BBC navigation

Tojikistonda 12 yoshli o‘zbek ijodkorining kitobi nashr etildi

Сўнгги янгиланиш 28 август 2012 - 15:37 GMT

Tojikistonning Xo‘jand shahridagi "Anis" nashriyoti o‘zbek tilida nashr etgan "Oppoq orzularim" kitobining muallifi endigina 12 yoshga to‘lgan boladir. Muhammad Gulboy (Muhammadali Gulboy o‘g‘li) ning mazkur kitobiga qirqqa yaqin she‘r va hikoyalar kiritilgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha Tojikistonda birinchi marta o‘n ikki yashar bolaning kitobi chop etilgan.

"Agar sen dunyoni yaxshiroq ko‘ray desang, unga bola ko‘zi bilan boq, deyishadi. Muhammad Gulboyning asarlarini o‘qigan inson bu gapning nechog‘lik haqiqat ekanligiga yana bir karra ishonadi. Uning boshqa tengqurlariga qaraganda jismonan ozgina noqisligi bor - oyoq qo‘yib yura olmaydi".

Bu jumlalar "Oppoq orzularim" kitobiga yozilgan qisqacha tanishtiruv - kirish so‘zidan olindi.

Kirish so‘zi shunday davom ettilgan:

"Lekin ayni bir paytda boshqa tengqurlariga qaraganda anchagina katta afzalliklari bor - u yetti yoshligidayoq ijod olamiga kirib keldi. Yosh ijodkorning she‘r va hikoyalarida atrof-tevarakni, odamlar, voqea-hodisalarni bolalarcha tiyran nigoh bilan kuzatishni ilg‘ab olish qiyin emas".

Muhammadalining o‘zi ijod haqida so‘z ketganda "Mening ustozim ko‘nglimni hech ham og‘ritmasdan va cho‘ktirmasdan bir gap aytganlar. Men ijod qilayotganimda u so‘zlarni sira unutmayman", deydi.

Yosh ijodkorning aytishicha ustozi ijodning o‘ta mas‘uliyatli ekanligi, u boyga ham, kambag‘alga ham, shohga ham, gadoga ham, sog‘ga ham, bir yeri qaqshab og‘riyotgan odamga ham birday shart - badiiy yuksak asar yaratish shartini qo‘yishini ta‘kidlagan.

Muhammad Gulboyning onasi Buhojal Soliyeva o‘g‘li tug‘ilgan paytni og‘ir bir iztirob bilan eslaydi:

"Biz Xudodan tilagan o‘g‘lon tug‘ildi. Lekin avvaliga quvonch bir yuzimizni siladi va birpasda g‘am ikkinchi yuzimizga tarsaki tushirdi. Bolamiz qattiq bel og‘rig‘iga uchragan, u oyog‘iga ta‘sir ko‘rsatgan edi".

Ayrimlar bu bola odam bo‘lmaydi, deganda ota-ona uni tuzatish uchun yelib-yugurishadi. To‘rt yoshgacha bola qattiq og‘riqdan to‘xtovsiz ingranar, ota-ona kiprik qoqmay tong ottirishardi.

Ana shu bola hali maktabga bormasdan o‘qish-yozishni o‘rganib oladi. Yetti yoshida esa,birinchi she‘rini yozadi.

Muhammad Gulboyning dastlabki she‘rlaridan birida shunday satrlar bor:

Ey Allohim, ey tangrim,
Shifo bergin dardimga.
Oyog‘imga kuch-quvvat,
Darmon bergin belimga.

Shu o‘rinda Muhammadalining otasi Gulboy Soliyev va onasi Buhojal Soliyevaning ham she‘riy kitoblar muallifi ekanliklarini aytish o‘rinli.

Muhammad Gulboyning she‘r va hikoyalari bilan tanishgan o‘quvchi uning yoshiga xos bo‘lmagan o‘ta kuzatuvchanligini, nozik tasvirlarni ilg‘aydi.

Masalan "Hech kimda yo‘q koptok" hikoyasida o‘tin terish uchun dalaga borgan ikki bolaning hayvonlar bilan do‘stlashib qolishgani tasvirlanadi. Bolalar ayiq, yo‘lbars, bo‘ri, tulki, quyon, sher bilan qor koptok tepishadi.

Hozir Tojikistonda Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan, u yerda ishlayotgan odamlar haqida suhbat qurmaydigan oilalar barmoq bilan sanarli.

Yosh ijodkorning bir necha hikoyasida shu mavzu tilga olingan.

"Sog‘inch" hikoyasida ikki yoshli Humoyun otasini sog‘inadi-da, onasi mizg‘ib qolganidan foydalanib Rossiyaga, o‘zi aytmoqchi "Rassi"ga otlanadi.

