BBC navigation

Xorug‘da sobiq dala qo‘mondoni o‘ldirilgan

Сўнгги янгиланиш 22 август 2012 - 11:37 GMT

Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining poytaxti Xorug‘da chorshanba tonggida noma‘lum sabablarga ko‘ra sobiq dala qo‘mondonlaridan biri Imomnazar Imomnazarov o‘ldirilgan.

Hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgan, surishtiruv ishlari boshlangan.

Marhum Imomnazarov Tojikistondagi fuqarolar urushida og‘ir yaralangani, shundan buyon nogironlar aravachasida harakatlanib kelgani aytiladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, sahar soat 4 lar chamasi noma‘lum shaxslar Imomnazar Imomnazarovning uyiga granata tashlab, avtomatdan ota boshlaganlar.

Uzoq vaqtdan buyon kasal yotgan Imomnazar Imomnazarov va uning yaqinlari hujumchilarga qarshilik ko‘rsatishmagan.

Imomnazarov voqea joyida o‘ldirilgan, ukasi og‘ir yaralangani aytilmoqda.

Mahalliy aholi orasida norasmiy rahbarlardan hisoblangan Imomnazarovning o‘limidan keyin Xorug‘da vaziyat yana murakkablashgan.

BBC tojik xizmati muxbirlarining xabar berishicha, Xorug‘ markazidagi Vahdat maydonida 2 mingdan ziyod kishi yig‘ilgan. Namoyishchilar orasida hukumat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ham bo‘lgan.

Vahdat maydonidagi namoyishchilar oldiga Imomnazar Imomnazarovning jasadi olib kelingan.

Ertalab Xorug‘dagi markaziy maydonga oqib kela boshlagan norozilar viloyat ma‘muriyati binosini toshbo‘ron qila boshlagan.

G‘azabga mingan olomonni tarqatish uchun harbiylar o‘q otganlar, ikki kishi yaralangan.

Shundan so‘ng odamlar Imomnazarovning uyiga borishgan. Biroq ikki mingdan ortiq odamlarning hammasi hovliga kiritilmagan.

Shahardagi qurolli kuchlar kuchaytirilgan tartibga keltirilgan.

Imomnazarov Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi norasmiy rahbarlaridan biri sanalgan. Avvalroq Tojikiston bosh prokuraturasi Imomnazarovni Tolib Ayyombekov, Mahmadbokir Mahmadbokirov va Yodgor Shomusallamov qatorida noqonuniy qurolli guruh tuzganlikda va 2000 yildan buyon og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab chiqqandi.

Bundan oldin rasmiylar va Badaxshondagi norasmiy rahbarlar o‘rtasida muzokara boshlangan. Bu muzokaralar chog‘ida qurolini topshirgan kishilarga avf kafolati berilishi aytilgandi.

Sobiq dala qo‘mondonlaridan Tolib Ayyombekovning ham qurolni topshirib, hukumatga taslim bo‘lgani televideniye orqali e‘lon qilingandi.

Mahalliy aholi Tojikiston prezidentining shaharga kelishini, zo‘ravonliklarni to‘xtatishni, hukumat qo‘shinlarini Xorug‘dan olib chiqib ketishni talab qilishgan.

Xorug‘liklar o‘rtadagi vositachilar va hukumat vakillari so‘zlariga ishonib barcha qurol-aslahani topshirgani, agar shaharda xavfsizlik ta‘minlamaydigan bo‘lsa, yana qo‘lga qurol olishlarini aytishgan.

Xorug‘da vaziyat nazorat ostidan chiqib ketishi mumkinligidan xavotirlar bildirilmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.