BBC navigation

Shevket Akyildiz:1992-2012 yillardagi O‘zbekiston Olimpiya jamoasi kuchiga nazar

Сўнгги янгиланиш 28 август 2012 - 16:24 GMT

Sho‘rolar davrining jismoniy tarbiya va sportidan Markaziy Osiyoda ahamiyatli meros qoldi.

Sovet zamoni ortda qoldi, ammo Sho‘rolarning g‘arb uslubidagi sporti, sport psixologiyasi, shifokorlari, trener kadrlarining ta‘siri mustaqil Markaziy Osiyo jamiyatlarida saqlanib qoldi. Londondagi 2012 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlarida turli millat vakillaridan iborat O‘zbekiston sportchilari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Musobaqalar boshlanishida O‘zbek Olimpiya jamoasi chiqishlarini kuzatarkanman, o‘z-o‘zimga savol berdim: o‘zbekistonlik sportchilar 1992 yilda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarini yana davom ettira oladilarmi, o‘shandagi medallari sonini saqlash yoki ko‘paytirish ularning qo‘llaridan kelarmikan?

Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyingi 1992 yilgi Barselona Olimpiadasi O‘zbek sportchilari uchun yangi tajriba bo‘lgandi. Ilgari bir Birlashgan Jamoa a‘zolari bo‘lgan sobiq Sho‘ro respublikalari, xususan Rossiya va O‘zbekiston sportchilari endi alohida-alohida maydonga chiqqandilar. Sobiq Sho‘ro respublikalari va Rossiya 1992 yilgi olimpiada o‘yinlariga bir necha yil davomida tayyorgarlik ko‘rishgan va ularning qo‘lga kiritgan yutuqlari Sovet sport modelining(iqtisodiy tanazzul va buzilishlarga qaramasdan) xalqaro musobaqalar uchun kuchli sportchilarni qanday tayyorlay olishining isboti sifatida ko‘zga tashlangan edi. Chindan ham medallar soni quvonarli edi. Mustaqil O‘zbekistonni taqdim etgan sportchilar uchta oltin, ikkita kumush va bir bronza medalni qo‘lga kiritdilar. Ayollar o‘rtasidagi gimnastika musobaqalarida Oksana Chusovitina va Rozaliya Galiyevalar oltin medal yutishgan. 4x100 metrlik estafetada Marina Shmonina qo‘lga kiritgan oltin medal O‘zbekiston sportchilarining bu olimpiadadagi birinchi oltini bo‘lgan. Og‘ir atletikada Sergey Sirtsov kumush medal sohibi bo‘lgan, otish musobaqasida Anatoliy Asrabey ham kumush, qilichbozlikda Valeriy Zaxarevich bronza medallarini yutgan edilar.

1992 yilgi Barselona O‘yinlaridan keyin O‘zbek Olimpiya terma jamoasiing ko‘rsatkichlari muntazam yaxshilanib bordi. 1996 yildagi Atlanta Yozgi O‘yinlarida ikki oltin, 2000 yilgi Sidney olimpiadasida to‘rtta medal, 2004 yildagi Afina O‘yinlarida beshta va 2008 yilgi Pekin olimpiadasida olti medal qo‘lga kiritildi.

2004 yildagi Afina O‘yinlarida O‘zbekiston medallar jadvalida 34-o‘rinni egalladi. 5 medaldan ikkitasi kurash bo‘yicha oltin, kurash bo‘yicha bir kumush va boksdan ikkita bronza edi. O‘zbekiston jami qo‘lgan kiritgan medallari soni bo‘yicha Janubiy Afrika, Belgiya, Chexiya respublikasi va Irlandiyadan oldin edi. O‘zbekiston 2008 yildagi Pekin Olimpiya O‘yinlari meddallar ro‘yxatida 40-o‘rindan joy oldi. Shunisi ham diqqatga sazovorki, O‘zbekiston jamoasi Sho‘rolar zamonida yo‘lga qo‘yilgan turli millat vakillari tamsilini saqlab qolmoqda. Pekinda jamoaga kurash bo‘yicha oltin medal olib bergan Artur Taymazovning asli kelib chiqishi Shimoliy Osetiyadan. Parallel bruslardagi chiqishi bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan Anton Fokin ajdodlari slavyandir.

