab AQShga topshirishadi.

Julian Assanj AQShdagi maxfiy hujjat, yozishma va suhbatlarni o‘zining Wikileaks vebsahifasida jahonga oshkor etgandi.

Bu "fosh etishlar" esa AQShni ham, dunyodagi juda ko‘plab boshqa rahbarlar hamda siyosatdonlarni ham o‘ta o‘ng‘aysiz ahvolga solgani aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.