Keling, shu o‘rinda shu hikoyadan kichkina parcha keltiraylik:

"Narigi uyda ko‘rpa qavib o‘tirgan enajoni Humoyunning chiqib ketganini sezmay qoldi. Humoyun sekin borib, ariq ustidagi taxta ko‘prikchadan o‘tdi. O‘sha atrofda o‘ynayotgan ikki-uch bola uning qayerga ketayotganini so‘rashdi. Humoyun chuchukkina qilib dedi:

- Yassiyaga…

Besh yoshli Abdurauf hovliqkancha Humoyunlarning uylariga chopib borib, hovliga kirar-kirmas qichqirdi:

- Turing, Oydinoy kelinoyi, turing! Humoyun Rassiyaga ketyapti.

Oydinoy yugurgilab yetib borganda Humoyun katta yo‘lga chiqib qolgandi. U onasining "Humoyun, hoy Humoyun!" deya chaqirganini eshitib, orqasiga qaramasdan tezroq yura boshladi. Agar hozir tez yurmasa, onajoni yetib oladi, keyin yana dadajonini sog‘inib o‘tiraveradi. Uni faqat tushida ko‘rib chiqadi…"

Muhammad Gulboyning boshqa bir hikoyasida bola Rossiyada ishlayotgan otasiga qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga qishloqdagi yangiliklarni aytib beradi. So‘zining oxirida esa:

"Shoshmang, dada, oxiriga keldik. Ob-havo ma‘lumoti. Shu kecha-kunduzda ob-havo tez-tez o‘zgarib turarmish. Qishlog‘imizda yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanarmish. Biz esa haligacha ko‘mir olganimiz yo‘q. Keyin bulturgi telpagim boshimga tor kelib qolgan…

Xuddi shu payt u yoqdan ovoz eshitildi:

- Bo‘pti, o‘g‘lim, gapni ko‘mir bilan telpakdan boshlamaysanmi…"

"Ukamning kitobini chiqarish uchun maktabda o‘qituvchilik qilayotgan otam ta‘til paytida Rossiyaga ishlash uchun ketdilar va u yerdan pul yubordilar", deydi yosh ijodkorning opasi Zulayho.

Muhammad Gulboyning she‘r va hikoyalarini birinchi bo‘lib chop etgan nashrlardan biri Tojikistonda bolalar uchun o‘zbek tilida chiqadigan "B end B" gazetasidir.

Mazkur gazeta bosh muharriri, shoir va jurnalist Ahlirasul Muhammadning aytishicha Muhammad Gulboyda favqulodda iqtidor yaqqol sezilib turadi.

"Aslida yosh ijodkorning kelajagi o‘z qo‘lida. Lekin uning yanada unib-o‘sishi uchun avaylash kerak, katta yoshdagilar tomonidan e‘tibor, g‘amxo‘rlik zarur", deydi Ahlirasul Muhammad.

"Iste‘dodning yoshi bo‘lmaydi. Iste‘dod makoni, ijod Vatani - ko‘ngil. Muhammad Gulboy she‘rlari va nasriy mashqlarini o‘qib, kelgan xulosam - iste‘dodga e‘tibor kerak. Faqatgina e‘tibor emas, balki mehr ham kerak. Iste‘dodsizlar yo‘l topishga usta. Ammo iste‘dod egasi mag‘rur va tortinchoq bo‘ladi".

Adabiyotshunos olima Munavvara Oymatova bu gaplarni aytar ekan, yosh ijodkorga mehr, e‘tibor ko‘rsatgan ustozi qatorida boshqa ijodkorlarning ham Muhammad Gulboyga ko‘mak ko‘rsatishlarini istashini ta‘kidladi.

"Tog‘ bulog‘ining ko‘zi ochilgani yurakka sevinch soladi. "Oppoq orzularim"ning viloyatda chiqadigan juda ko‘p kitoblardan farqi unda beg‘ubor qalbning beg‘ubor orzulari yalt etib ko‘rinib turadi", deydi adabiyotshunos.

Tahlilchilarga ko‘ra Sho‘rolar paytida Tojikistonda o‘zbek tilida yiliga bitta, ko‘pi bilan ikkita kitob nashr etilgan bo‘lsa, hozirda o‘ndan ortiq o‘zbekcha kitob bosilmoqda.

Ilgari bosilgan kitob uchun qalam haqi berilgan bo‘lsa, endilikda kitob muallifning o‘z puli yoki biron puldor qo‘llovchining mablag‘i hisobiga nashr etiladi. Nashriyotlar soni ham yildan-yilga ko‘paymoqda.

"Bozor iqtisodi kitob sifatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatdi. O‘zi pul berib kitob chiqarayotgan, o‘zi uni sotayotgan kishilarning mahsuli bilan tanishgan yosh o‘quvchilarning esa, didi o‘tmaslashib bormoqda", deydi o‘z nomini oshkor etishni istamagan tojikistonlik shoir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.