BBC navigation

Toshkentda Mustaqillik tantanalari boshlanishi kutilmoqda

Сўнгги янгиланиш 31 август 2012 - 14:27 GMT

Mustaqillik tantanalari xalq shodiyonasidan ko‘ra, siyosiylashgan tadbirga aylanib bo‘lgan

O‘zbekiston mustaqillika erishganining 21 yilligini nishonlash arafasida ekan, bu tadbir xalq shodiyonasidan ko‘ra o‘ta rasmiylashgan va siyosiylashgan tadbirga aylanib qolganiga mamlakat aholisi ko‘nikib bo‘lgan.

Shu sababli bayram tantanalari prezident, saralangan rahbarlar va xorijiy mehmonlarga bag‘ishlangani uchun odamlar bayram kontsertini televizor orqali ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonlik huquq faoli Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, odamlarda uncha ham bayram kayfiyati sezilayotgani yo‘q.

"Men oddiy xalqda alohida bir bayram kayfiyatini ko‘rmayapman.O‘sha turmush tashvishlari bilan yugurib yurgan xalq. Ertaga mustaqillik kuni ekan, deb quvonayotgan odamlarni shaxsan men ko‘rayotganim yo‘q. Quvonch faqat radio va televizorda. Xalqimizning qanday farovon yashayotgani juda tantanadan ham ko‘ra dabdaba bilan berilyapti", - deydi Dilorom Ishoqova.

Bir toshkentlikning aytishicha, xavfsizlikni o‘ylash yaxshi. "Lekin militsiyalarning ko‘pligidan Toshkent ko‘chalarida mashinada yurish juda qiyin. Har qadamda tekshiruvlar. Mashinalar navbatidan xunob bo‘lmay desangiz, bayram kuni uyda tinchgina o‘tirgan yaxshi", - deydi u.

Yana boshqa bir huquq faoli Malohat Eshonqulova shaharda odamlardan ko‘ra, militsiya ko‘pligini aytadi.

"Militsiya xodimlari juda ko‘payib ketgan, har qadamda hujjat tekshirishyapti. Yana bugun bozorga borsam, qovun-tarvuzlar "badarg‘a" qilingan. Bilmadim qovun-tarvuzlarning bayramga qanday salbiy ta‘siri bor ekan. Odamlar pana-pastqamda sotib o‘tirishibdi qovun-tarvuzlarini. Odamlardan eshitishimcha, bayram ertaga bo‘lar ekan. Chunki yo‘llar yopilmaganligi bayram bugun bo‘lmayotganligidan dalolat, deyishmoqda. Keyin nimagadir "Yoshlar" telekanali ham bitta kadrda qotib turibdi. Ya‘ni texnik nosozlik bo‘lib turibdi efirda. Bayram bo‘layotgan bo‘lsa, efirga uzatishi kerak edi. Shundan kelib chiqib bayram ertaga o‘tkazilsa kerak", - deydi Malohat Eshonqulova.

Bayramga jiddiy tayyorgarlik bir necha hafta avval boshlanib, O‘zbekistonda ko‘ngilli-majburiy hashar o‘tkazilgandi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, unda 16 milliondan ziyod kishi qatnashgan.

Mamlakat bo‘ylab shahar ko‘chalari va binolarini bezashga yoshu-qari jalb etilgan.

Mamlakat prezidenti Islom Karimov o‘tgan ikki kun ichida Mustaqillik bayramigacha topshirilishi lozim bo‘lgan bir nechta binolarni, jumladan "Bunyodkor" o‘yingohi va Jarrohlik markazining yangi qismini borib ko‘rgan va o‘z maslahatlarini bergan.

Viloyatdan poytaxtga kelgan mardikorlar bayram oldidan o‘z uylariga jo‘natilgan.

Toshkentga kirish va chiqish chegara nuqtalarida ham tekshiruv kuchaygan, xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan.

Huquq faoli Malohat Eshonqulova "Birdamlik" harakati a‘zolari bilan birgalikda mustaqillik bayramini o‘ziga xos tarzda kutib olishni rejalashtiryapti.

"Birdamlik" harakati o‘z saytida tuzumga noroziligini izhor etish sifatida xalqni oppoq liboslarda ko‘chaga chiqishga chaqirgan edi.

Ko‘pchilik bugungi bayramdan ham ko‘ra boshqa bir tashvish, 2 sentyabr kuni boshlanadigan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bilan bandligi aytiladi.

Shu bilan birga, sentyabr oyining boshidan o‘qituvchilar, ishchi va xizmatchilar ommaviy tarzda paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishi haqida xabarlar bor.

Faollarning aytishicha, Toshkentdagi Jahon tillari universitetining bir guruh o‘qituvchilari allaqachon paxta yig‘im-terimiga jo‘nab ketishgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.