BBC navigation

London: O‘zbek paralimpiyachilariga qanday umid tikilmoqda?

Сўнгги янгиланиш 30 август 2012 - 16:30 GMT

29 avgust kuni Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ochib bergan London XIV Yozgi Paralimpiya O‘yinlarida O‘zbekistondan 10 nafar sportchi qatnashmoqda.

Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng ko‘p sonli paralimpik jamoadir. Hozir Qozog‘istonni 7 nafar, Turkmanistonni esa 5 nafar sportchi namoyon etishmoqda.

Qirg‘iziston va Tojikiston sharafi uchun esa bittadan sportchi bellashadi. Ushbu o‘yinlarda 165 mamlakatdan to‘rt mingdan ziyod sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurashadilar.

O‘zbekistonlik paralimpiyachilar O‘yinlarda to‘rt sport turi bo‘yicha kurash olib borishadi. Bular - yengil atletika, suzish, pauerlifting va dzyudo musoqalari.

Bu galgi jamoa tarkibida atoqli va kuchli sportchilar bor. Bular - taniqli dzyudochi Sharif Xalilov, suzuvchi Kirill Panьkov, bosqon uloqtiruvchi Husniddin Norbekov kabi qator Osiyo Paralimpiya O‘yinlari va xalqaro turnirlarning oltin, kumush va bronza medallari sohiblari.

Shu bois ham o‘zbekistonlik paralimpiyachilar London O‘yinlarida ham sovrinli o‘rinlarga ko‘z tikishayotganini yashirishayotgani yo‘q.

London Paralimpiya O‘yinlarining o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ham bellashishlari kutilayotgan dzyudo, suzish va pauerlifting musobaqalari bugun, payshanba kuni boshlanadi.

Ammo 73 kg vazn toifasida 2010 yilgi Paraosiyo O‘yinlarining kumush medali sovrindori Sharif Xalilov ertaga Juma kuni venesuelalik raqibi Maurisio Brisenoga qarshi tatamiga chiqadi.

Yashin Shoberdiyev 48 kg pauerlifting va shu yil AQShda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir oltin medali sohibi Kirill Panьkov 100 metrga batterflyay usulida suzish musobaqalarida ishtirok etish bilan o‘zbekistonlik paralimpiyachilar orasidan birinchilardan bo‘lib o‘z bellashuvlarini boshlab berishadi.

XIV Yozgi Paralimpiya O‘yinlari 11 kun, ya‘ni 9 sentyabrga qadar davom etadi. Bu o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ishtirok etayotgan uchinchi Yozgi Paralimpiya O‘yinlaridir.

O‘zbekiston bundan avval 2004 yilgi Afina va 2008 yilgi Pekin Paralimpiya O‘yinlarida ishtirok etgan. Ammo o‘zbekistonlik paralimpiyachilarga hozircha sovrinli o‘rinlar nasib etmagan.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bundan bir necha hafta burun bo‘lib o‘tgan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini bir oltin va uch bronza medal bilan yakunlab, dunyoning ikki yuzdan ortiq davlati ichidan 47-o‘rinni egallagandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.