BBC navigation

Sunnat - ota-onalar uchun boshog‘riqmi?

Сўнгги янгиланиш 22 август 2012 - 13:43 GMT

Ovro‘po davlatlarida o‘g‘il bolalarni xatna qilish borasida savollar ko‘paygan sari, AQShda bu amalni qo‘llovchi shifokorlar soni oshib bormoqda ekan.

Amerikada erkaklarning aksari sunnat qilingan, lekin yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolalarni xatna qilish hollari oxirgi vaqtlarda kamayib bormoqda.

Ba‘zi shtatlarda xatna qilingan o‘g‘il bolalar nisbati 50 foizdan ham tushib ketgan, chunki oxirgi vaqtda ota-onlar bu amalni ko‘proq savol ostiga ola boshlaganlar.

Stiven Boks yetti oy avval tug‘ilgan farzandini xatna qilish kerakmi-yo‘qligi borasida qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keldi va bu qaror oson berilmasligini tushunib yetdi.

Stivenning o‘zi xatna qilish keng tarqalgan davrning mahsuli. Uning tengdoshlari orasida xatna qilinmaganlari juda ozchilikni tashkil qilgan.

Lekin u rafiqasi bilan birga o‘g‘lini xatna qilmaslikka qaror qilishdi.

"Biz xatna uchun jiddiy asosni topa olsakkina bunga qo‘l uramiz, deb aytdik va bu kabi jiddiy asosni topa olmadik", deydi Stiven.

"Bizni shu yo‘lda tarbiyalashgan bo‘lsa, shuning o‘zigina bu amalni to‘g‘ri ekanligini anglatmaydi", deya xulosa qiladi u.

Stiven Boks o‘zi xatna qilinganligiga qarmay, o‘g‘lini sunnat qilmaslikka qaror qilganlardan.

Iyun oyida Olmoniya mahkamalaridan biri yosh bolalar uchun xatna huquqlarining buzilishini anglatishi haqidagi hukmni chiqargandi.

Yahudiy va musulmon jamolari bu hukmni o‘z e‘tiqodlariga nisbatan hujum sifatida ko‘rdilar va hukm ularni larzaga soldi.

AQShdagi yetakchi ro‘znomalarda ham norozi fikrlar chop etilib, AQSh Kongressining 20 a‘zosi Olmoniyaning Vashingtondagi elchisiga maktub yo‘llab, o‘z xavotirlarini bildirishdi.

Ovro‘poda xatna qilingan erkaklar asosan yahudiy yoda musulmon jamolari a‘zolari bo‘lishsa, AQShda sunnat hamma jamolar orasida keng qo‘llanuvchi amaldir.

Amerikalik erkaklarning to‘rtdan uch qismi xatna qilingan. Mamlakat bo‘ylab har 30 sekundda bir xatna amali ro‘y beradi.

Lekin Stiven Boks kabi xatnani savol ostiga olayotgan ota-onalar soni ortib bormoqda. Sunnatga qarshi harakatlar ham paydo bo‘libdi.

AQSh Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi ma‘lumotlariga binoan, hozirda dunyoga kelayotgan o‘g‘il bolalarning 55-57 foizi tug‘ruqxonaning o‘zidan xatna qilinib uyga yo‘l oladilar, lekin ularning soni yiliga 1 foizga kamayib bormoqda.

Shifokorlarga ko‘ra, Amerikada xatna yaqin-yaqinlargacha emlashning bir turi sifatida ko‘rib kelingan.

1999 yili xatna siydik yo‘li kasalliklari va saratonning oldini olishda u qadar katta rol o‘ynamasligi haqida tadqiqot natijalari chop etilganidan so‘ng vaziyat o‘zgara boshladi.

Jahon bo‘ylab erkak aholisining necha foizi xatna qilinganligini ko‘rsatuvchi jadval. (Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma‘lumotlari asosida)

Aslida sunnat ijobiy tibbiy jihatlarga ega ekanligi haqidagi g‘oyani bundan 140 yilcha avval doktor Lyuis Soyyer targ‘ib qilgan. Ushbu g‘oya keyinchalik Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zellandiyada ham keng tarqaldi.

Ikkinchi Jahon Urushi davrida esa amerikalik askarlar bu tajribani Janubiy Koreyaga ham olib bordilar va u yerda ham bu amal keng tarqalgan.

Hozirda yosh bolalarning xatna qilinishiga qarshi izhor etilayotgan fikrlar ko‘pda 1990 yil BMT tomonidan qabul qilingan Umumjahon Bolalar huquqlari Konventsiyasida tilga olingan iboralar bilan bog‘lanmoqda.

Olmoniya mahkamasi hukmi ham yosh bolani xatna qilish "uning jismoniy daxlsizligi va qadrini himoya qilish"ga qarshi bo‘lishi kabi g‘oya asosiga qurilgan.

Norvegiyada ham Bolalar Huquqlari Ombudsmani yahudiy va musulmon jamoalariga ramziy sunnat o‘tkazishni maslahat bermoqda. Ba‘zi parlament a‘zolari esa bola kamida 18 ga kirib, o‘zi qaror berish yoshida bo‘lishi kerakligini ta‘kidlamoqdalar.

O‘tgan yili San-Frantsisko shahrida yosh bolalarni xatna qilishga qarshi kamapniya o‘tkazilib, bu boradagi petitsiyaga 12 ming kishi imzo chekdi.

Ushbu kampaniya tarafdorlariga ko‘ra, xatna qilish uchun jiddiy tibbiy talablar mavjud emas va sunnat sog‘lom tananing bir qismini bolaning roziligisiz kesib olishni anglatadi.

Ba‘zilar esa hatto sunnat erkakning jinsiy faoliyatiga ham salbiy ta‘sir o‘tkazishi mumkinligini aytadilar.

Lekin avgust oyining 27 kuni Amerika Pediatrlar Akademiyasi sunnatning tibbiy foydasini ko‘rsatuvchi yangi hisobotni chop etishi kutilmoqda.

Lekin sunnat masalasi bolalar huquqi, ota-ona huquqi va diniy erkinlar o‘rtasidagi mushkul muvozantga erishishni anglatadi.

Ayni vaqtda diniy erkinliklarni ta‘minlash taqozosi muhokama qilinmaydigan masalalarni ham tug‘dirmasligi kerak.

Oksfor Universitetidan tibbiy ahloq sohasi mutaxassisi Brayan Irpning aytishicha, ahloqiy sub‘ektlar sifatida rivojlanib kelar ekanmiz, har qanday amalni savol ostiga olish imkoniga ega bo‘lishimiz kerakdir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.