BBC navigation

"Shoir va Bin Lodin" ingliz tilida bosmadan chiqdi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 11:29 GMT

Roman angliyalik taniqli tarjimon Endryu Bromfild tomonidan ingliz tiliga o‘girilgan

O‘zbek, rus, frantsuz, olmon, turk va boshqa tillarda chop etilgan o‘nlab zabardast asarlar muallifi Abdulhamid Ismoilning yana bir asari ingliz tilida bosmadan chiqdi. 264 sahifadan iborat "Shoir va Bin Lodin" romani Glagoslav Publications ingliz-golland nashriyoti tomonidan chop etildi.

Taniqli O‘zbek yozuvchisining romanidagi voqealar 21-asr boshlarida Farg‘ona vodiysidan tortib, ummonortida ham islomiy fundamentalizm bosh ko‘tarayotgan bir manzarada kechadi. Muallif o‘z asarini 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-York va Vashingtonda amalga oshirilgan hujumlardan o‘z ona yurtida oilasi bilan ta‘tilda ekani chog‘i televizor ekranlari orqali boxabar bo‘lgan paytda tushgan holatini tasvirlashdan boshlaydi. Romanni mutolaa etish jarayonida voqealar silsilasi zamonda o‘zgarib tursa-da, asar intihosiga qadar unda qalamga olingan ikki mavzu o‘zgarishsiz qoladi: U ham bo‘lsa Tohir Yo‘ldoshu Juma Namangoniy boshchiligida O‘zbekistonda islomiy harakatning bosh ko‘tarishi va so‘fiy shoir Belgining qadim O‘sh tog‘laridan boshlab, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodin bilan uchrashuviga qadar bosib o‘tgan yo‘ldir. Ya‘ni, o‘ziga Pir istab yo‘lga chiqqan shoir sayohatini jihodiy urushlar maydonida yakunlaydi. Ilohiyot va tahqiru tazyiqqa qarshi zo‘ravon javob, qalam va qurol orasidagi tanglik romanda kechayotgan voqea-hodisalarga o‘ziga xos keskinlik bag‘ishlaydi. Bu bilan ham cheklanmagan yozuvchi o‘z qahramoni shoir Belgi nigohida Afg‘oniston Qunduzining qamali, Shibirg‘on qamoqxonasining manzaralari va Farg‘ona vodiysidagi isyon kabi tarixiy voqealarning jonli tasvirini ham chizib boradi. Roman angliyalik ko‘zga ko‘ringan tarjimon Endryu Bromfild tomonidan ingliz tiliga o‘girilgan. Endryu Bromfild Aleksandr Pushkin, Mixail Bulgakov, Lev Tolstoy kabi qator dunyo tan olgan ijodkorlar asarlarining tarjimoni sanaladi. Biz taniqli yozuvchi, joriy paytda BBC Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari bo‘lgan Abdulhamid Ismoilni suhbatga chorlab, undan eng avvalo nima uchun shuncha zabardast asarlari orasidan bu gal aynan "Shoir va Bin Lodin"ni G‘arb o‘quvchilari ixtiyoriga havola etishni ma‘qul, deb topganini so‘radik:

Taniqli O‘zbek yozuvchisi Abdulhamid Ismoilning asarlari Frantsiya, AQSh va Rossiyada ham chop etilgan

Abdulhamid Ismoil: Agarda "bu kitobni ayni shu payt G‘arb o‘quvchisiga yetkazishni men tanladim" desam, biroz takabburroq bo‘ladi. Kitoblarni G‘arbda asosan noshirlar, agentlar tanlashadi. Yozuvchining ishi bu kitoblarni yozish, xolos. Bu romanning asli 2005 yili chiqqan edi. Rost, ingliz tilidagi nusxasini anchayin qayta ishlab, to‘ldirib, ingliz tili o‘quvchisiga moslabroq chiqdim. Afsuski, G‘arbda Islomga qarash "terrorga qarshi urush" tashviqoti ketidan bir tomonlamaga yaqinroq. Balki, endilikda bu "oqu-qaro" tarzidagi qarashni o‘zgartirish payti kelgandir. Kitobning asosiy mavzusi ham shundan iborat.

