BBC navigation

Mustaqillik bayrami: muxolifat kayfiyati ko‘tarinki emas

Сўнгги янгиланиш 29 август 2012 - 14:25 GMT

O‘zbekiston Sho‘rolar Ittifoqidan ajralib chiqqanining 21 yilligi tantanalari arafasida O‘zbek muxolifati bayonotlar e‘lon qilgan.

Ularda mustaqillik bayramidan oddiy o‘zbekistonliklar bahramand bo‘lmasligi aytilgan, aholini hukumatga bo‘ysunmaslik chaqiriqlari yangragan.

Muxolifatdagi aksar a‘zolari xorijdagi muhojir o‘zbekistonliklardan iborat O‘zbekiston Xalq Harakati mamlakat mustaqilligining 21 yilligi munosabati bilan bayonot e‘lon qilgan.

Bu bayonotga ko‘ra, aksar o‘zbekistonliklarning hozirgi ahvoli shod-xurramlikka asos beradigan emas.

"Mustaqillik e‘lon qilinganidan 21 yil o‘tib, yurtimiz ahvoli xuddi absurd sahna asarining eng chirkin bo‘yoq va shakllarini eslatadi: Konstitutsiyasi masxara mavzusiga aylangan, qonunsizlik hukmi o‘rnatilgan bir davlat. Poraxo‘rlikdan ilma-teshik bo‘lgan iqtisod, qashshoqlikdan qobirg‘alarini sanash mumkin bo‘lgan oddiy xalq, oilasiga bir parcha non topish ilinjida chet ellarga qullik uchun chiqib ketayotgan millionlab insonlar, aksariyati uchun haqsizlik, haqorat va xo‘rlik oddiy turmush tarziga aylangan bir jamiyat", deyiladi O‘zbekiston Xalq Harakati bayonotida.

Bayonotga ko‘ra, Toshkentda avgustning oxirgi kunida o‘tkaziladigan bayram tantanalarida oddiy insonlar qatnasha olmaydi.

"O‘zbek xalqi 21 yil kuzatgani kabi, bu ziyofatni bir chekkada jim kuzatajak", deyiladi O‘zbekiston Xalq Harakati e‘lon qilgan bayonotda.

Muxolifatdagi "Birdamlik" Xalq Harakati ham chaqiriq bilan chiqqan, unda o‘zbekistonliklar ommaviy tinch norozilik namoyishlariga da‘vat qilingan.

"Birdamlik" bayonotida harakatning O‘zbekistondagi hokimiyatga qarshi nozo‘ravon yo‘llar bilan qarshi chiqayotgan muxolifat ekani eslatilgan.

Harakat bundan oldin O‘zbekiston ichkarisida kuch yoki zo‘ravonlik qo‘llamasdan norozilikni izhor etish amallariga qo‘l urgani, biroq ko‘zlagan sondagi insonlarni bu tadbirlariga jalb etishning uddasidan chiqmaganlarini aytgan.

"Birdamlik" o‘zbekistonliklarni 1 sentyabr kuni oq liboslarga burkanish bilan o‘z noroziliklarini izhor etishga chaqirgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.