BBC navigation

PKK bilan janglarda o‘n nafar turk askari halok bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 14:35 GMT

Turkiya armiyasi va kurd isyonchilari o‘rtasidagi janglar oxirgi oylarda yana kuchaydi

Turkiya rasmiy manbalari tarqatgan xabarga ko‘ra, mamlakat janubi-sharqidagi Shirnoq viloyatida kurd isyonchilari bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda 10 nafar turk askari o‘ldirilgan.

Suriya va Iroq chegaralariga yaqin hududda yuz bergan to‘qnashuvda shuningdek 20ga yaqin kurd jangarisi halok etilgan, deb aytgan Shirnoq hokimi Vahdetdin O‘zkan.

Yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi boshlangan janglar hozirda ham davom etmoqda.

Turkiya armiyasi va kurdlar mustaqilligini talab qilayotgan Kurdiston Ishchilar Partiyasi (PKK) isyonchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar mintaqada oxirgi bir yilda kuchaydi.

Turk ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, yakshanba kechasi avtomatlar va granatamyotlar bilan qurollangan isyonchilar Beytushshebap shahri yaqinidagi politsiya va harbiylar qarorgohiga hujum qilganlar.

To‘qqiz nafar xavfsizlik xodimi halok etilgan, yana bir nafari shifoxonada olamdan o‘tgan, deya xabar beradi mahalliy matbuot.

Janglarda yana yetti nafar inson yaralangan.

Sabablardan biri - Suriya

Shirnoq hokimi so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar mamlakat janubi-g‘arbidagi bir necha tekshirish nuqtasiga bir vaqtning o‘zida hujum qilganlar, deya xabar beradi "Anado‘li" davlat axborot agentligi.

Vahdetdin O‘zkanning ilova qilishicha, hujumlarga javoban Turkiya armiyasi keng ko‘lamli amaliyotni boshlagan.

PKK Kurdiston davlatini qurish uchun 1984 yilda partizanlar kurashini boshlagan edi. Dastlab Marksizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ta‘limotga asoslangan PKK Turkiya, Iroq, Suriya va Eron hududlarida Kurdiston mamlakatini barpo etishni maqsad qilgandi.

1999-yilda PKK rahbari Abdulla O‘jalan hibsga olinishi ortidan partiya rasman Marks g‘oyalaridan voz kechdi va ko‘proq madaniy muxtoriyat va til huquqlari haqida gapira boshladi.

Qurolli to‘qnashuvlarning oxirgi oylarda kuchayishini tahlilchilar Suriyadagi tartibsizliklarga bog‘lashadi.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi PKKni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi.

Anqara Suriyani PKKga dastak berishda ayblaydi.

Bir oy muqaddam kurd isyonchilari Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Hakkari viloyatida armiya postini raketa hujumiga tutishdi.

Yaqinda rasmiy Anqara PKKni G‘aziantep shahrida portlashni sodir etishda aybladi. Portlash natijasida to‘rt bola doxil 10 inson halok bo‘lgandi. Biroq PKK mazkur hujumga aloqasi yo‘qligini aytadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.