Savol: Mana, bugun nashrdan chiqqan kitobingiz endi o‘z o‘quvchilari qo‘liga yetib boradi. Yozuvchi sifatida asarning G‘arb o‘quvchisining yuragini jiz etadigan jihatini shaxsan o‘zingiz nimada, deb aytgan bo‘lardingiz?

Abdulhamid Ismoil: Gap shundaki, yigirmanchi asr – "biz bilan bo‘lmasang bizga qarshisan" falsafasi ostida o‘tdi. Istehzoli joyi shuki, o‘sha asr tarixida kechagi do‘stning surunkasiga bugungi dushmanga aylanishidir. Deylik, Ikkinchi Jahon Urushida G‘arbning liberal kuchlari Sho‘rolar bilan birikib, Hitler fashizmini yengishdi. Urush bitishi bilanoq kechagi do‘stlar po‘m chiqishib, bir-birining dushmaniga aylanishdi. Sovuq urush boshlandi. Sovuq urush ham bitdi, biroq endi G‘arbning bu Sovuq urushdagi ittifoqdoshi – Islom uning dushmaniga aylandi. "Terrorga qarshi urush" boshlandi. Bu barcha urushlarning tiliyu mafkurasi aynidir, yo bir-biriga juda yaqin. Sabablariga to‘xtamayligu, biroq bu urushlarning tegirmon toshlari orasida oddiy insonlar yanchilishadi. Shunday bir inson - shoir Belgining fojeiy taqdiri bu kitobning mag‘zidir.

Savol: O‘quvchi hali asaringizning nomiga ko‘z tashlaboq, "Shoir va Bin Lodin?", deb o‘zi o‘ziga xayolan savol berishi tayin. Shunday ekan, so‘fiy bir shoirni nega "Al-Qoida" kabi mujohid bir tarmoq rahbariga qarshi qo‘ydingiz?

Abdulhamid Ismoil: Agarda asar nomi "Shoir yo Bin Lodin" bo‘lganida edi, fikringizga qo‘shilgan bo‘lardim (kuladi). Heynening bir mashhur gapi bor: "Agar-da dunyo ikkiga bo‘linsa – darzi shoirning yuragi bo‘ylab ketadi", – deydi u. Kitob aslida bugungi dunyoning ana o‘sha darzi haqida. Bir shoir misolida, uning yorilgan yuragi ramzida yozilgan bir asar. Lekin bu muammolar dunyoda endigina yuzaga keldi, deb o‘ylash ham xatodir. Romanning ikkinchi qismi – ana o‘sha shoir Belgi tarafidan yozilgan qissa - Boburiylar sulolasidan bo‘lmish Shohjahonning ikki o‘g‘li – Doro Shukuh va Avrangzeb haqida ham so‘ylaydi. Ma‘lumki, bularning biri - keng fe‘l, butun dunyoni ichiga sig‘dira oladigan shoirtabiat inson esa, boshqasi o‘z otasiniyu o‘z qizi – Zebunisoni qamab, o‘z birodarini kusht etgan bir shafqatsiz hokimdir.

Savol: Boshqa tomondan, "Yozuvchi o‘z asarini xaridorgir qilish uchun uning nomini Usama bin Lodin bilan bog‘lagan", degan o‘quvchingizga nima degan bo‘lardingiz?

Abdulhamid Ismoil: Kitob ilk yozilayotganda men atoqli islomshunos - yuzlab kitoblar muallifi rahmatli Anna-Mari Shimmelning Bonndagi shinam uyida maslahatlashib, "Siz qo‘rqqan va men qo‘rqmagan Islom" degan sarlavhada to‘xtagan edik. Keyin bu nom "O‘lim emas, o‘lim tomon yo‘l o‘limning o‘zidan kattaroq xayol" degan satrga o‘zgardi. Keyin bir payt ingliz manba‘larda "O‘rtoq Islom" nomi ostida yurdi. Axir noshir to‘xtagan nom kitob muqovasida mana shu shaklda qaror topdi.

