BBC navigation

Nega Prezident Ilhom Aliyev Eronga bormadi?

Сўнгги янгиланиш 30 август 2012 - 10:57 GMT

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tehrondagi Qo‘shilmaslik Harakati sammitida ishtirok etish taklifini rad etgan.

Iyul oyida tarqalgan xabarlarda janob Aliyev Eron Prezidenti Mahmud Ahmadinejotning Qo‘shilmaslik Harakati sammitida qatnashish taklifini qabul qilgani aytilgan edi.

Biroq endi Bokudagi hukumat e‘lon qilishicha, 30-31 avgust kunlariga mo‘ljallangan Tehrondagi sammitda Ozarbayjonni Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov taqdim etadi.

Shu kecha-kunduzda Prezident Aliyev Belarusda va u sammitda qatnasha olmaydi, deb aytishgan Ozari rasmiylari.

Ammo tahlilchilar fikricha, bu Boku bilan Tehron o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar yomonlashganining yana bir belgisidir.

120 mamlakat vakillari ishtirok etadigan Qo‘shilmaslik Harakatining sammiti Eronning G‘arb bilan munosabatlari nafaqat yadroviy dasturi va Suriyadagi rejimni dastaklayotgani tufayli, balki Ozarbayjondek qo‘shnisining Isroil bilan qalin munosabatlari o‘zaroq aloqalarni sovutgan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda.

Taranglik

"Boku bilan Tehron munosabatlarining taranglashishiga Eron aybdor. Eron Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashayapti va bosim va tahdidlar ko‘rsatayapti", deydi BBC Ozari xizmati bilan suhbatda bokulik siyosiy tahlilchi Gabil Huseynli.

Janob Huseynli aytishicha, Ozarbayjon "Eron tomonidan rejalashtirilgan terrorchilik hujumlarining oldini olgan". U, shuningdek, Eronni ikki Ozari shoirni garovda ushlab turganlikda ayblaydi.

Boku bilan Tehron o‘rtasidagi taranglik ortishiga shu yil may oyida Eronga safar qilgan ikki ozarbayjonlik shoirning hibsga olingani sabab bo‘lgandi.

Farid Huseyn bilan Shahriyor Hojizoda ustidan mahkama hukmining Eronda sentyabr oyida e‘lon qilinishi kutilayapti.

Eron matbuoti ikki Ozarining josuslikda ayblanayotgani haqida xabar tarqatayotgan bir paytda Tehron rasmiylari ularga qanday ayblovlar qo‘yilganini ochiqlayotganlari yo‘q, faqat "ikki Ozarbayjon fuqarosi Eronda jinoyatga gijgijalagan" degan bayonot bilan cheklanmoqdalar.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi shoirlarni ozod qilish talabi bilan Tehronga beshta diplomatik nota yo‘lladilar va ozarbayjonlik diplomatlar Eron amallarini "insonlarni garovga olish" deya ta‘rifladilar.

28 avgust kuni 22 Ozarbayjon fuqarosi ustidan mahkama boshlandi, ular Bokudagi AQSh va Isroil elchixonalariga terrorchilik xurujlarini rejalashtirishda ayblanmoqdalar.

Eron Inqilobiy Gvardiyasiga aloqasi bor degan gumon bilan ikki kishi shu yil mart oyida Ozarbayjon huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan edi.

Ramazon iftorligi

Gabil Huseynli o‘ylashicha, Prezident Aliyevning Erondagi sammitda ishtirok etmaslik qarori Boku bilan Tehron o‘rtasidagi aloqalarning yanada taranglashishiga olib kelishi mumkin.

O‘tgan oy Ozarbayjon prezidenti tashkil qilgan Ramazon iftorligi bazmida na Eronning Ozarbayjondagi elchisi, na elchixonaning biror vakili ishtirok etgan.

Bu narsa Ozarbayjon hukumatiga yaqin ommaviy axborot vositalarida tanqidlarga ham uchradi.

Eron elchiligining maxsus bayonot bilan chiqishiga to‘g‘ri keldi, bayonotda Eronda diplomatlarining iftorlikda ko‘rinmaganlari sababi taklif etuvchi tomon bilan "etarli muloqot yo‘lga qo‘yilmagani"da deb aytilgan.

Tehron bilan Boku o‘rtasidagi munosabatlar shu yil boshlarida Ozarbayjon Isroildan 1,6 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotib olgani haqidagi xabarlar ortidan yomonlashgani kuzatildi.

Eron Ozarbayjonni o‘z hududidan Isroil josuslarining foydalanishiga izn berganlikda aybladi. Boku va boshqa shaharlarda esa o‘nlab Ozari faollari Eron foydasiga josuslik qilishda ayblanib qo‘lga olindilar.

Ozarbayjon hukumatining qizlarning maktablarga hijob o‘rab borishlarini taqiqlash qarori ham Eronni g‘azablantirdi.

Shuningdek, Eron Ozarbayjonda "Ovro‘nigoh" qo‘shiq tanlovini o‘tkazishga ruxsat berilganidan noroziligini bildirdi, bu kabi tomoshalarning islomiy qadriyatlarga zid ekanini aytdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Eron o‘zining yirik sondagi Ozari millatiga mansub aholisidan mamlakatda beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish mumkinligidan xavotirlanadi.

Aholisining aksari musulmon, biroq dunyoviy davlatchilik yo‘lini tanlagan Ozarbayjon Eron o‘z hududiga islomiy inqilobni eksport qilishga urinadi, deb cho‘chiydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.