BBC navigation

London 2012: O‘zbekistonlik dzyudochi tarixga kiradigan bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 1 сентябр 2012 - 14:33 GMT

Taniqli dzyudochi Sharif Xalilov Yozgi Paralimpiada O‘yinlarining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasiga ilk medalni keltirdi.

-73 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Sharif Xalilov finalda ukrainalik raqibi Dmitro Soloveyga boy berib qo‘ydi.

Sharif Xalilov 2010 yilgi Paraosiyo O‘yinlarining ham kumush medali sovrindori hisoblanadi.

U Londonga jo‘nab ketishi arafasida bergan suhbatlarida XIV Yozgi Paralimpiya O‘yinlarining sovrinli o‘rinlaridan biriga ko‘z tikayotganini yashirmagandi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Sharif Xalilov O‘zbekiston tarixida Yozgi Paralimpiada O‘yinlarining sovrindoriga aylangan birinchi sportchiga aylandi.

Londondagisi bilan uchinchi bor Yozgi Paralimpiya O‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston shu paytgacha birorta ham medal ololmagandi.

Boshqa tarafdan, dzyudochisining ilk yutug‘i bilan O‘zbekiston joriy O‘yinlarning medalini olishga muvaffaq bo‘lgan ilk Markaziy Osiyo jamoasi ham bo‘ldi.

O‘zbekiston bu galgi Paralimpiya O‘yinlarida mintaqa davlatlari orasidan eng katta sondagi, ya‘ni 10 ta sportchisi bilan ishtirok etmoqda.

Ulardan birinchi bo‘lib o‘z bellashuvlarini boshlab bergan Yashin Shoberdiyev o‘tgan kun -48 kg vazn toifasida pauerlifting musobaqalarini biror bir sovrinsiz yakunlagandi.

O‘yinlarning ikkinchi kuni 100 metrga batterflyay usulida suzish musobaqalarida o‘z kuchini sinab ko‘rgan Kirill Panьkov esa, final bellashuvlarida oltinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

O‘zbekiston hozircha 165 ishtirokchi davlat orasidan 1 ta kumush medali bilan medallar jadvalida 38-o‘rinni egallab turibdi.

Medallar jadvalida o‘tgan uch kunning o‘zida 14 ta oltini doxil ja‘mi 37 ta medal olishga muvaffaq bo‘lgan Xitoy paralimpiya terma jamoasi peshqadamlik qilib turibdi.

Paralimpiada O‘yinlarining uchinchi kunida o‘zbekistonlik yengil atletikachi Miyassar Ibragimova ayollar o‘rtasida 100 metrga yugurish musobaqalarining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Yarim final bellashuvlari bugun kechqurun, britan vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.