Savol: Sizning asarlaringiz tashigan so‘fiyona mohiyatni uqqan o‘quvchi tariqat yo‘liga kirgan shoirning Usama bin Lodin bilan uchrashuvidan nimani anglashi kerak? Bu solikning maqsadi chippakka chiqanini anglatadimi va yoki teskarisi?..

Abdulhamid Ismoil: Roman "reality novel", ya‘ni voqeiy roman atamasi ostida nashr etilyapti. Shuning uchun ham mening nazdimda emas, ana o‘sha shoir nazdida balki "yo‘lga turdingmi, bu yo‘lni so‘nggiga qadar bosib o‘tishing kerak", degan fikr hokimdir. Hayot, boya aytganimdek, oqu qoradanu kulrang miyonadan iborat emas, albatta. Muhimi shuki – bu shoir taqdir taqozosi bilan o‘z vatanida o‘z ukasining jasadini qamoqdan olgach, mamlakatni tark etib, Pir o‘rniga o‘zini Xoitu, toliblar orasida topgan ekan, u fikrlash, atrofidagi dunyoniyu voqe‘likni idrok etish qobiliyatini yo‘qotmaydi. Romanga ikkinchi qism bo‘lib kirgan uning asari ana shu fojeiy idrok mahsulidir.

Savol: Asaringiz yozuvchi taxayyulidan tashqari, jonli tarixiy voqealarga ham boy. Eng so‘nggida ularga qanday qilib imkonli bo‘lganingiz tarixchasiga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

Abdulhamid Ismoil: Dunyo adabiyoti, agar sezayotgan bo‘lsangiz – jurnalizm tomon ketmoqda. Ko‘plar endilikda taxayyulu, aql o‘yinlariga rom bo‘lmay, "haqiqiy" voqealarga mushtoq. Bu roman bir ma‘noda ana o‘sha "jurnalizm", "voqe‘likka sadoqatni" ich-ichidan qo‘porishga harakat qilgan bir asar. Aytmoqchi bo‘lganim – hujjat degan narsalar aslida to‘qima bo‘lishi mumkin, to‘qima deb bilgan narsangiz esa, hujjatli voqea bo‘lib chiqishi mumkin. Haqiqatning tajalliyu in‘ikoslari turfa xildir. Biroq jiddiy aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistonning so‘nggi 20-26 yil tarixiyu, Tolibon Afg‘anistoniyu, islomiy jangarilik tarixini o‘zim guvoh bo‘lib, o‘zim astoydil o‘rganganman albatta. Romanning hujjatlarga bog‘liq qimlari uchun hayotimizning o‘nlab yillari sarflangan. Bir kishi aytgan ekan: "Bu kitobni bir soatda o‘qib chiqishingiz mumkin, lekin yozilishi uchun o‘nlab yillar tadqiqot ketgan", deb bir ma‘noda bu asar haqida ham shunday desa bo‘ladi.

Endi inglizzabon o‘quvchi Amerikadan Avstraliya qadar dunyoning istalgan burchagida taniqli O‘zbek yozuvchisining romani bilan tanisha oladi. O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, bu Abdulhamid Ismoilning G‘arb o‘quvchisi e‘tiboriga havola etilayotgan ilk asari emas. 2006 yilda uning "Temir yo‘l" nomli romani ham G‘arbdagi eng yirik nashriyotxonalarning biri tomonidan ingliz tilida bosmadan chiqqan. 1992 yilda O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan yozuvchi Abdulhamid Ismoilning asarlari, bundan tashqari, Frantsiya, AQSh va Rossiyada ham nashr etilgan. Ammo uning ijodi namunalari hali-hanuz O‘zbekistonda taqiqlangan. Abdulhamid Ismoilning asarlari Buyuk Britaniyaning Rossica va Amerikaning Aatsee adabiy sovrinlariga ham loyiq, deb topilgan. Adabiyot olamida o‘z mohiyati, o‘z so‘zi, o‘z tili va o‘z uslubiga ega taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulhamid Ismoil ikki yildirki, BBC Jahon Xizmati qoshidagi yozuvchisi maqomida ham qalam tebratib keladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.