BBC navigation

Portlab ketgan mashinadagilarning biri o‘zbekistonlik bo‘lgan

Сўнгги янгиланиш 24 август 2012 - 15:07 GMT

Rossiyalik mutaxassislarga ko‘ra, uzoq vaqt tinch-osoyishta ko‘ringan mintaqada vaziyat nazorat ostidan chiqqan

Tataristonda shu hafta boshida mashina portlashi oqibatida qurbon bo‘lgan ikki shaxsdan biri O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilmoqda.

Rossiyaning ITAR-TASS axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, o‘zbekistonlik shaxsning tyumenlik sherigi bilan birga terakt uyushtirishga hozirlik ko‘rganiga oid farazlar ham yo‘q emas.

Axborot agentligining Tatariston Tergov qo‘mitasi matbuot xizmatidan olgan ma‘lumotga tayanilsa, ikkovlon so‘nggi paytda Qozonda yashashgan va radikal islomiy guruh tarafdorlari bo‘lishgan.

Xabarda so‘z aynan qanday diniy guruh haqida ketayotgani ochiqlanmaydi.

Portlab ketgan "VAZ-2110" rusumidagi mashina 20 avgust kuni tunda Zelenodolsk-Qozon trassasi yaqinida aniqlangandi.

Tekshiruvlar chog‘ida mashinadan 50 metrcha uzoqlikda taxminan to‘rt kishining jasadi va "Kalashnikov" avtomati topilgani xabar berilgandi.

Mutaxassislarga ko‘ra, portlash kuchi kamida 1 kg trotilga teng bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, portlovchi moddaning mashinada bo‘lgani ham aniqlangan.

Tergov faraziga ko‘ra, noma‘lum shaxslar portlovchi uskunani yasayotgan paytlarida u bexosdan portlab ketgan bo‘lishi mumkin.

Hozir voqea qanday shart-sharoitda yuz berganini aniqlash uchun tezkor-qidiruv amaliyotlari olib borilayotgani aytiladi.

Mas‘ullarning ma‘lum qilishlaricha, portlash yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 30-bandi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ushbu modda oldindan til biriktirib, terrorchilik amaliga hozirlik ko‘rish, qurol va o‘q-dorilarni noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritish, ayirboshlash, saqlash va olib yurishni ko‘zda tutadi.

Ayrim ma‘lumotlarda Tataristonda uch mingdan ziyod radikal islomchilar borligi aytiladi.

Radikallashgan tatarlarni, hatto, chechen jangarilari va Afg‘oniston toliblari orasida topilgani aytilgan.

Rossiya strategik tadqiqotlar institutining Privoljsk bo‘limi rahbari Rais Sulaymonovning aytishicha, uzoq vaqt tinch-osoyishta ko‘ringan mintaqada vaziyat nazorat ostidan chiqqan.

"Bu yerda tinchlik va barqarorlik hozir sarobdan boshqa narsa emas", deydi u .

O‘tgan oy Tatariston muftiysi Ildus Fayzovga suiqasd qilish va uning sobiq o‘rinbosari Valiulla Yoqubovni o‘ldirganlik gumoni bilan qo‘lga olingan besh kishidan birining ham o‘zbekistonlik ekani xabar berilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.