Xo‘sh, O‘zbek olimpiadachilarining 2012 yilgi London O‘yinlaridagi chiqishlari qanday bo‘ldi? Olimpiya O‘yinlarida medalni qo‘lga kiritishning o‘zi aksar sportchilar uchun katta mukofot, ammo qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish ham zarar qilmaydi. G‘arb matbuoti xabar qilishicha, O‘zbek sporti rasmiylari Londonda oltin medal yutgan sportchiga 150000 AQSh dollari miqdorida mukofot puli e‘lon qilishgan. London O‘yinlari O‘zbek sportchilari uchun xursandchilik bilan boshlanmadi. 25 iyulda 20 yoshli gimnastikachi Luiza Galiulina doping tekshiruvidan o‘tolmadi. Olimpiya O‘yinlari rasmiylari Galiulina siydigidan taqiqlangan furosemid moddasi topilganini e‘lon qildilar, hoynahoy bu Galiulinaning mazasi qochgan iyun oyidagi davolanish asorati edi. Uni musobaqalardan chetlashtirishga qaror qildilar.

Sport jabhasida ilgarilash 28 iyul kuni kuzatildi. 25 yoshli Rishod Sobirov 60 kilogramm vazndagi erkaklar o‘rtasidagi dzyudo musobaqalarida bronza yutdi. Nihoyat birinchi medal qo‘lga kiritildi. 1 avgust kuni 25 yoshli Denis Istomin erkaklar o‘rtasidagi tennis musobaqasida chorak finaldan yuqoriga ko‘tarila olmadi. U Uimbldon chempioni shveytsariyalik Rojer Federerga 7-5, 6-3 hisobida yutqazdi. Keyingi kuni 2 avgustda Osiyo chempioni Ramziddin Sayidov (30 yosh, 100 kg vazn toifasida erkaklar o‘rtasidagi dzyudo) olmoniyalik Dimitri Peters(28 yosh) dan mag‘lub bo‘lib, bronza medalidan ayrildi. 10 avgust kuni birdaniga ikki bronza medali qo‘lga kiritildi. Ulardan biri 74 kilogramm vaznda erkin kurashda Soslan Tigiyev (28 yosh), ikkinchisi 75 kilogramm vaznda boksda Abbos Atoyev (26 yosh) edi. London 2012 Olimpiya O‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar orasida 15 tacha ayol atlet bor edi. Ular orasida 48 kilogrammgacha vaznda og‘ir atletika bo‘yicha Marina Sisoyeva, 67 kilogramm vaznda taekvando bo‘yicha Natalya Mamatova, balandlikka sakrash bo‘yicha Svetlana Radzivil va yadro uloqtirish bo‘yicha Yelena Smolyanovalar bor edi. Eng so‘nggida O‘zbekiston jamoasi oltin medalni ham yutdi. Yana 33 yoshli Artur Taymazov 120 kilogramm vazndagi kurashchilar musobaqasi finalida gurjistonlik 25 yoshli Davit Modzmanashvilini mag‘lub etdi. 2012 yilgi London o‘yinlarida O‘zbekiston Olimpiya jamoasi 47-o‘rinni egalladi. Bu Pekin olimpiadasidan yetti qator past edi. Londonda jami to‘rt medal yutildi, bu 2008 yil Pekinda qo‘lga kiritilgan medallardan ikkita kam. (Qo‘shni Qozog‘iston Olimpiya jamoasiga solishtirganda, ular medallar jadvalida 12-o‘rinni egalladilar) Biroq O‘zbekiston Olimpiya jamoasining yakuniy o‘rni Hindiston, Indoneziya, Yunoniston va Latviyadan balanda, bu esa O‘zbek sportchilari imkoniyatlari va qudratidan dalolatdir.

Biz markaziy osiyolik barcha sportchilarga 2012 London Paralimpik O‘yinlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Shevket Akyildiz 2011 yilda London Universitetining Sharqshunoslik va Afrika Tadqiqotlari maktabi fan doktorligini qo‘lga kiritgan. Hozirgi paytda u Londondagi Arkadia Universiteti va London Universitetining Sharqshunoslik va Afrika Tadqiqotlari maktabida ishlamoqda. Shevket Akyildiz o‘zining akademik izlanishlarida davlatchilikni barpo etish va o‘zlik, sport va multikulturalizm, muvozanatli va ekoturmush masalalariga e‘tibor qaratgan, u o‘z tadqiqotlari hududlari sifatida Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniyani tanlagan. Uning doktorlik dissertatsiyasi mavzusi 1980-1991 yillar oralig‘idagi O‘zbekistondagi Sho‘ro ta‘limi va fuqaroviy o‘zlikka bag‘ishlangan. Shevket Akyildiz Ovrosiyo Tadqiqotlari jamiyati Eurasia Studies Society (TESS) asoschilaridan, u qator maqolalar muallifi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.