BBC navigation

Qozog‘istonda qurg‘oqchilik ortidan O‘zbekistonda un narxlari oshgan

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 14:46 GMT

Qozog‘iston dunyoning eng ko‘p bug‘doy yetishtiruvchi mamlakatlaridan biridir.

Qozog‘istonda qurg‘oqchilik sabab 2012-yilda kam hosil olinishi kutilmoqda.

Qozog‘iston Fermerlar Uyushmasi o‘tgan yilgidan deyarli ikki barobar kam - 13 million tonna bug‘doy yig‘ishtirib olinishini ma‘lum qilgan.

Mutaxassislar, oldingi yillardagi zahiralar tufayli eksport hajmi tushib ketmasa ham, hosil cho‘g‘ining kamligi narx-navoga jiddiy ta‘sir qilishi mumkinligini aytishmoqda.

Qozog‘iston unining asosiy xaridorlaridan bo‘lmish O‘zbekistonda ham narxlar ko‘tarilgan.

Qozog‘istonlik tahlilchi Sergey Bukatov baholar ko‘tarilishda davom etishini aytadi.

"Narxlar albatta oshadi. Sababi Qozog‘istonda bug‘doy bu yil kam. Aytilayotganidek 13 million ham chiqmasligi, 12 million tonna olinishi mumkin. Ikkinchidan, Rossiyada ham bug‘doy bu yil kam. Hozir bug‘doy savdosi bilan shug‘ullanuvchi Qozog‘iston davlat operatorlari bir tonni bug‘doyni 260 dollardan baholamoqda. Shimoldagi ushbu bug‘doyni janubiy chegaradagi O‘zbekistonda yetkazguncha yana 30 dollar qo‘shiladi. Sariog‘ochda bir tonna bug‘doyning narxi 300 dollar bo‘lishi mumkin", - deydi qozog‘istonlik ekspert.

Qozoq unining asosiy xaridorlaridan bo‘lmish O‘zbekistonda narxlar allaqachon ko‘tarila boshlagan.

Bir qop unning bahosi bir oyning ichida 20 dollardan 27 dollarga ko‘tarilgan.

Toshkentda pishiriq ishlab chiqaruvchi tadbirkorning bildirishicha, narxlarning oshishi savdoga o‘z ta‘sirini ko‘rsatgan.

"Mana shu oydan konkret oshdi. Masalan, 22 dollarlik un 27 dollar bo‘lib qoldi. Biroq mahsulotning narxini birdan oshirolmaymiz. Agar 30 foiz ko‘tarsak, xaridorlar birdan yo‘qoladi. Biz hozir mavsumni kutayapmiz. Yuz kilogram mahsulotga 30-40 kilogram un qo‘shamiz, shuning uchun boshqa maxsulotlar narxining oshmaganligi va shakar bahosining tushgani evaziga ozroq balans bo‘lib turibdi. Biroq bu baribir ham foydaga ta‘sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun mavsumni kutayapmiz. Mavsum kelishi bilan narxlarni ko‘taramiz. Chunki bozor shuni ko‘taradi”, - deydi toshkentlik tadbirkor.

O‘zbekiston narx-navolarning ko‘tarilishi ortidan Qozog‘istondan un sotib olishni kamaytirib, buning o‘rniga o‘zida qozoq bug‘doyini qayta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini bildirgan.

Qozog‘istonning "Kazax-Zerno" axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, O‘zbekiston shu yo‘l bilan ichki iste‘molini to‘liq qondirish bilan birga, un ishlab chiqarish ko‘lamini qo‘shni Afg‘onistonga eksport qilish darajasiga olib chiqmoqchi.

Qozog‘istonlik tahlilchi Sergey Bukatov O‘zbekistonning qozoq uni o‘rniga bug‘doyni sotib olish qarorini respublikada un ishlab chiqarish sanoati rivojlanayotgani bilan izohlaydi.

"Bu O‘zbekistonda un ishlab chiqarish rivojlanayotganidan darak beradi. Un olib kelgandan ko‘ra u yerda bug‘doyni un qilish foydaliroq. Birinchidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Ikkinchidan un ishlab chiqarish, Qozog‘istondan tayyor unni olib kelgandan ko‘ra arzonga tushadi. O‘zbekiston un ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish uchun ham bug‘doy sotib olishni afzal biladi. O‘zbekiston sifatsiz bo‘lsa ham o‘zi bug‘doy yetishtiradi. Va qozoq bug‘doyi bilan uni aralashtirgan holda un ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi", - deydi qozog‘istonlik tahlilchi Sergey Bukatov.

Qozoq unining eng old xaridori O‘zbekiston hisoblangan va yiliga o‘rtacha 1 million tonna atrofida un sotib olgan.

O‘zining oliysifat uni bilan tilga tushgan Qozog‘iston esa, shu oy boshida o‘zining bug‘doy eksport qilish salohiyatini kuchaytirish uchun yangi davlat g‘alla shirkati barpo etish rejasini izhor etgandi.

Qozog‘iston bug‘doy eksporti bo‘yicha jahondagi beshta yirik davlatdan biri sanaladi va har yili 20 million tonnadan ko‘proq hosil ko‘taradi.

Ammo dunyo ummon yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqolmagani bois, bug‘doyini bozor narxida eksport qilish borasida har doim muammolarga duch keladi.

Shu sababdan ham, Qozog‘iston bug‘doyining asosiy xaridorlari bu janubiy qo‘shnilari - O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bo‘lib turibdi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.