BBC navigation

Odil Ahmedov: "Tez orada yana safga qaytaman"

Сўнгги янгиланиш 24 август 2012 - 14:18 GMT

Kuni-kecha Olmoniyaning Myunxen shahrida oyog‘ida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan o‘zbekistonlik futbol yulduzi Odil Ahmedovning biz bilan suhbatida aytishicha, tez orada yana safga qaytadi.

Odilning so‘zlariga ko‘ra, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan va o‘zini kecha sinovdan o‘tkazgan olmoniyalik shifokorlar jarohatning qanday bitayotganidan ham mamnunlik izhor etishgan.

O‘zbekistonlik futbol yulduzi ortga qaytib, endi qolgan muolajalarni Rossiyada olish istagida ekanini ham aytmoqda.

Odil Ahmedov o‘zi bir necha yildan buyon to‘p surib kelayotgan Rossiyaning "Anji" klubi safida shu oy boshida Gollandiyaning "Vitess" klubiga qarshi Ovro‘po Ligasining saralash bosqich uchrashuvi chog‘ida oyog‘idan jarohat olgandi.

Jarohati sabab, Odil O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich uchrashuvlariga tayyorgarlik doirasida yaqinda Iordaniyaga qarshi o‘tkazgan ikki o‘rtoqlik uchrashuvi ham ishtirok eta olmagandi.

O‘zbekistonlik futbol yulduzining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, terma jamoaning Janubiy Koreyaga qarshi shu yilning 11 sentyabr kuniga rejalangan o‘yinida ham maydonga tusha olmaydi.

Ammo Odil Ahmedov bo‘lajak muhim uchrashuvda jamoadoshlariga omad va g‘alaba tilab qolishini aytadi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasida janubiy koreyalik raqiblarini mag‘lub etish uchun ishonch ham, imkoniyat ham bor.

"Hech birlarining jarohat olmasdan, uch ochkoni qo‘lga kiritishlariga tilakdoshman", deydi Olmoniyadan turib o‘zbekistonlik futbol yulduzi:

Ikki karra "O‘zbekistonning eng qoyilmaqom futbolchisi" Odil Ahmedov o‘zi to‘p surayotgan "Anji" klubida ham o‘tgan mavsumda "zo‘rlarning zo‘ri", deb topilgan.

Odil klub ishqibozlari, murabbiylari va rahbariyati tomonidan berilgan ovoz berish natijasi bo‘yicha, jahon futboli yulduzlari bo‘lgan jamoadoshlari Samuelь Eto'O va Roberto Karloslarni ham ortda qoldirgan.

So‘nggi yillarda jahonning old futbolchilarini sotib olishga zo‘r berayotgan klub o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yulduzi Odil Ahmedov bilan ham rasman to‘rt yilga shartnoma imzolagandi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, o‘zbekistonlik futbolchilar 2014 yilgi Jahon chempionatining so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida ishtirok etishmoqda.

O‘zbekiston shu bosqichga qadar yetib kelgan yagona Markaziy Osiyo jamoasidir.

Joriy bosqichda Osiyo qit‘asidan bo‘lgan 10 nafar jamoa ikki guruhga bo‘linib, 4.5 ta yo‘llanma uchun kurash olib borishmoqda.

Ularning orasida to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya ham bor.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron va Livanga qarshi o‘tkazgan bundan avvalgi ikki uchrashuvini bir mag‘lubiyat va bir durang hisobi bilan yakunlagan.

O‘zbekistonlik futbolchilarga halicha Jahon birinchiligining final bosqichiga chiqish nasib etmagan va ular buning uchun hech qachon hozirgidek yaxshi imkoniyatga ega bo‘lishmagan.

Suhbatni to‘liq holda tinglash uchun pleyyerni o‘ynang.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.